Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:04

Rossiyadan deport qilinganlarga O‘zbekistonda muammo bo‘lmaydimi?


Keyingi kunlarda Rossiya ma‘murlari mehnat muhojirlarni, jumladan, o‘zbekistonliklarni ommaviy ravishda deportatsiya qilishni davom ettirmoqda. OzodJavobning navbatdagi sonida ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savol - “Deport qilinib, O‘zbekistonga qaytganlar biror muammoga duch kelishi mumkinmi”, degan savolga javob izlaymiz.

Buxoroning Olot tumanida yashovchi Nigora ismli mushtariy OzodJavobga murojaat qilib, Rossiyadan deportatsiya qilinayotgan otasi va akasining taqdiridan xavotir bildirdi.

“Otam bilan akam Moskva viloyatida ishlayotgan edi. Kecha ular telefon qilishdi. Ular ishlayotgan qurilishdagi barcha chet elliklarni Rossiyadan chiqarib yuborishayotgan ekan. Akamning aytishicha, hammaning pasportiga deport pechatini bosib berayapti ekan. Biz uydagilar bilan xavotir olayapmiz. O‘zbekistonga kelgach, deport qilingani uchun ularga jazo berishadimi?”, deya so‘radi Nigora e-mail orqali.

Jizzaxdan murojaat qilgan Farrux esa Rossiyadan deport qilinganini yozdi:

“Men o‘tgan oyda Rossiyadan deport bo‘ldim. Pasportimda ham deport degan pechatь bor. Endi ikki yilga Rossiyaga kirishim mumkin emas. Hozir uydaman. Yevropaga ishga ketishni rejalashtirayapman. Hali chiqish vizam yo‘q. Eshitishimcha, deport bo‘lib kelganlarga chiqish viza bermasmish. Iltimos shuni aniqlab bersangiz, chiqish viza olishimga deport qilinganim to‘siq bo‘ladimi?”, deya so‘radi jizzaxlik Farrux.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining o‘zini tanishtirmagan mutaxassisiga ko‘ra, biror bir xorijiy davlatdan ma‘lum sababga ko‘ra, deportatsiya qilingan o‘zbekistonliklarga nisbatan hech qanday jazo ko‘zda tutilmagan.

“Xorijiy davlatdan chiqarib yuborilgan fuqaro o‘sha mamlakatga ma‘lum muddatga qaytib kirishi mumkin bo‘lmaydi. Lekin chet eldan deport qilingan fuqarolarimizga O‘zbekiston ichkarisida hech qanday jazo yo‘q”, dedi vazirlikning o‘zini tanishtirmagan mutaxassisi.

Ayni paytda mutaxassisning aytishicha, xorijdan chiqarib yuborilgan har bir o‘zbekistonlik huquq-tartibot idoralariga deport qilinganini ma‘lum qilishi lozim.

“Fuqaro o‘zi yashayotgan hududdagi uchastka noziri bilan suhbatdan o‘tishi lozim. Deport qilingani va uning sabablari borasida ma‘lumot berishi kerak. Uchastka noziri bilan suhbat fuqaro uchun qaytaga foydali. Chunki uchastka noziri deport qilinganlar ro‘yxatini tegishli idoralarga jo‘natadi. Bu kelajakda fuqaroni ish bilan ta‘minlanishiga ko‘maklashish uchun qilinadi”, dedi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining mutaxassisi.

Xorijdan deport qilingan o‘zbekistonliklarning chiqish vizasi olishi bilan bog‘liq jarayonga ham oydinlik kiritish uchun O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga murojaat qildik.

Boshqarmaning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, xorijdan deportatsiya qilinganlarning chiqish viza olishiga hech qanday taqiq yo‘q, lekin ayni paytda bu shaxslar maxsus suhbatdan o‘tishi lozim bo‘ladi.

“Xorijdan deport qilinganlar OVIR uchun hujjat topshirganida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchilar Ichki ishlar vazirligiga kelib suhbatdan o‘tishadi. Viloyatdagilar esa Ichki ishlar boshqarmasiga borib suhbatdan o‘tishadi. Zapret qo‘yilmagan bo‘lsa, suhbatdan keyin OVIR oladi”, degan boshqarma mutaxasisi suhbat nima mazmunda bo‘lishini ochiqlamadi.

Har ikkala mulozim ham bu suhbatlar qaysi qonunga binoan o‘tkazilishini ayta olmadi.

Ushbu maqolani tayyorlayotgan paytimiz Ozodlik bilan bog‘langan va ismini ochiqlamaslikni so‘ragan xorazmlik mushtariyga ko‘ra, u Rossiyadan deport qilinganidan sakkiz oy o‘tib, ushbu mamlakatga qaytib kirish yo‘lini topgan.

“Pasportimda uch yillik deport pechati bor edi. Men uni yo‘qotdim, deb militsiyaga bordim. Yangi pasport olayotgan paytim familiyamni o‘zgartirdim. Familiyam o‘zi otamning bobosining nomida edi. Men o‘zimning bobomning familiyasiga o‘zgartirdim. Shunga militsiyadagilar qarshilik qilmadi. Hozir o‘zi Rossiyadan deport qilinganlarning ko‘pchiligi yangi pasport olib, ism-familiyasini o‘zgartirib, yana qaytib kelayapti”, dedi xorazmlik mushtariy.

Shu o‘rinda ta‘kidlab o‘tamizki, Ozodlik xorazmlik mushtariy tilga olgan ushbu usulni tavsiya sifatida e‘lon qilmayapti. Aksincha bu kabi holatlar ma‘muriy qonunbuzarlik hisoblanishini eslatadi.

Rossiyadan olingan so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, rasmiy Kreml ruxsati bilan mamlakatdagi barcha mehnat muhojirlarini ommaviy daktiloskopiya qilish jarayoni boshlandi. Daktiloskopiya yoki barmoq izlarini olish jarayonidan hech bir mehnat muhojiri chetda qolmasligi ta‘kidlanayapti.

Bu jarayon nihoyasiga yetgach, deport qilingan fuqaroning ism-sharifini o‘zgartirganining foydasi ham bo‘lmaydi.

Boisi mutaxasislarning aytishicha, Rossiyadan deportatsiya qilingan fuqaro ushbu mamlakatga qaytib kirish payti uning barmoq izlari tekshirilib, keyin chegaradan o‘tishiga ruxsat beriladi.

******* **** **** **** *** *** *** *** *** *** *** *** *** ***

Aziz mushtariy¸ agar sizning bugungi savollarga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz - OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni Skype orqali OzodSkype yoki ErkinMikrofon manzillariga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG