Линклар

Шошилинч хабар
21 март 2025, Тошкент вақти: 19:25

Issiqlik hisoblagichi yo‘qlar 2 baravar ko‘p haq to‘laydi


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Issiqlik va suv bilan ta‘minlovchi tashkilotlar moliyaviy ahvolini sog‘lomlantirish choralari to‘g‘risida”gi qarori 11 noyabr kuni kuchga kirdi.

2013 yil, 6 noyabrda qabul qilingan mazkur hujjatga binoan bundan buyon xonadonida suv va issiqlik hisoblagichlari o‘rnatmagan fuqarolar hisoblagich o‘rnatganlardan 2 baravar ko‘p haq to‘laydi.

Vazirlar Mahkamasi qarorini sharhlagan “Norma.uz”ga ko‘ra, 11 noyabrdan kuchga kirgan hujjatda joriy yilning 1 dekabridan boshlab issiqlik va suv uchun aholi va yuridik shaxslar bilan qilinadigan hisob-kitoblarning yangi shartlari 1 dekabrdan boshlab amal qiladi.

Aytilishicha, bu yilgi qishning birinchi kunidan boshlab, issiqlik energiyasi hisoblagichlari yo‘q yuridik shaxslar issiqlik uchun haqni energiyaning bu turi uchun belgilab qo‘yilgan tarifning ikki baravari miqdorida to‘laydi. (Ko‘pqavatli uylarda joylashgan yuridik shaxslar bundan mustasno)

Issiq va sovuq suv hisoblagichlari yo‘q aholidan esa, belgilangan tarifning 1,5 baravari miqdorida haq olinadi.

Hech kim propiska qilinmagan turar-joylarda issiq va sovuq suv hisoblagichlar o‘rnatilmagan bo‘lsa, hukumat qaroriga binoan, mana bu tartibda haq olinadi:

1 va 2 xonali turar-joydan 1 kishi uchun;

3 xonali turar-joydan 2 kishi;

4 xonali turar-joydan 3 kishi;

5 xonali turar-joydan 4 kishi uchun;

Hukumat qarorida kam ta‘minlangan oilalar xonadoniga hisoblagich o‘rnatish tartibi ham belgilab qo‘yilgan. Bunday xonadonlarga hisoblagichlar kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot hisobidan o‘rnatiladi. Biroq xonadon egasi hisoblagich uchun sarflangan pulni 12 oy davomida tashkilotga qaytarishi lozim.

Toshkentdagi Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan birining xodimi Lyudmila Antonovaning aytishicha, turar-joy egalari issiqlik va suv uchun haqni shu paytgacha mana bu tartibda to‘lagan:

- Hisoblagichi yo‘qlar issiq suv uchun haqni kvartirada propiska qilingan kishilar sonidan kelib chiqib to‘lagan. Issiqlik uchun haq esa, turar-joy maydonidan kelib chiqib hisoblangan, dedi Lyudmila Antonova.

Uning fikricha, hisoblagich bilan to‘lash hisoblagichsiz to‘lashdan yaxshiroq yoki aksincha, deb aytish qiyin. Turar-joyda yashovchilar soni qancha ko‘p bo‘lsa, hisoblagich bilan to‘lash ma‘qulroq. Lekin kvartirada bir kishigina yashasa, hisoblagichsiz to‘lash arzonroqqa tushadi.

Lyudmila Antonova o‘z uyida hisoblagich o‘rnatgan. Oilasida - 3 kishi.

- Biz uchun hisoblagich bo‘lgani ma‘qulroq, chunki uyda ertalabdan kechgacha bo‘lmaymiz, demak issiq va sovuq suvdan kam foydalanganimiz va bu hisoblagichda aks etadi va ishlatganimiz uchungina to‘laymiz, dedi Ozodlik suhbatdoshi.

Lyudmila Antonova ishlaydigan Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati 6 ta ko‘pqavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. 6 ta uyda hammasi bo‘lib 200 ta kvartira bor. Xonadonlarning taqriban 80 foizida issiq va sovuq suv hisoblagichlari o‘rnatilgan. Hisoblagichlarni o‘rnatish bu shirkatga qarashli uylarda 2009 yili boshlangan.

Lyudmila Antonovaning fikricha, ko‘pchilik hisoblagich o‘rnatilishi tarafdori.

Ma‘lumki, kommunal xizmatlar uchun qarz masalasi keyingi yillarda bir tomondan aholining , ikkinchi tomondan davlatning jiddiy bosh og‘rig‘iga aylangan.

Ayniqsa tabiiy gaz uchun to‘lovlar bilan bog‘liq shikoyatlar ko‘p. “Do‘ppi tor kelib qolganda” gaz yetkazib beruvchi idoralar o‘zlari o‘rnatgan gazhisoblagichni bir chetga surib qo‘yib, isitiladigan xonalarning hajmiga qarab haq talab qilgan holatlari ham bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG