Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:16

1999 yil 16 fevral - "O‘zbekiston miltiqlilar qo‘liga o‘tdi"


Portlashlardan bir necha daqiqa o‘tib¸ Islom Karimov ayni portlash joyiga kelib¸ qisqa bayonot berdi.
Portlashlardan bir necha daqiqa o‘tib¸ Islom Karimov ayni portlash joyiga kelib¸ qisqa bayonot berdi.
Bundan 15 yil burun 1999 yilning 16 fevralida Toshkentning besh joyida 45 daqiqa ichida beshta portlash yuz berdi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor ro‘y bergan portlashlar mamlakatda tinimsiz davom etayotgan repressiyalarga doyalik qildi.

Shu kuni Vazirlar Mahkamasi binosida 1998 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lishi kerak edi. Birinchi portlash prezident Islom Karimov kelishiga 10 daqiqa qolganda – soat 10.45 da mana shu bino oldida bo‘ldi.

Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi, Milliy bank, o‘shandagi “Iskra” kinoteatri oldida, Yakkasaroy tumanidagi hovlida portlash yuz berdi.

Mamlakat rasmiylari bayonotiga ko‘ra, portlashlar oqibatida 16 odam nobud bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi.

Hodisa sodir bo‘lgan kuniyoq, avvaliga prezident Karimov, keyin esa O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Zokir Almatov va Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatovlar televideniyeda chiqish qilib, portlashlarni qo‘liga qurol olgan radikal dindorlarning terror hujumi, deya atab, voqeaga darhol baho bergan va aybdorlarni ham aytib ulgurgan edi.


Shaytanatni bo‘lgan xabar

1999 yil 16 fevralida o‘zbekistonliklar "Shaytanat" videofil mining yangi qismini tomosha qilishayotganida, birdan fil m to‘xtatilib ekranda O‘zbekiston TVsi suxandoni Davron Zunnunov paydo bo‘ldi.

- Hurmatli tomoshabin o‘rtoqlar. Dasturimizni kutilmagan xabar bilan to‘xtatamiz. Bugun mamlakatimiz poytaxti Toshkentda kutilmagan favqulodda hodisa sodir bo‘ldi, deya gap boshladi Davron Zunnunov.

Suxandon qo‘lidagi qog‘ozga qarab-qarab bundan 20 daqiqa oldin prezident Karimov joniga qasd qilingani, ammo prezidentning sog‘u salomat ekanini bildirdi.

- Poytaxt mehnatkashlari osoyishta kundalik yumushlarini davom ettirayotgan bir paytda kunduz soat 11 larga yaqin shaharning to‘rt joyida portlash sodir bo‘ldi. Dastlab IIV binosi yonida, undan so‘ng Iskra kinoteatr binosi yonida, sal o‘tmay respublika Vazirlar Mahkamasi binosida, undan so‘ng Milliy bank binosi atrofida portlash sodir bo‘ldi. Portlash oqibatida bir necha mashinalar yonib ketgan. Shahardagi ayrim binolarga zarar yetkazilgan.

Dastlabki ma‘lumotlarga qaraganda, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar ham bor. Bunday hodisa mamlakatimiz mustaqilligini ko‘ra olmayotgan ekstremistik kuchlarni ishi ekanligi barchamizga ayondir. Bu yovuzlik tagidagi eng asosiy maqsadlardan biri mamlakatimiz prezidenti Islom Karimovga, uning hayotiga tajovuz ekanligi ham juda ayondir. Chunki soat 11 da Vazirlar Mahkamasida respublika hukumatining 1998 yil yakunlariga bag‘ishlangan majlis boshlanishi, unda prezidentimiz ishtirok etishi kerak edi. Eng muhimi hukumat a‘zolari, prezidentimiz va ... (suxandon shu o‘rinda qoqiladi) sog‘ va salomat. Soat 11 ga mo‘ljallangan majlis soat 13 da, ya‘ni hozir respublika Oliy Majlis binosida kun tartibidagi masalalarni muhokama qilmoqda. Biz bo‘lib o‘tgan tafsilotlarni siz aziz vatandoshlarimizga yetkazib turamiz. Vahimaga tushishga hech qanday asos yo‘q. Voqeani sodir etgan barcha yovuz kuchlar aniqlanadi va tegishli jazosini oladi,- deya qog‘ozda yozilgan matnga yakun yaasadi Davron Zunnunov.

