Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:57

Kapitalbank xorijdan borgan pul jo‘natmasidan xizmat haqi olayapti


O‘zbekistondagi Kapitalbank hissadorlik-tijorat banki xorijdan borayotgan pul o‘tkazmalariga to‘lov joriy qildi. 1 iyundan xorijdan Kapitalbank orqali O‘zbekistonga yuborilgan 300 dollargacha pul jo‘natmasi uchun 3 dollar, undan ortig‘iga esa besh dollar xizmat haqi olinyapti. Bunaqa to‘lov hozircha faqat Kapitalbankda paydo bo‘lgani aytilmoqda.

Janubiy Koreya va Rossiyadan Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilgan o‘zbekistonliklar shu kunlarda O‘zbekistondagi Kapitalbank xorijdan jo‘natilgan har yuz dollardan bir dollar xizmat haqi olib qolayotgani haqida xabar berdi.

Jumladan, Janubiy Koreyada ishlayotgan Rustam Hayitboyev Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida yashovchi oila-a‘zolariga 3 iyun kuni Western Union orqali 800 AQSh dollari miqdorida pul o‘tkazgani, ammo, Kapitalbank 8 dollar xizmat haqi olib qolganini aytdi.

- Misol uchun, men har gal pul chiqarganimda hamma harajatlarini to‘lab chiqaryapman. O‘zbekiston oldin muammosiz olar edi. Kechadan boshlab Kapitalbank 8 dollar olib qolamiz, debdi. Bir yildan beri shunday jo‘natamiz. Hech qanaqa muammo bo‘lmagan edi. Endi qanaqa qilib pul jo‘natish kerakligiga bosh qotib qoldi, dedi Janubiy Koreyada ishlayotgan Rustam Hayitboyev.

Unga ko‘ra, Amudaryo tumanidagi Kapitalbank xodimlari 8 dollar olib qolingani sababini joriy etilgan yangi tarif va ta‘minlash ishlari uchun, deb izohlagan.

- Bankda ayolimning qo‘liga qog‘oz beribdi. “Nima uchun pul olishganini bildingmi?” desam: “Remont uchun. Hozir shunaqa qonun chiqdi, 8 dollardan olamiz”, deb javob berishibdi. Yuz dolarga bir dollar, dedi Rustam Hayitboyev.

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida mehnat qilayotgan Fayzullo aka Samarqand shahridagi oilasiga pul jo‘natgani, ammo, Kapitalbank xodimlari har yuz dollarga bir dollar haq to‘lash kerakligini aytganidan keyin yaqinlari pulni olmaganini aytdi.

- “Yangi qonun. Misol uchun 300 dollar yuborsa, 3 dollar, 1000 dollar yuborsa, 10 dollar olib, keyin pulingizni beramiz”, deyishgan. Uyimdagilar Xalq bankidan olayapti, dedi Sankt-Peterburg shahridagi o‘zbekistonlik mehnat muhojiri.

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Kapitalbankning Toshkentdagi idorasiga bog‘landik.

Telefon go‘shagini ko‘targan bank xodim Kapitalbank rahbariyati xorijiy transaktsiyalar uchun yangi tariflar joriy qilganini tasdiqladi.

Ammo, xizmat haqi besh dollardan oshmasligini urg‘uladi.

- Noldan 300 gacha uch dollar, 301 dan yuqori summaga besh dollar to‘lanadi, dedi bank xodimi.

Kapitalbankning Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan boshqa xodimi bu tartib 1 iyundan joriy qilingani va boshqa banklarda bunday to‘lov turi hozircha yo‘qligini ta‘kidladi.

- 1 iyundan shunaqa qilindi. Bu bankimizning tarifi. Olayotgan odam pul to‘laydi. Faqat bizani bankda shunday. Masalan, men buni xohlamayman, desangiz bu majburiy emas. Agar bu yoqmasa, boshqa bankka borishingiz mumkin. Biz sizni majburlayotganimiz yo‘q. Har bitta bankda o‘zining qonun-qoidasi bor, dedi o‘zini tanishtirmagan Kapitalbank xodimi.

U yangi tarif joriy qilinganini xalqaro pul o‘tkazmalariga xizmat ko‘rsatish qimmatga tushayotgani bilan izohladi.

- Hozir transaktsiyamiz sal qimmatga tushyapti. Mijozlarga xizmat ko‘rsatish qimmatga tushyapti, tushunyapsizmi? Pul o‘tkazmalaridan bizga ko‘p pul berilmaydi. Bu bizning bank xizmat ko‘rsatgani uchun bo‘lyapti. Denejniy perevodniki emas. Agar kliyent xohlamasa, bu majburiy emas, bemalol boshqa bankka borib olishingiz mumkin, dedi bank xodimi.

Toshkentdagi Kapitalbank xodimi xalqaro pul o‘tkazmalari uchun to‘lov joriy qilingani O‘zbekiston qonunlariga zid kelmasligini, bank o‘z vaziyatidan kelib chiqqan holda shunday qaror qabul qilinganini ham qo‘shimcha qildi.

Rossiya Markaziy Bankining ma‘lum qilishicha, 2012 yilda o‘zbekistonliklar vatanlariga pul jo‘natishda MDHda birinchi o‘ringa chiqqan.

Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar uyiga jo‘natgan pul miqdori o‘tgan yili jami 6 milliard 241 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Rossiyadagi mehnat muhojirlari O‘zbekistonga pul jo‘natishda, asosan, Western Union, MIGOM, Contact, Bыstraya pochta, MoneyGram, Unistream, Zolotaya Korona, AziyaEkspress kabi pul o‘tkazish xizmatlaridan foydalanadilar.
XS
SM
MD
LG