Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:17

"Karimovning qayinsinglisi Turkiyada kamida $3000000 ga uy sotib oldi"


Istanbulda yangi qurilayotgan elit uylar
Istanbulda yangi qurilayotgan elit uylar
Islom Karimovning qayinsinglisi Tamara Sabirova Istambulning Qadiko‘y mavzeidan maydoni 496 kvadrat metrli elit kvartira sotib olganiga dalil bo‘lishi mumkin hujjat Inson huquqlari “O‘tyuraklar klubi” tomonidan e‘lon qilindi.

Tashkilot rahbari Ozodlik bilan suhbatda e‘lon qilingan hujjatning mutlaqo ishonchli ekanligini iddao qildi.

Tamara Sobirovaning Istambuldan uy sotib olgani to‘g‘risidagi xabar uning o‘g‘li Akbarali Abdullayevning moliyaviy jinoyatlarda ayblanib hibsga olingani to‘g‘risidagi xabarlar fonida paydo bo‘ldi.

“O‘tyuraklar klubi” e‘lon qilgan hujjatda keltirilgan ma‘lumotlarga qaraganda, Tamara Sobirova Istambulning Qadiko‘y mavzesi, Ja‘farog‘a (Caferag’a) mahallasidagi uylardan biridagi 496 kvadrat metrli, alohida ombori bor elit kvartirani joriy yilning 20 avgustida sotib olgan.

Tashkilot rahbari Mo‘tabar Tojiboyeva Ozodlikning e‘lon qilingan hujjatning naqadar ishonchli ekanligiga oid savoliga javob berar ekan, keyingi paytlarda Tamara Sobirovaning boshqa davlatlardan sotib olgan mulklari to‘g‘risida ma‘lumotlarni qo‘lga kiritgani, biroq ularga o‘z vaqtida shubha bilan yondoshganini ta‘kidlar ekan, bunday dedi:

- Bizni yolg‘onchiga chiqarish uchun qilinayotgan kampaniya bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim. Lekin 5-6 kun avval ishonchli manbamiz aynan Tamara Sobirova Turkiyadan shaxsiy mulk sotib olganini isbotlovchi hujjatni taqdim etib, bu hujjatning ishonchli ekanligiga kafolat berganidan keyin biz bu muhim hujjatni e‘lon qilishga qaror qildik, dedi qat‘iy ishonch bilan Mo‘tabar Tojiboyeva. U hujjatni jo‘natgan “ishonchli manba”ning kim ekanligini oshkor qilmadi.

Ozodlik “O‘tyuraklar klubi” rahbariga yana bir savol berdi.

- Tamara Sobirova har qanday boshqa puli bor erkin fuqaro singari dunyoning istagan mamlakatidan ko‘chmas mulk sotib olishga haqli. Buning nimasi yomon? Nima uchun Sobirovaning uy sotib olishi Siz uchun voqeaga aylandi?

- Bilasizmi, Siz biz e‘lon qilgan hujjatga e‘tibor bering. Sotib olgan mulki uchun davlatga to‘lagan badalining o‘zi 150 ming liradir. Ya‘ni O‘zbekistonda oddiy o‘zbek xalqi xor bo‘lib, millionlab o‘zbeklar boshqa mamlakatlarda qul bo‘lib yurgan bir paytda karimovlar oilasining hali u, hali bu mamlakatdan koshonalar sotib olayotgani to‘g‘risida har bir o‘zbek fuqarosi ma‘lumot olishga haqlidir, deb hisoblayman, dedi Mo‘tabar Tojiboyeva.

Ma‘lumotlarga qaraganda, Tamara Sobirova sotib olgani aytilayotganga o‘xshash elit kvartiralar narxi 3 million dollardan boshlanadi.

Ba‘zi ma‘lumotlarga qaraganda, Islom Karimovning qayinsinglisi Tamara Sobirova va uning o‘g‘li Akbarali Abdullayevlar Farg‘ona vodiysida qudratli shaxslar (bo‘lgan?). Ona-bola O‘zbekiston bo‘ylab “Osiyo” mehmonxonalar tarmog‘ini, Quvasoy tsement zavodini, “Farg‘onatekstil” aktsiyadorlik jamiyatini, Silver Silk fabrikasini, “Kvarts” aktsiyadorlik jamiyatini, o‘nlab savdo majmualarini nazorat qilgan.

Tamara Sobirovaning Istambuldan uy sotib olgani to‘g‘risidagi xabar uning o‘g‘li Akbarali Abdullayevning moliyaviy jinoyatlarda ayblanib hibsga olingani to‘g‘risidagi xabarlar fonida paydo bo‘ldi.

Qayinsingilning Istambuldan elit kvartira sotib olgani to‘g‘risidagi xabar “karimovlar oilasi va horijiy ko‘chmas mulk” mavzuidagi birinchi xabar emas.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, Prezidentning to‘ng‘ichi - Gulnora Karimovaning Moskvada, Parij va Frantsiya janubidagi mashhur Sen Trope kurort shahrida bir nechta ko‘chmas mulki bor. Shuningdek, bu hujjatlarga ko‘ra, Gulnora Karimovaning jazmani, ba‘zi manbalarga ko‘ra, eri ekani aytiladigan sobiq pop-qo‘shiqchi Rustam Madumarov nomiga Parij yaqinidagi Versal shaharchasida qasr rasmiylashtirilgan.

O‘zbekiston Prezidentining kichik qizi Lola Karimova-Tillayeva 32 million 750 ming AQSh dollariga Beverli Hillzda (AQSh, Kaliforniya) "Le Palais” qasrini sotib olgani joriy yil yozida ma‘lum bo‘lgan edi.
XS
SM
MD
LG