Suxandon o‘qigan matn voqeadan 20 daqiqa o‘tib hozirlangan hujjatga o‘xshamas edi. Matn ko‘proq ilgaridan hozirlangan ayblov hujjatini eslatar edi.


Biznikilar

Toshkentda portlashlar bo‘lgan kuni shoir Rauf Parfi Navoiy ko‘chasidagi “Jahon adabiyoti” jurnali tahririyatida edi. Rauf Parfi tirik chog‘ida muallifga aytishicha, gumbillagan ovozni eshitgan chog‘i "biznikilar kelishdi" deb hazil qilgan.

Redaktsiyadagi boshqa xodimlar esa “Qurilishdagilar bir narsa qilishdi” deb g‘udranishgan. Keyin yana bir necha marta gumbillagan ovozlar eshitilganida, Rauf Parfi kulib “Yo‘o‘q, bu hoynahoy biznikilar” deb ta‘kidlagan.

Rauf Parfi "biznikilar" deganida hazil aralash o‘zbek muxolifatini nazarda tutgan edi.

Hazilning tagi zil.

O‘zbekiston hukumati o‘zbek dunyoviy va diniy muxolifatini portlashlarda o‘sha kunning o‘zidayoq ayblab chiqdi.

Qo‘lga olingan "terrorchilar" ham portlashni Muhammad Solih uyushtirdi degan versiyani ilgari surdi. Ana shunday “guvoh”lardan biri Zayniddin Asqarov keyinchalik potrlashlarni hukumat uyushtirgani va bu ishga Muhammad Solihning sira aloqasi yo‘qligini bildirdi.

- Ichki ishlar ministri Zokir Almatov mani chaqirib, Muhammad Solihni yomonlab bersang, mana shuning rolini o‘ynab beradigan bo‘lsang, hammasi avf bo‘ladi, otilmaydi bular, sangayam yengillik bo‘ladi, sud zalidan chiqib ketasan, degani uchun Alloh shohidki, man o‘zimni qutqarish uchun emas, ana shularni qutqarish uchun man shu narsaga majbur bo‘lganman o‘sha vaqtda. Lekin bular chiqarganiyam yo‘q, ularga "vыshka" (otuv hukmi-tahr.) bervordi. "Vыshka" bervorishining sababi, ular sirni bilardi. Sirni bilishligi uchun ularni yo‘q qilib yubordi. Lekin ular bizga aytib o‘tib ketgan edi hammasini, shunday-shunday-shunday bo‘lgan deb. Shuning uchun sizlarning radiostantsiyanglar orqali avvalo "Erk" partiyasining rahbari Muhammad Solihdan kechirim so‘raymanki, o‘sha vaqtda unga tuhmat qilganmiz, haqiqatdan majburan tuhmat qilganmiz va Tohir Yo‘ldoshevlarning qilmagan ishlarini qildi deb aytganmiz. O‘zimiz O‘zbekiston xalqining oldida gunohkormizki, chiqib 16 fevralni ba‘zi bir narsalariga aldanib qolib, bu zolim diktator, kofirlarning va‘dasiga aldanib qolib, rol o‘ynab, musulmonlarning obro‘siga putur yetkazganimiz uchun butun O‘zbekiston xalqidan biz kechirim so‘raymiz.

Muhammad Solihning - Allohga qasam ichib aytaman bu gapimni dunyo-yu oxiratda - umuman terroristlarga, terrorga aloqasi yo‘q hech qanaqa. Umuman aloqasi yo‘q. Man demokrat emasman, u odamni yaxshi ko‘rish, yomon ko‘rish maqsadim ham yo‘q. Xolisona baho berishda hech qanaqa aloqasi yo‘q. Bu bizning siyosiy ko‘rligimiz, ishonuvchanligimiz, Zokir Almatovning bergan va‘dalariga ishonganligimizning natijasi xolos. Bu gapdan keyin bizni otvorsa, biz shahid bo‘lib ketaveramiz,- degan edi Zayniddin Asqarov.

