Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:14

Duma deputatlari nosni narkotikka tenglashtirmoqchi


Davlat Dumasining ayrim deputatlari nosvoyni narkotik modda deb tan olinishini qonuniylashtirmoqchi. Muhojirlar ortidan Rossiyaga kirib kelayotgan tamaki bu turining mahalliy yoshlar orasida ommaviylashib borayotgani aytilmoqda.

Nos – yengil narkotik moddasimi?


Rossiya parlamentining quyi palatasi bir guruh a‘zolari nosvoy savdosi uchun jinoiy javobgarlik kiritish tashabbusi bilan hukumatga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.

Deputatlar nosning narkotik modda sifatida tan olinishi va uni shunchaki tamaki emasligini isbotlab berish niyatini bildirmoqda.

G‘oya muallifi “Yedinaya Rossiya” partiyasi vakili Aleksandr Sidyakin¸ asosan¸ Markaziy Osiyodan keltirilayotgan nosning organizmga psixotrop va kimyoviy ta‘sirga ega ekanini isbotlash maqsadida Narkotiklar ayirboshlashini nazorat qilish federal xizmati rahbari Viktor Ivanov va Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokoltsev nomiga so‘rovnoma yuborganini ma‘lum qildi:

- Biz tegishli tashkilotlardan javobni olib, hukumat rahbari nomiga tashabbuskor guruh nomidan maxsus xat yo‘llaymiz. Men nosvoyning Rossiyada tarqalishiga huquq-tartibot idoralarining qarshilik ko‘rsata olmayotganidan taajublanib qoldim, deydi nos sotish taqiqlangan bo‘lsada, buning uchun jinoiy javobgarlik yo‘qligini jurnalistlarga bildirgan deputat Aleksandr Sidyakin.

Parlament a‘zosi fikricha, mehnat muhojirlari tomonidan olib kirilayotgan nosga¸ ayniqsa¸ yoshlar o‘rganib qolmoqda, uning ishlab chiqarilishi esa sanitariya va mavjud boshqa normalarga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Sidyakin uning nosga qarshi kurashini boshqa qator fraktsiya a‘zolari qo‘llab-quvvatlayotganini qo‘shimcha qildi.

“Bu tashabbus parlament muhokamasidan o‘tmaydi!”


Biroq, Rossiya Davlat Dumasining Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi Sergey Kalashnikov Ozodlik muxbiri bilan suhbatda nos Rossiyada “engil narkotik” deb tan olinmasligiga ishonishi va Sidyakin guruhi tashabbusi parlament muhokamasidan o‘tmasligini gapiradi:

- Menimcha, bu o‘tmaydi. Bu shunchaki ayrim deputatlarning piari, o‘zini tanitish usuli. Bu juda munozarali masala va men u qabul qilinmaydi, deb o‘ylayman. Nos bizga ittifoqdosh Qozog‘istonda milliy urf bo‘lganidan keyin, unga qarshi kurashni qanday tasavvur qilasiz?! Qozog‘iston bilan chegaramiz ochiq: u yerda bu narkotik emas, bizda narkotik bo‘ladimi? Mutaxassislar bilan gaplashganimda, uning tarkibida so‘ndirilgan ohakdan qolgani oddiy axlat ekan. Bu narkotik emas: u na jismoniy, na ruhiy bog‘liqlikka olib keladi, deya munosabat bildirdi Duma deputati Sergey Kalashnikov.

Ta‘kidlash joyizki, 2013 yilning 1 iyunidan Rossiyada kuchga kirgan “tamakiga qarshi qonun"ga binoan, sigaret sotilishi va iste‘mol qilinishiga cheklov joriy qilinishi bilan birga, mamlakatda nos sotishga taqiq qo‘yildi.

Rossiyada nos sotish mavsumi avjida


Rossiya shaharlaridan birida nos sotadigan o‘zbek muhojirlari dan biri Ozodlik bilan suhbatda Rossiyada nos savdosiga taqiq qo‘yilganini endi eshitayotganini gapiradi:

- Ha, biz nos sotamiz! Biz optom bilan ham olib sotayapmizku. Moskvadan olib kelib sotyapmiz – hozircha jimjitlik. Moskvada Tyopliy Standa kilosi 170 rubl bemalol sotib o‘tiribdi. Hozir telefon qilsam – hozir jo‘natadi! Tojikistondan olib yotibmiz, uzilgani yo‘q bir kun ham- tonna-tonna turibdi! Biz o‘zimizning Andijonning dumaloq nosini, keyin tojiklarning poroshok nosidan sotayapmiz. Nos topish umuman muammo emas Rossiyada! Mana, Sverdlovskning rayonlaridan birida o‘rtoqlarim ishlab chiqaryapti 120 rubldan, deydi ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan suhbatdoshimiz.

Nosfurush yigitning aytishicha, hozir Rossiyada nos sotishning ayni sezoni, chunki uni asosan o‘zbek-tojik mehnat muhojirlari iste‘mol qiladi:

- Bir kunda 100-200 paket nos sotvorayapmiz. Paketigi 10 rubldan. Kuniga 2-4 kilo ketib qoladi. O‘rislardan sportsmen bolalar olyapti, zaldagilar. “Sigaret chekish mumkin emas”, deydi. Mana bizdagi futbol komandani 6 hujumchisi kelib nos olib ketadi. Keyin, hammaga emas, faqat kliyentlarimizga sotaman, deydi o‘zbekistonlik savdogar.

Nosni biroz bo‘lsada cheklash tashabbusi Markaziy Osiyo davlatlari parlament deputatlari tomonidan ham ko‘tarib chiqilganini aytib o‘tish zarur.

2010 yilda Tojikistonda nos va tamaki mahsulotlari savdosi va iste‘mol qilinishini cheklovchi qonun qabul qilindi; Qirg‘izistonda “Ata Meken” partiyasi deputatlarining nos sotish va ishlab chiqarishga vaqtinchalik taqiq qo‘yish taklifi qabul qilinmadi; O‘zbekistonda 2011 yildan aviayo‘lovchilarga nos olib o‘tish taqiqlandi.

Ammo asosiy nos ishlab chiqaruvchi va iste‘mol qiluvchi bu mamlakatlarning birortasida hozircha tamaki mahsulotining bu turini umuman yo‘q qilish masalasi hatto ko‘rilayotgani ham yo‘q.

Nos marhum prezident Saparmurot Niyozov qarori bilan Turkmanistondagina rasman taqiqlangan.
XS
SM
MD
LG