Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:47

Markaziy Osiyo: Do‘mboqlar va oriqlar


Markaziy Osiyo mintaqasida do‘mboq odamlar eng ko‘p istiqomat qiladigan mamlakat Qozog‘iston, eng kam istiqomat qiladigan mamlakat esa Tojikiston, deb topildi. Bu haqda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining 2013 yil uchun chiqargan hisobotida aytiladi.

Hisobotga muvofiq, ortiqcha vaznli kishilar Qozog‘iston aholisining 24,4 foizini (har to‘rt kishidan biri) tashkil qiladi.

O‘zbekistonda mazkur ko‘rsatkich 17,3 foizga teng. Bu mintaqa bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (18,4%) 1,1 foizga pastdir.

Hisobotda do‘mboqlar Qirg‘izistonda mamlakat aholisining 17,2 foizini, Turkmanistonda 14,3 foizini, Tojikistonda 9,9 foizini tashkil etishi qayd etilgan.

Ayni paytda Markaziy Osiyoda semirib ketayotgan kishilar ko‘payib borish tendentsiyasi kuzatilmoqda.

So‘nggi paytlarda jahon hamjamiyati semirish bilan bog‘liq kasalliklarni davolash uchun o‘ta ko‘p pul xarjlamoqda. Xususan, 2010 yilda buning uchun, BMT ma‘lumotlariga ko‘ra, 1,4 trillion dollar miqdorida mablag‘ sarflangan.

Semirish turli yoshda yuzaga keluvchi surunkali kasallik o‘laroq ko‘riladi. Inson badanida haddan ortiq yog‘ yig‘ilishi natijasida yuzaga kelgan semirish yurak xuruji, insult, arterial gipertenziya, xoletsistit, artrit, pankreatit kabi kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.

Semirish bilan bog‘liq muammoga turli mamlakatlarda hatto hukumatlar darajasida yechimlar izlanayapti. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida Dubay rasmiylari shaharliklarni ozishga oltin bilan rag‘batlantirmoqdalar. 16 avgust kuni yakuniga yetgan dasturga muvofiq, yo‘qotgan har bir kilosi uchun dubayliklarga 1 grammdan oltin (40 dollardan ko‘proq) va‘da qilingan. Birinchilikni olgan uch kishiga esa 20 ming dirhamlik (taqriban 5,5 ming dollar) oltin tangalar beriladi.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining 2013 yil uchun chiqargan hisobotida semirish bilan bir qatorda to‘yib ovqat yemaslik muammosiga ham to‘xtalingan. Bu holat ayniqsa kam ta‘minlangan oilalarda o‘sayotgan bolalarda ko‘p kuzatilib, ko‘p hollarda oshqozon og‘rishi va kamqonlikka olib keladi.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisobotiga muvofiq, O‘zbekistonda to‘yib ovqat yemayotgan bolalar miqdori 19,6 foizni tashkil qiladi. Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 17,5 foizga, Turkmanistonda 28,1 foizga, Qirg‘izistonda 18,1 foizga, Tojikistonda esa 39,2 foizga teng.

Hisobot mualliflari to‘yib ovqat yemaslik muammosini hal qilish xalqaro hamjamiyatning ustivor vazifasiga aylanishi lozim, deb hisoblaydilar.
XS
SM
MD
LG