Zayniddin Asqarov 2010 yil oktyabr oyida qamoqda vafot etdi. Jasadini yaqinlariga qaytib bergan qamoqxona rasmiylar Asqarovning o‘limiga "yurak huruji" sabab bo‘lganini aytishgan edi.

Fevral portlashlaridan keyin Zayniddin Asqarovni O‘zbekistonga deportatsiya qilgan Turkiya 2010 yilda mamlakat sudining mazkur qarorini noqonuniy deya topgan. Turkiya tomonidan belgilangan va O‘zbekiston banklaridan biriga yuborgan 5 ming yevro miqdoridagi tovon pulini Asqrovning yaqinlari olishdan bosh tortdi.


Portlash arafasi

16 fevral voqealarini yoritgan Ozodlik jurnalisti Bryus Panniyer bundan 12 yil muqaddam bu voqeani eshitish hamono portlashlarda hukumatning qo‘li bor degan fikr miyasidan yalt etib o‘tganini aytadi.

- Portlashlardan 20 daqiqa o‘tib voqea joyida Karimovning bamaylixotir yurgani meni shubhalantirdi. Ikkinchidan, voqeadan sal oldin 3 fevral kuni “Xalq so‘zi” gazetasida O‘zbekiston barqarorligiga tahdid qilayotgan diniy kuchlar haqida maqola bosilgan edi. Bu maqolada ilk marotaba Hizb ut-Tahrir kalimasi tilga olindi. Bunday maqola o‘zbek rasmiy OAVlari uchun yangilik edi. Maqola chiqishidan sal oldin Karimov O‘zbekiston eng barqaror o‘lka deb sarmoyadorlarni jalb qilgan edi,- dedyi Bryus Panniyer.

Uning aytishicha, portlashlarni hukumat uyushtirdi degan versiya haqiqatga eng yaqin.

Portlashdan uch oy oldin o‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solih Kremlda general Aleksandr Lebed bilan uchrashdi. Bu uchrashuv rasmiy Toshkentni hurkitgani rost. Muhammad Solih gapiradi:

Muhammad Solih: O‘zbekiston hukumatining bu uchrashuvdan qo‘rqib ketganiga sabab Rossiyaning o‘ziga nisbatan o‘sha paytda munosabati yaxshi emasligini va o‘zini yomon ko‘rishini bilar edi. Muhammad Solihning Kremlda favorit o‘laroq tanilgan, ya‘ni hokimiyatga kelishi mumkin bo‘lgan uchta insondan bittasi bo‘lgan general bilan uchrashuvi Karimovni qo‘rqitib yubordi.

Ozodlik: Bu yerda O‘zbekistondagi vaziyatni biroz faolroq o‘zgartirish masalalari ham ko‘rildimi? Muxolifat vakili rus generali bilan uchrashar ekan balki rasmiy Toshkentning hurkkanida jon bordir?

- Albatta, O‘zbekistonning kelajagi haqida jiddiy gaplar bo‘ldi. Mening aytganim shu bo‘ldi: biz teng huquqli ikki davlat o‘laroq dilalog qilishimiz mumkin va biz o‘zimizni Rossiyaning do‘sti o‘laroq ko‘rishni istaymiz, deydi Muhammad Solih.

Muhammad Solih Kremlda qabul qilinganidan sal o‘tmay O‘zbekiston KXShTdan chiqdi.

Yaqinda Internetga qo‘yilgan “Qurolsiz kishining ozodligi” fil mida portlashdan oldin 13 fevral kuni O‘zbekiston MXXsi Turkiya aeroportlarida o‘zbek fuqarolarini nazorat qilishga rasmiy Anqaradan izn so‘raganligi aytiladi.

“1999 yilning 13 fevralida Anvar Solihboyev boshchiligidagi bir guruh o‘zbek MXX xodimlari Anqaraga kelishdi. Solihboyev Turkiya hukumatidan O‘zbekistonga jo‘nayotgan ekstremistlarni kuzatish uchun Turkiya aeroportlarida o‘z josus-agentlarini joylashtirishga ruxsat so‘raydi”.

Portlashlarga bir kun qolganida, O‘zbekistondagi diniy va dunyoviy muxolifat hamda inson huquqlari faollari uylari oldida nazorat kuchaytiriladi.

