Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:04

Piyoda Hajga ketgan qirg‘izistonliklar yo‘qolgani aytilmoqda


Qirg‘izistondan avgust oyi boshlarida piyoda Hajga ketgan 10 kishining bedarak yo‘qolgani haqida ziyoratchilarning yaqinlari ma‘lum qildi. Piyoda Makkaga ketganlarning Haj vizasi yo‘q bo‘lgan va ular tavvakkal qilib yo‘lga chiqqan.

Joriy yilning avgust oyida Bishkekdan piyoda Hajga otlangan 10 kishi Qozog‘iston chegarasidan o‘tgach bedarak ketgan. Ularning qarindoshlari ziyoratchilar qaysi mamlakatga yetib borgani, Haj ziyoratini amalga oshirgani yoki oshirmagani haqida hech qanday ma‘lumotlarga ega emaslar.

-Ular ro‘zaning oxirgi kuni yo‘lga chiqishgan edi. Bishkekdan Choldevor chegarasi orqali Qozog‘istonga o‘tganidan so‘ng izlari yo‘qolgan. Ularning ko‘pchiligi Issiqko‘l turg‘unlari edi. Pochcham esa norinlik. Hozirgacha ulardan biror bir habar kelgani yo‘q, bedarak ketgan, -dedi o‘zini piyoda Hajga ketganlardan birining qarindoshi sifatida tanishtirgan Erkin.

Uning aytishicha, Hajga ketgan bu 10 kishining vizasi va yetarli mablag‘i ham bo‘lmagan. Ular tavakkal qilib yo‘lga chiqqan.

Piyoda Hajga ketgan qirg‘izistonliklardan birining turmush o‘rtog‘i o‘z ismi sir tutilishini iltimos qilgan holda, eri da‘vatchilarning “Tablig‘i jamoat” guruhi a‘zosi bo‘lganini, Hajga borishni orzu qilganini, ammo bu ziyorat uchun yetarli mablag‘i bo‘lmagani sababli piyoda Saudiya Arabistoniga borishga qaror qilib, uydan chiqib ketganini aytdi:

-Ular yo‘lga chiqishdan oldin Bishkekdagi markaziy masjidga borgan ekan. U yerda ulamolar ularga “Piyoda bormanglar, bo‘lmaydi”, deb aytishgan. Ammo shunga qaramay, Hajga piyoda yo‘lga chiqishgan. Hozir qo‘limda sakkiz oylik bolam bilan erimdan biror xabar chiqib qolarmikan, degan umidda o‘tiribman, -dedi kelinchak.

Qirg‘iziston muftiyatining bildirishicha, piyoda Hajga ketgan 10 odam bedarak ekani aniqlangach, bu yil rasman Hajga borganlar orasida surishtiruv ishlari olib borilgan. Hajga borganlardan bu 10 odamni ko‘rgan-ko‘rmaganlari surishtirilgan. Biroq hech kim ularni ko‘rgani haqida ma‘lumot bermagan.

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari rasmiylari esa mazkur voqea yuzasidan hozircha rasman ariza kelib tushmaganini, agar yo‘qolganlarning qarindoshlari ariza bilan murojaat qilsa, qidiruv ishlari boshlanishini bildirdi.

Joriy yilda Saudiya Arabistonida Qirg‘izistondan uch ming olti yuz odam Haj ziyoratini amalga oshirdi. Qirg‘iziston muftiyati norasmiy tarzda Hajga bormoqchi bo‘lganlar orasida tushuntirish ishlari olib borilganiga qaramay, ayrim odamlar o‘zbilarmonlik bilan Hajga piyoda ketganidan afsus bildirdi:

-Muftiyat orqali Hajga borganlarningg barchasi qaytib keldi. Qirg‘izistondan Hajga faqat samolyotda borishga ruxsat berilgan. Hatto avtobusda borgan odamlarni ham Saudiyaga kiritishmaydi, -dedi muftiy o‘rinbosari Maksatbek Toktomushev.
XS
SM
MD
LG