Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:39

O‘zbekistonda benzin narxi yana oshirildi


2014 yil 10 yanvardan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab benzin va dizel yonilg‘i narxi 16 - 20 foizgacha oshirildi.

Vazirlar mahkamasining yonilg‘i narxini 10 yanvar kuni oshirish qarori bir kun avval – 9 yanvar kuni qabul qilingan.

Shu paytgacha 1 litri 1670 so‘mda sotilgan Ai-80 markali benzinning yangi narxi 20 foizga oshirilib, 2005 so‘m qilib belgilandi.

Yangi tarifga ko‘ra, Ai-91, Ai-92 va Ai-93 markali benzin 2210 so‘mga, Ai-95 markali benzin narxi 2435 so‘mga chiqdi. Dizel yonilg‘isini AYoQShlarda topish deyarli imkonsiz bo‘lishiga qaramasdan, uning yangi narxi 1975 so‘m va EKO dizel narxi 2050 qilib belgilandi.

Yangi tariflar borasidagi ma‘lumot barcha AYoQSh rahbarlariga bugun topshirilgan va shu tariqa uning nusxasi Ozodlik radiosiga ham yetib keldi.

10 yanvar kunidan boshlab yonilg‘i uchun belgilangan yangi narx
10 yanvar kunidan boshlab yonilg‘i uchun belgilangan yangi narx
2014 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda 1 litr benzin narxi 25 so‘mga qimmatlagan edi.

Endilikda yonilg‘i narxining 20 foizgacha oshirilishini iqtisodchilar favqulodda qimmatlashuv demoqdalar.

Toshkentdagi AYoQShlardan birida ishlovchi katta operatorning Ozodlikka aytishicha, hukumat AYoQShlar oldida sarosimaning oldini olish maqsadida benzin narxini oshirish rejasini so‘nggi soatlargacha sir saqlagan va hatto ayrim shoxobchalarda benzin narxi oshirilmasligi haqida e‘lonlar osilgan.

So‘nggi paytda O‘zbekiston bo‘ylab benzin taqchilligi kuzatilmoqda. Toshkent, Samarqand, Urganch, Andijon shaharlarida yonilg‘i quyish stantsiyalarida yuzlab avtomobillardan iborat tirband navbatlar yuzaga kelgan.

Mamlakatdagi benzin taqchilligi qisman Farg‘ona Neftni qayta ishlash zavodi faoliyatining sustlashgani bilan izohlanmoqda.

O‘tgan yilning 20 oktyabr kuni kuni moliyaviy firibgarlikda ayblanib hibsga olingan mazkur zavod rahbariyatining bir guruh xodimlari qamoqda qolmoqda.

2012 yilning 8 iyunida ham ushbu zavod xodimlaridan 30ga yaqin mulozimi hibsga olingan edi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi taftishlar bois 2013 yil noyabr oyi boshida “O‘zbekneftgaz” milliy xolding shirkati rahbarining birinchi o‘rinbosari 58 yashar Shavkat Majidov to‘satdan ishdan olindi.

Gulnora Karimova Twitterdagi sahifasi orqali Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi onasi Tatyana Karimova boshchiligidagi qarindoshlari, jumladan, xolasining o‘g‘li Akbarali Abdullayev tomonidan nazorat qilinishi va u yerda boshboshdoqlik avj olgani haqida bir necha bor yozdi.

Poraxo‘rlik, soliqlarni yashirganlik va mulkni o‘zlashtirishda ayblanib, 10 oktyabrь kuni hibsga olingan 29 yashar Akbarali Abdullayev o‘tgan oyda ozod qilinib, hozirda "uy qamog‘i"da saqlanayotgani xabar qilindi.

Iqtisodchilarga ko‘ra, O‘zbekistondagi energetik inqiroz xomashyo yetishmasligi, yonilg‘ini xorijdan import qilish o‘rniga valyutaning tejalayotgani va umuman sohaning davlat nazoratida qolayotgani bilan bog‘liq bir qator omillarning jamlamasidan vujudga kelgan.
XS
SM
MD
LG