“Barcha muxolifat faollarining uylari kuzatuv ostiga olindi. Toshkentda 13-14-15 fevral kunlari MXX agentlari va maxsus xizmat xodimlari Erk partiyasining kotibi Otanazar Oripov, huquq himoyachisi Mo‘‘tabar Ahmedova, yozuvchi Mamadali Mahmudov, Muhammad Solihning qizi Nigor, inilari Komil, Jumanazar va Rashid Bekjonlar yashaydigan Xorazmdagi uylari ham qattiq kuzatuv ostiga olingan edi. 16 fevral kuni Toshkent markazida bombalar protlashidan so‘ng birinchi bo‘lib ayni shu kuzatuvga olingan uy egalari hibsga olindi”.

1999 yilning 15 feval kuni ushbu maqola muallifi o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan birga Londonda xizmat safarida edi. 15 fevral kuni kechqurun O‘zbekistonning Londondagi elchisi Teshaboyev va elchixonaning Jamshid ismli birinchi kotibi bilan jurnalistlar qo‘ngan mexmonxonaga zudlik bilan yetib keldi va tashvishli bir ohangda "Hech kim kechqurun sayr qilmasin. Bugun hech kim mehmonxonadan chiqmasin" degan g‘alati gapni aytdi.

Hatto jurnalistlar orasidan bir hurmatli kishini chetga chaqirib, "ba‘zi birovlar"ning oyoq olishidan xabardor bo‘lish topshirig‘ini berdi.


Kutilgan "mehmon"

O‘zbekistonda portlash arafasidagi voqealarni muqoyasa qilar ekanmiz, beixtiyor 16 fevral portlashlari o‘zbek rasmiylar kutgan "mehmon" edi degan fikrga boramiz.

Keyinchalik portlashlarda ayblanib, qamoqqda jazo o‘tayotgan Zayniddin Asqarov aynan shu fikrni aytgan edi.

- "Vzrыv", bada-badang portlaganidan 5 minut o‘tar-o‘tmas, Islom Karimov, Rustam Inoyatov, Zokir Almatov maydonga yetib kelishayapti va xuddi oldingi tayyorlangan stsenariydan xabardor bo‘lganday, bu narsalarni diniy "religioznыy fanatik"lar qildi, kim qilganliginiyam bilamiz, biron muddatda hammasini tutamiz, degan xitob bilan chiqayapti, hech narsadan hech narsa yo‘q. Nimaga desa, oldindan Bahrom Abdullayev "kurs"ga qo‘ygan bu narsani. Bildi oldindan. Boshqargan Islom Abdug‘aniyevich Karimov, Inoyatov, Almatovlar to‘xtatib qolmaganligi bilardi, mashina kelib to‘xtash stsenariysigacha bilardi bular,- degan edi Zayniddin Asqarov.

2003 yil 26 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Ozodlik, BBC va Amerika ovozi jurnalistlarini 16 fevral portlashlarida aybdor deb topilgan O‘zbekiston Islomiy harakati liderlaridan biri Zayniddin Asqarov bilan uchrashuvga taklif etdi. Uchrashuv mashhur Toshturmada bo‘lib o‘tdi. Suhbatda jurnalistlar bilan birga MXX xodimi ham ishtirok etdi. MXX xodimi, go‘yoki chekishga chiqib, Asqarovni jurnalistlar bilan yolg‘iz qoldirganida, quyidagi parchada aks etgan xos suhbat bo‘lib o‘tdi.

Suhbat yakunida BBS muxbiri Pahlavon Sodiq Zayniddin Asqarovga qarab, "Siz 16 fevral portlashlarini O‘zbekiston hukumati maxsus kuchlari - MXXsi uyushtirgan, deb ma‘suliyat bilan aytayapsiz, to‘g‘ri tushundimmi?" deb savol beradi.

Zayniddin Asqarov: " Xuddi shunday!" deb javob berdi.

Pahlavon Sodiq: "Boshqarganmi?" deb yana aniqlovchi savol beradi.

Zayniddin Asqarov: "Boshqargan va oldindan bilgan!" deb javob beradi.

