Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:13

Gemorragik bezgak Xo‘jaylida bir oila o‘limiga sabab bo‘ldi


Gemorragik bezgak kasalining¸ asosan¸ kana orqali zararlangan mol go‘shtidan odamlarga yuqishi aytilmoqda.
Gemorragik bezgak kasalining¸ asosan¸ kana orqali zararlangan mol go‘shtidan odamlarga yuqishi aytilmoqda.
Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida tarqalgan gemorragik bezgak kasalligi odamlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Ozodlik olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘nga yaqin odam bu kasallik qurboni bo‘lgan. Xo‘jaylida qoramol go‘shtidan kelib chiqadigan bu kasallikka qarshi kurashish uchun keng qamrovli profilaktik ishlar olib borilmoqda.

Ozodlik elektron pochtasiga kelgan bir-biridan mustaqil uchta maktubda, Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida gemorragik bezgak kasalligi tarqalgani va odamlar qurbon bo‘layotgani haqida aytiladi:

“Xo‘jaylida gemorragik lixoradka degan kasal tarqalibdi. Odamlar o‘layotgan ekan. Shu haqda xabar bersangiz”, deyiladi maktublarning birida.

Ozodlik bu voqeani o‘rganish jarayonida Xo‘jayli tumanida istiqomat qiladigan veterinar bilan bog‘landi. Ismi sir qolishini so‘ragan manbaga ko‘ra, haqiqatan ham bu kasallik tarqalgan va o‘lim bilan tugagan holatlar bor:

- Shunaqa kasal chiqqani rost. Yetti-sakkiz odam o‘lgan¸deyishayapti. Toshkentdan komissiya kelgan. MChSdan ham kelgan. Men yaxshi taniydigan, Olmazor ko‘chasida yashaydigan temiryo‘lchi Qorjovoy degan yigitning butun oilasi o‘lgan. Onasi, ikki bolasi va yana bir kichkina bola. Bir haftacha bo‘ldi, bu voqeaga. Bu kasallik qoramolning go‘shtidan tarqalgan, asosan qassoblar tarqatadi buni, dedi xo‘jaylilik veterinar.

Xo‘jayli tumani markaziy kasalxonasining o‘zini tanishtirmagan shifokori Ozodlik bilan suhbatda kasalxonada gemorragik bezgak bilan og‘rigan bemorlar borligini tasdiqladi:

- Hozir ancha kamaydi. O‘n minutlardan so‘ng qo‘ng‘iroq qiling, aniq ma‘lumot beraman, dedi kasalxona shifokori.

Biroq kasalxona shifokori o‘n minutdan so‘ng ham, bir soatdan so‘ng ham telefon go‘shagini olmadi.

Xo‘jayli tumanidagi Salomatlik markazining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda, gemorragik bezgak kasalligiga qarshi keng qamrovli profilaktik ishlar olib borilayotganini aytdi:

- Biz hozir bu kasallikning oldini olishga qaratilgan propaganda ishlarini qilayapmiz. Aholiga buklet tarqatayapmiz, bu kasallik haqida maqolalar chop etayapmiz, radiovstupleniye qilayapmiz, deydi markaz xodimi.

Mutaxassis gemorragik bezgak kasalligining kelib chiqish sabablari haqida ham to‘xtaldi:

- Bu kasallikning negizi kanaga borib taqaladi. Kana chaqqan hayvon kasallanmaydi, ya‘ni kasallik faqat uning qonida bo‘ladi. Bu kasallik qassoblarga yoki shu molning go‘shtini iste‘mol qilganlarga qon orqali yuqadi. Bu virus yuqqan odamning ichki qon tomirlari yoriladi va ichki a‘zolarni ishdan chiqaradi, dedi salomatlik markazi mutaxassisi.

Xo‘jaylida istiqomat qiladigan veterinar bergan xabarga ko‘ra, ayni paytda tumandagi qassobxonalarning aksariyati yopilgan va mol go‘shtlari jiddiy analiz qilingan qassobxonalargina ishlayapti. Uning aytishicha, bu kasallik Xo‘jaylida ilk bor uchramoqda.

Mutaxassislarning aytishlaricha, bu kasallikka chalingan odamning isitmasi ko‘tariladi va bemor qaltiray boshlaydi. Bosh qattiq og‘rib, bo‘g‘inlar va mushaklar zirqiraydi. Kasallikning boshlang‘ich davrida bemorning yuzi, bo‘yni va ko‘kragining tepa qismi qizara boshlaydi. Kasallik oldi olinmasa viruslar qon tomirlarini ishdan chiqaradi.

O‘tmishda Markaziy Osiyoda bir necha marta kuzatilgan Qrim-Kongo gemorragik bezgagi deb ataladigan bu yuqumli kasallikdan Tojikiston va Qozog‘istonda o‘lim holatlari qayd etilgan.

2009 yil iyun oyida Janubiy Qozog‘istonning Turkiston tumani shifoxonasida 23 yashar Shohida Ismoilova ikkinchi farzandini tuqqan edi. Tug‘ishdan keyin ikki hafta ichida Shohida Ismoilovaning o‘zi, uning chaqalog‘i, ularga qaragan uch nafar shifokor Qrim-Kongo gemorragik bezgagidan vafot etgan.

2007 yilda Tojikistonda 12 kishi ana shu kasallikka chalingan edi.
XS
SM
MD
LG