Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:52

Otishmada jarohatlangan ikkinchi chegarachi vafot etdi


Namangan viloyati Uychi tumanining qo‘shni Qirg‘izistonning Axsi tumaniga tutash chegara hududida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida sodir bo‘lgan otishmada jarohatlangan ikkinchi askar Turg‘un Jo‘rayev ham vafot etdi. Uychi tumani hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, tuman hokimi va boshqa rasmiylar intsident sabablarini voqea joyida o‘rganmoqda.

Namangan viloyatining Uychi tumani hokimligi hamda Markaziy shifoxonasidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, 23 iyul kuni ertalab chegarada sodir bo‘lgan otishmada jarohatlangan ikkinchi chegarachi ham vafot etgan.

Uychi tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi: “Ikkinchi askar kasalxonaga olib kelinganidan keyin o‘lgan, deb aytishdi bizga. Hozir hamma hokim ham, zamlar ham chegarada”, dedi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda.

Uychi tumani Markaziy shifoxonasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, shifoxonaga keltirilgan ikkinchi askar o‘ta og‘ir jarohatlar bilan yotqizilgan va tezkor tarzda jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilgan.

"Reanimatsiya bo‘limida operatsiya bo‘lganidan keyin o‘lgan, dedilar do‘xtir. Birinchisi 1982 yilda tug‘ilgan Tolipov Ravshan, o‘sha joyda o‘lgan, chegarada. Ikkinchisi 1992 yilda tug‘ilgan Jo‘rayev Turg‘un, u operatsiya bo‘lganidan keyin o‘lgan", dedi Markaziy shifoxonaning navbatchi hamshirasi.

Ozodlik muxbiri Uychi tumani hokimligining intsident yuzasidan ish olib borayotgan rahbarlari bilan ham bog‘lanishga urindi. Ammo Ozodlikka taqdim qilingan telefon raqamlari orqali mutasaddilar bilan bog‘lanishga hozircha muvaffaq bo‘linmadi.

23 iyul kuni ertalab o‘zbek-qirg‘iz chegarasida otishma bo‘lgani va unda qirg‘iz askarlari o‘qidan bir o‘zbek askarining o‘lgani haqida birinchi bo‘lib Qirg‘iziston Chegarani qo‘riqlash xizmati rasmiy bayonot tarqatgan edi.

Ushbu bayonotda voqeaning 23 iyulь kuni ertalab soat 10 dan 25 daqiqa o‘tganda Jalolobod viloyati Axsi tumanining Jetizagara, deb ataluvchi hududida sodir bo‘lgani aytildi.

Qirg‘iz tomoni o‘z bayonotida O‘zbekistonning ikki chegarachisi Qirg‘iziston hududiga noqonuniy tarzda kirib borgani va qirg‘iz chegarachilarining ortga qaytish talabini bajarmasdan, aksincha, qirg‘iz tomoniga birinchi bo‘lib o‘q uzganini iddao qilgan.

Natijada qirg‘iz chegarachilari javob tarzida o‘q uzishga majbur qolgani aytilgan.

Ammo kunning ikkinchi yarmiga o‘tib o‘zbek tilidagi qator internet nashrlarida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi bu voqea yuzasidan bayonot tarqatgani xabar qilindi.

Bu bayonotda Qirg‘iziston bilan chegarada sodir bo‘lgan otishma uchun mas‘uliyat Qirg‘iziston chegarachilari zimmasiga yuklangan.

Jumladan, 12news.uz saytining "O‘zbekiston MXX davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi bayonotiga tayanib" bergan xabarga ko‘ra, 23 iyul kuni ertalab soat 9 yarimda 4 qirg‘iz chegarachisi noqonuniy ravishda O‘zbekiston tomoniga o‘tgan.

Xabarga ko‘ra, "O‘zbekiston tomoni o‘zbek chegarachilari qirg‘iz chegarachilaridan o‘z davlati hududiga qaytishni so‘ragan, ammo qirg‘izistonlik chegarachilar bu talabga bo‘ysunmagan, aksincha, O‘zbekiston chegarachilariga qarata o‘q uzgan".

O‘zbekiston Davlat chegarlarini qo‘riqlash qo‘mitasi bayonotida "23 iyul kungi otishma natijasida kichik serjant R. Tolipov voqea joyida vafot etgani, yana bir chegarachi askar T. Jo‘rayev esa jarohat bilan Namangan viloyati Uychi tumani markaziy shifoxonasiga yotqizilgani" aytilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston MXX Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi o‘zbek-qirg‘iz chegarasining O‘zbekiston qismida sodir bo‘lgan bu voqea yuzasidan Qirg‘iziston hukumatidan tushuntiruv so‘ragani aytildi.

Ozodlik muxbiri bu bayonotga oid xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasiga bog‘lanishga urindi, ammo javob olishga hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

Ozodlik o‘zbek-qirg‘iz chegarasida sodir bo‘lgan navbatdagi intsidentga oid qo‘shimcha tafsilotlarni o‘rganishga urinmoqda, yangiliklarni Ozodlik saytida kuzatishda davom eting!
XS
SM
MD
LG