Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:34

O‘zbekistonda “Shevrolet Cobalt” avtomobili qimmatladi


“GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasi ishlab chiqaradigan Shevrolet Cobalt avtomobili.
“GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasi ishlab chiqaradigan Shevrolet Cobalt avtomobili.
“GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasi ishlab chiqaradigan Shevrolet Cobalt avtomobili narxi ko‘tarildi. Shu munosabat bilan avtomobilni olish uchun oldindan pul to‘lab qo‘ygan mijozlardan qo‘shimcha haq to‘lash talab qilinmoqda.

Bundan tashqari, so‘nggi oylarda milliy valyutada sotilgan yangi avtoulov uchun mablag‘ endilikda yana dollarda qabul qilinmoqda.

“34 milliondan 51 millionga chiqdi”


Joriy yil 5 sentyabr kuni Toshkentda Shevrolet Cobalt avtomobili rasman taqdim etilgan edi. Taqdimot ortidan yangi avtoulovning to‘rt pozitsiyasi – 27 million, 29,5 million, 32,7 million va 34 million so‘mdan sotuvga qo‘yilgan. Endilikda esa yangi avtoulov 17-18 million so‘mga qimmatlagani ma‘lum bo‘ldi.

– Lyuks, avtomat korobkali “Cobalt”ga 34 million so‘mdan 85 protsentini to‘lab qo‘ygandim. Bu to‘rtinchi pozitsiya hisoblanadi. O‘n kuncha bo‘ldi, avtosalondan chaqirishdi, 34 milliondan 51 million 660 ming so‘mga chiqibdi. 18 milliondan oshiqroq qo‘shilgan-da. To‘ladim. Xudo xohlasa, noyabr boshida olasiz mashinani deb va‘da berishdi,– deydi toshkentlik Javohir.

Shevrolet Cobalt bahosi ko‘tarilganini Toshkentdagi “Rohat” avtosaloni xodimasi ham tasdiqladi.

– Uchinchi pozitsiya 50 million 158 ming so‘mga, to‘rtinchi pozitsiya 51 million 660 ming so‘mga chiqdi. Birinchi va ikkinchi pozitsiyalarni so‘mda sotish to‘xtatildi. Hozir ularni 14200 va 16400 AQSh dollaridan olishingiz mumkin,– deydi “Rohat” avtosaloni xodimasi.

Avtosalon vakiliga ko‘ra, joriy yil uchun ularga ajratilgan limit tugagan va ayni paytda pul to‘layotgan mijozlarga mashina kelgusi yilning birinchi yoki ikkinchi choragida tegadi.

Sergeli tumanidagi “Toshkent Motors” avtosaloni ham asosan birinchi va ikkinchi pozitsiya uchun pul qabul qilmoqda.

– Hozircha sotuvda “Cobalt”ning uchinchi va to‘rtinchi pozitsiyasi yo‘q. Lekin birinchi va ikkinchi pozitsiya uchun bemalol pul to‘lash mumkin. Kontrakt bo‘yicha maksimum keyingi yil yakunigacha qo‘lga tegadi. Endi, yil oxirigacha deyilgani bilan undan oldin ham bo‘lishi mumkin,– deydi “Toshkent Motors” avtosaloni vakili.

“Mashinani ko‘rmadik, lekin salonga yaqinda kelib qoladi”


Yakkasaroy tumanidagi “DEU markazi” avtosaloni esa Shevrolet Cobalt mashinasining barcha pozitsiyalari uchun pul qabul qilmoqda.

– Faqat birinchi, ikkinchi pozitsiyaga dollarda to‘lanadi. 15300 va 16400dan. Qolgani – so‘mda. Masalan, siz to‘rtinchi pozitsiya, oq ranglisini olmoqchisiz, a? Bugun pul to‘lasangiz, 2013 yil mart oylarida mashina keladi,– deydi “DEU markazi” avtosaloni xodimi.

“DEU markazi” vakiliga ko‘ra, fuqarolardan pul qabul qilish davom etyapti, lekin hozircha birorta mijoz ulardan avtomobilni olganicha yo‘q.

– Boshqa avtosalonlarda bilmadim, lekin, to‘g‘risi, biz hali Shevrolet Cobaltni ko‘rmadik. Shuning uchun, ko‘rmasdan u haqda bir narsa aytish qiyin,– deydi avtosalon xodimi.

“O‘zimizning mashinani birinchi o‘zimiz haydasak”


Sentyabr oyida Shevrolet Cobalt 2013 yildan Rossiyaga eksport qilinishi haqida xabar tarqaldi. Ayni paytda navbatda turgan o‘zbekistonlik mijozlar, tabiiyki, yangi mashinaning dastavval o‘zlari haydashga orzumand.

– “Cobalt” Rossiyagayam sotiladi degan gapni eshitdim. Chetga sotish kerak, lekin o‘zimizning mashinani birinchi o‘zimiz haydasak yaxshi-da,– deb orzusini yashirmaydi toshkentlik Javohir.

“O‘zavtosanoat” shirkatining mahalliy matbuotga ma‘lum qilishicha, Chevrolet Cobalt modeli yil oxirigicha ichki bozorda sotiladi. Kelgusi yildan mahsulot ishlab chiqarish hajmi yiliga 120 mingdan oshadi. Bundan 50 foizini eksport qilish rejalashtirilgan.

Chevrolet Cobalt avtomobili “rivojlanayotgan bozor uchun maxsus ishlab chiqarilgan yangi model” deb ta‘riflangan.

Lekin AQShning General Motors shirkati Shevrolet Cobalt modelini 2004 yilda taqdim etgani ma‘lum. 2009 yilda bu model o‘rnini Chevrolet Cruze egallagan. 2012 yildan Shevrolet Cobalt “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarila boshladi.

Avtoulov, hujjatlarida aytilishicha, 100 kilometrga taxminan 6,2 litr yoqilg‘i sarflaydi. Iqtisodiy tahlilchilarga ko‘ra, “GM Uzbekistan” shirkati avtomobillari yiliga o‘rtacha 15 foizga qimmatlaydi. Odatda, avtomobil bahosi oshishi sababini “O‘zavtoyo‘l” idorasi ham, “GM Uzbekistan” shirkati ham rasman izohlamaydi.
XS
SM
MD
LG