Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:50

O‘zbekiston Jahon chempionatiga chiqa oladimi?


Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi seshanba kuni Seulda Janubiy Koreya komandasiga 1:0 hisobida yutqazdi. Mag‘lubiyatdan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqishi oxirgi saralash o‘yinda g‘alabaga erishishi hamda Janubiy Koreya-Eron jamoalari o‘yini natijasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.


Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 11 iyun kuni Janubiy Koreyani yutsa, 2014 yil Braziliyada bo‘ladigan Jahon chempionati muddatidan oldin yo‘llanma olishi mumkin edi. Lekin o‘yin o‘zbek ishqibozlari kutgan natijani bermadi. O‘zbek futbolchilari koreyslarga 1:0 hisobida yutqazib qo‘ydi.

Ayni paytda, A guruhidagi Eron milliy terma jamoasi 11 iyun kuni o‘z maydonida Livan terma jamoasini 4:0 hisobida mag‘lub etdi.

Seshanba kungi o‘yinlardan so‘ng A guruhida terma jamoalar quyidagi o‘rinlarni egalladi.

Jamoalar o‘yinlar ochkolar
1 Janubiy Koreya 7 14
2 Eron 7 13
3 O‘zbekiston 7 11
4 Qatar 7 7
5 Livan 8 5

O‘zbekiston terma jamoasining hali ham Braziliyaga yo‘llanma olish imkonlari saqlanib qolmoqda.

O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiysi Vadim Abramov Ozodlik bilan suhbatda bu imkoniyatga oid kombinatsiyani sharhlab berdi.

“O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati final o‘yinlariga chiqishini kafolatlash uchun terma jamoamiz Qatar jamoasini 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishi shart”, deydi Abramov.

O‘zbekiston jamoasining imkoniyati ko‘p jihatdan Janubiy Koreya bilan Eron terma jamoalari o‘yini natijalariga ham bog‘liqdir.

1. Agar Janubiy Koreya Eronni yutsa, biz Qatarni yutishimiz yetarli bo‘ladi.

2. Agar Koreya yutqazsa, biz Qatarni 6:0 hisobida yutishimiz kerak bo‘ladi.

3. Agar Janubiy Koreya Eron bilan durang o‘ynasa, O‘zbekiston Qatarni 4:0 hisobida yutishi kerak.

4. O‘zbekiston-Qatar terma jamoalari bellashuvi durang natija bilan tugasa, O‘zbekiston terma jamoasi pleyoff o‘yinlarida ishtirok etishiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati saralash o‘yinlarining oxirgisini 18 iyun kuni Toshkentda Qatar terma jamoasi bilan o‘tkazadi.

Shu kuni Janubiy Koreya terma jamoasi Seulda Eron terma jamoasiga mezbonlik qiladi.

O‘zbekiston terma jamoasining Janubiy Koreyadagi mag‘lubiyati millionlab futbol fanatlari xafsalasini pir qildi.

Koreys yigitga turmushga chiqib Seulda yashayotgan o‘zbekistonlik ayol Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilib, 6 yashar qizi O‘zbekiston terma jamaosi mag‘lubiyatidan xafa bo‘lib yig‘lagani va otasidan arazlaganini aytdi.

Ayni paytda, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari mamlakat milliy terma jamoasi 18 iyun kuni Qatar ustidan g‘alaba qozonib, Braziliyada bo‘ladigan jahon chempionati o‘yinlarida ishtirok eta olishiga umid qilmoqda.

Futbol bo‘yicha mutaxassis Bahodir Nosirov Ozodlik bilan suhbatda shogirdlari va farzandlari O‘zbekiston yutsa, Braziliyaga bilet olib berishni va‘da qilganlarini aytdi.

- O‘zbekiston ishqibozlari bittasi ham umidini uzmadi hali. Xudo xohlasa, Braziliyaga boramiz, deb yurishibdi. Kechagi o‘yindan keyin shashlikxonaga borib o‘tirdik. U yerda hammma 18 iyunda O‘zbekiston yutadi, deyishdi. Hech kim umidini yo‘qotmagan. O‘zimning shogirdlarim, bolalarim, yaxshi niyat qiling, O‘zbekiston Braziliyaga chiqsa, Siz borib birinchi qatorda futbol ko‘rasiz, deb menga bilet olib berishdi, deydi Bahodir Nosirov.
XS
SM
MD
LG