Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:19

Coca-Cola Uzbekistan ishlab chiqarishni to‘xtatgani aytilmoqda


O‘zbekistonda Coca-Cola ichimliklari sotuvga chiqmayapti. Mamlakatning salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyasi vakillari mamlakat bozorida o‘z mahsulotlari sotilmayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni inkor qilmoqda. Ayni paytda, o‘zbekistonlik do‘kondorlar Coca-Cola Uzbekistan mahsulotlarini bir haftadan beri ololmayotganlarini aytishmoqda.

Coca-Cola Uzbekistan mahsulotlari tanqis bo‘lib qolgani haqida Ozodlik o‘tgan hafta xabar qilgan edi.

Bugunga kelib mamlakatning aksar do‘konlari, jumladan yirik supermarketlar peshtaxtalaridan Coca-Cola ichimliklari yo‘qolgani aytilmoqda.

Toshkentdagi “Ardus” supermarketi ta‘minot bo‘limi mutasaddilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda, O‘zbekiston prezidenti qizi Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytiladigan Coca-Cola Uzbekistan korxonasi mahsulotlarini yetkazib berish to‘xtaganiga bir haftadan oshib qolganini ma‘lum qildi.

- Bir hafta, 10 kun bo‘ldi. Yo‘q, Coca-Cola hozir yo‘q. Shishalisi ham yo‘q, baklashkalisi ham yo‘q. Mijozlarga buning o‘rniga Pepsi taklif qilyapmiz, dedi savdo xodimi.

Toshkentning “Korzinka” supermarketi xodimi ham bir haftadan oshiqroq vaqtdan beri Coca-Cola Uzbekistan mahsulotlarining sotuvga chiqarilmayotgani korxona sanitariya sabablari bilan vaqtincha yopilgani bilan izohlanayotganini ta‘kidladi.

- Sanitarniy, deyishayaptida. Bir hafta, 10 kun bo‘lsa kerak. Kamayib ketgan. Asosan, soklar sotayapmiz hozir. Endi kelib qolsa kerak. Xudo xohlasa, ochilsa, dedi “Korzinka” do‘koni vakili.

Ayni paytda, viloyatlarda ham Coca-Cola ichimliklari yo‘qolib qolgani aytilmoqda. Samarqanddagi “Farovon” supermarketining shaxsi sir qolishini istagan xodimi, Ozodlikka: “Hozir faqat Pepsi sotilyapti, Coca-Cola zavodi to‘xtab qolibdi. Coca-Cola hozir bir-ikkita do‘konda omborda qolib ketgan bo‘lsa, topish mumkin xolos”, deya ma‘lum qildi.

Coca-Cola Uzbekistan shirkati mutasaddilari savdo xolimlari so‘zlarini inkor qilmoqda. Shirkatning o‘zini tanishtirishni istamagan xodimi mahsulotlar sotuvga chiqmayotgani sababini rasmiy distribyutorlardan so‘rashimizni maslahat qildi.

- Buning hech qanday sababi yo‘q, biz ishlayapmiz, butilka va baklajkalarda ishlab chiqarish to‘xtagani yo‘q. Mahsulotlarni bozorga chiqarish bilan ikki yildan beri distribyutorlar shug‘ullanmoqda. Ular bizdan olib do‘konlarga tarqatishadi. Ular bizdan olgan mahsulotni qanday tarqatishidan esa bizning xabarimiz yo‘q,- dedi Coca-Cola Uzbekistan xodimi.

Lekin, suhbatdoshimiz Coca-Cola ichimliklarini bozorga chiqarish bilan shug‘ullanadigan distribyutor firmalar nomlarini oshkor qilishdan bosh tortdi.

Ayni paytda, Coca-Cola Uzbekistan korxonasida ishlab chiqarish to‘xtatilganini raqib brend Pepsico mahsulotlarini tarqatish bilan shug‘ullanadigan distribyutorlik firmasi vakillari tasdiqlashdi.

- Coca-Cola vaqtinchalik to‘xtab turibdiyu. Bilib bo‘lmaydi, remontga to‘xtagan bo‘lishi mumkin. Nimaga to‘xtagani haqida informatsiya yo‘q aka. Bizda faqat Pepsi, aka,- dedi firmasi nomi va o‘z shaxsi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz.

Coca-Cola Uzbekistan shirkati Gulnora Karimovaning sobiq eri AQSh fuqarosi asli afg‘onistonlik o‘zbeklardan bo‘lgan Mansur Maqsudiy oilasi tomonidan 1994 yilda Toshkentda tashkil qilingan.

2001 yilda O‘zbekiston prezidentining qizi Maqsudiydan ajrashgach, Gulnora Karimova sobiq erining o‘sha paytda 60 million AQSh dollariga baholangan Coca-Cola Uzbekistan korxonasini tortib olgani aytiladi.

Coca-Cola Uzbekistan shirkati nomi hozirda Shveytsariya va Shvetsiyada tergov qilinayotgan va Gulnora Karimova shaxsiga aloqadorligi gumon qilinayotgan yirik moliyaviy jinoyatlar munosabati bilan ham tilga olinmoqda.

Pul yuvish va poraxo‘rlik jinoyatlarida ayblanayotgan asosiy figurantlar Alisher Ergashev va Shoxrux Sobirov Coca-Cola Uzbekistan shirkatida boshqaruv lavozimlarida ishlashi aytiladi.

Ba‘zi tasdiqlanmagan ma‘lumotlarda Pepsico shirkatining O‘zbekistondagi rasmiy vakili hisoblangan “International Beverages Tashkent” shirkatini ham Gulnora Karimova nazorat qilishi aytiladi.

Toshkentning sirg‘ali tumanida ishlab chiqarish korxonasi borligi aytiladigan “International Beverages Tashkent” firmasining vakillari bu ma‘lumotni na tasdiqladi, na inkor qildi.
XS
SM
MD
LG