Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:03

O‘zbekiston Internet makonida Twitter muqobili paydo bo‘ldi


O‘zbekiston Internet makonida Twitter ga o‘xshash ijtimoiy tarmoq paydo bo‘ldi. Kuzatuvchilar O‘zbekistonda hukumat yangi ijtimoiy tarmoqni yo‘lga qo‘yish orqali Internet makonini to‘laligicha o‘z nazorati ostiga olishga urinayotganini tahmin qilishmoqda.

Bamboo.uz ijtimoiy tarmog‘ida o‘zbekistonlik foydalanuvchilar Twitter tarmog‘idagi kabi o‘z kechinmalari va fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashishlari mumkin.

Bamboo.uz shaklan Twitterdan deyarli farq qilmaydi. Lekin, Bamboo.uz tarmog‘ida yozishma uzunligi 700 belgigacha bo‘lishi mumkin. Bu Twitter tarmog‘idagiga qaraganda besh marta ko‘pdir.

Yana bir farq, Twitter tarmog‘i global tarmoqdagi barcha foydalanuvchilar uchun bo‘lsa, O‘zbekistonning Bamboo.uz tarmog‘i faqat O‘zbekistonda yashovchilar uchun tashkil etildi.

Tarmoq shiori ham “Bir mamlakat bir tarmoq”. Bamboo.uz tarmog‘iga mamlakat tashqarisidan kirish imkonsiz.

Twitter ijtimoiy tarmog‘i o‘tgan yil O‘zbekistonda prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning munozarali chiqishlari ortidan ommalashdi.

Karimova xonim Twitter tarmog‘idagi mikrblogi orqali o‘z oila a‘zolaridan tortib mamlakat maxfiy hizmati rahbari nomiga ayblovlar yog‘dirishda davom etmoqda.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda maxsus hizmatlar yangi ijtimoiy tarmoqni yo‘lga qo‘yish orqali Internet makonini to‘laligicha o‘z nazorati ostiga olishga urinayotganini tahmin qilishadi.

Lekin, buni uddasidan chiqish oson emas, deydi Yangi media sohasi mutaxassisi To‘lqin Umaraliyev. "O‘zbekistonda avval ham Facebook ijtimoiy tarmog‘ining klonini yaratishga urinishlar bo‘lgan, lekin bu urinishlar chipakka chiqqan edi. UzFacebook deb atalgan tarmoqda ro‘yhatdan o‘tishni istovchilar soni ko‘p bo‘lmadi, - deydi Umaraliyev.

O‘zbekistondagi o‘nlab estrada yulduzlari ham o‘z muxlislari bilan Twitter orqali muloqotni yo‘lga qo‘ygan. Bugungi kunda Twitter tarmog‘ida uch mingdan ziyod o‘zbekistonlik muqim o‘rnashgan.

O‘zbekistonlik foydalanuvchilarning ko‘pchiligi "Odnoklasniki", "Facebook" kabi ijtimoiy tarmoqlardan ham foydalanib keladi.

- Ko‘pchilik do‘stlarim "Odnoklasniki"da, shuning uchun shu tarmoqdan foydalanaman. Rossiyadagi tanishlarim bilan ham shu tarmoqda muloqot qilib turaman. Twitter da ham sahifa ochganman. Menimcha O‘zbekistonni o‘zi uchun Twitter ga o‘hshash alohida tarmoq ochishdan ma‘no yo‘q, - deydi o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchi Jahongir.

O‘zbekistonning rasmiy ma‘lumotlariga ko‘ra, hozir mamlakatda har uch odamning biri Internetdan foydalanadi.

Ayni paytda O‘zbekistonda behayo saytlarni to‘sish, konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilgan axborotni to‘xtatish vaji bilan qator xalqaro ommaviy axborot vositalari veb-saytlariga to‘siq qo‘yilgan.

O‘zbekiston esa "Internet dushmanlari" ro‘yxatiga kiritilgan mamlakat hisoblanadi.

Ushbu hafta Parijdagi Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston ikki pog‘ona pastga sho‘ng‘idi.

180 mamlakatdagi vaziyatga baho berilgan reytingda O‘zbekiston 166-o‘rinni egalladi.
XS
SM
MD
LG