"O‘zbekiston prezidenti Karimov, MXX raisi Inoyatov, IIV Almatovlar boshqargan va maslahatda bo‘lishgan. Ular terrorchi mashinalar karvonini ataylab to‘xtatib qolishmagan, shundaymi?" deydi Pahlavon Sodiq.

- Xuddi shunday. Ular mashinalarni qachon kelishini ham bilardi.

- Demak, siz aybladingiz?

- Aybladim.

- Butun ma‘suliyat bilan aytyapsiz, deb o‘ylayman.

- Shunday.

- Agar siz haqiqatni aytmoqchi bo‘lsangiz, nega MXX bu uchrashuvni tashkil qildi? Ikkinchidan, taqdiringizdan qo‘rqmaysizmi?

- Bu uchrashuvni bilmasdan tashkil qiberdi, deyolmayman. Bular hozir chaqirib Muhammad Solihni terrorda aloqasi bor, degan ko‘rsatmangizni yana bir aytib bering, deb iltimos qilishuvdi, men xo‘p dedim.

- Ular buni teskarisini aytishingizdan bexabarmidi?

- Bexabar. Ikkinchidan, taqdiringizdan bexavotir deganingizga, men zonada uch marta o‘limdan qoldim.

(Shu yerda audioyozuv tugaydi.)


Portlash saboqlari

Portlashdan keyin O‘zbekiston hukumati beandisha tarzda o‘zgacha fikrlovchi kishilarni qamashga tushdi, deyiladi Britaniyada suratga olingan “O‘zbekiston qiynoqlar fermasi” filmida. Film davomida O‘zbekiston hukumati nomidan gapirgan mulozim Axtam Tursunov portlashdan keyingi qama-qama siyosatini oqlashga tirishadi.

- O‘sha inson huquqlarinin vakillarimiz, dohiylarimiz degan ba‘zi shaxslar shunday fikrdaki, terrorizmni sodir qilgan odamlar, diniy ekstremizm jinoyatini sodir qilgan odamlarga biz dam olish lagerlarida saqlab, ularga rahmat aytib kechirim so‘rashimiz kerak ularning fikrlariga binoan. Bizning qonunimiz bor. Jinoyat qonunlarimiz bor, deydi Axtam Tursunov.

16 fevral kunlari muallif bilan suhbatda bo‘lgan o‘zbek TVning o‘sha paytdagi rahbarlaridan biri Farhod Ro‘ziyev bir gapni aytgan edi.

“Bundan buyon O‘zbekiston miltiqli kishilar ixtiyorida bo‘ladi. Miltiqli kishilar bizga g‘ayritabiiy ko‘rinmaydigan bo‘ladi”, degan edi Farhod Ro‘ziyev.

O‘tgan 13 yil Farhod Ro‘ziyev gaplariga isbotday ko‘rinadi.

13 yilning yana bir xulosasini 16 fevral voqealaridan keyin 15 yarim yilga sirtdan hukm qilingan Muhammad Solih aytadi.

- Bu muddat shuni ko‘rsatdiki, Karimov hech qachon biz o‘ylagan murosa bilan, madora bilan, demokratiya bilan, inson haqlari bilan hisoblashadigan odam emasligini ochiqdan ochiq ko‘rsatdi va buni dunyoga ham ochiqdan-ochiq aytdi,- deydi Muhammad Solih.


So‘nso‘z o‘rnida tarixiy parallel

Rus tarixchisi Yuriy Felishinskiyning Ozodlik muxbiriga aytishicha, portlashlar mustabidlar uchun ayni muddao. Ba‘zan ular o‘zlari o‘zlariga suiqasd uyushtirishadi.

Masalan, 1933 yil 21 fevralda Berlindagi Reyxstag binosi yonib ketganida Adol f Hitler hukumati bundan kerakli foydani chiqarib olgan edi.

yong‘indan keyin Hitler hukumati Germaniyada shaxs huquqlari, erkin yig‘ilishlar o‘tkazish imkoni va so‘z erkinligini cheklovchi dekretni qabul qiladi.

Qama-qamalar boshlanadi, muxolifat harakatlari taqiqlanadi. Keyin nima bo‘lganiga tarix guvoh.
XS
SM
MD
LG