Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:55

OzodWiki: “Pul yuvish” nimaligini Vikipediyadan so‘rang


Shveytsariya prokuraturasi 12 mart kuni e‘lon qilgan bayonotga ko‘ra, "O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ustidan pul yuvish gumonlariga asoslangan holda tergov boshlangan". Bayonotda tilga olingan “pul yuvish” iborasi o‘rganmagan quloqqa juda g‘aliz eshitiladiki, uning nima ekanligini O‘zbekcha Vikipediyadan so‘radik.

Wiki-ma‘lumot

O‘zbekcha Vikipediyaga ko‘ra, “pul yuvish” majoziy ibora bo‘lib, uning paydo bo‘lish tarixi mana bunday:

„Pul yuvish“ atamasi (ingl. money laundering) 1920 yillarda AQShda yuzaga kelgan degan fikr bor. Bu fikrga ko‘ra, o‘sha paytlarda amerikalik mafiya guruhlar noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan pullarga qonuniy tus berish uchun avtomatlashtirilgan kir yuvish joylarini sotib olishgan yoki o‘zlari ochishgan. Bu fikr to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligidan qat‘iy nazar, hozir „pul yuvish“ atamasi keng qo‘llaniladi”.

Wiki emas qo‘shimcha

O‘zbekcha Vikipediya aytayotgan “1920-yillarda” (1920 yildan 1933 yilgacha) AQShda alkogolli ichimliklarni ishlab chiqarish va sotish maxsus qonun bilan taqiqlangan edi.

Bu qonunni buzgan kontrabandachilar (“butlegger”lar) aroq-vino sotib topgan g‘ayriqonuniy pullarini legallashtirish uchun nomigagina ishlaydigan boshqa korxonalar, jumladan kirxonalar ochgan. (Shu kunda ham amerikaliklarning mutlaq ko‘pchiligi kirlarini uyda emas, balki maxsus kirxonalarda yuvadi)

Butlegger ochgan kirxonada bir tog‘ora ham kir yuvilmagan bo‘lishi mumkin, lekin uning egasi davlat organlariga hisobot topshirar ekan, kirxonasini kunu tun ishlagan va oqibatda “faloncha ming” pul topgan qilib ko‘rsatgan.

Demak, “pul yuvish” iborasi tarixining versiyalaridan biri shudir.

Wiki-izlovga yo‘naltirgan Prezident qizi

12 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova pul yuvishda gumon qilinayotgani to‘g‘risidagi xabar paydo bo‘lishi bilanoq, “pul yuvish” to‘g‘risida O‘zbekcha Vikipediyada ma‘lumot bormikan, deb qiziqdik va mana bu “qush tili”day ma‘lumotga duch keldik.




Chaqqon Wikichilar

Lekin O‘zbekcha Vikipediya faollari ancha chaqqon chiqib qoldiki, Karimovaga oid xabar chiqqan kunning ertasigayoq “Pul yuvish” maqolasining yangi, ancha boyitilgan versiyasi paydo:



Yangi versiyaning hajmi katta bo‘lgani uchun uning suratini to‘la berolmaymiz va shuning uchun unga mana bu ishora orqali kirishni tavsiya qilamiz:

https://uz.wikipedia.org/w/index.php?title=Pul_yuvish&oldid=1606354

NoWikixato

Yana bir gap. Yuqorida “Pul yuvish” maqolasining lotin yozuvidagi eski versiyasini ko‘rdingiz. Ishora bilan kirganingiz yangi versiya ham lotin yozuvida.
Agar maqola turgan sahifaning yuqoridagi chap burchagiga qarasangiz, alfavit o‘zgartirgichga ko‘zingiz tushadi. Uni bosib, matnni kirill yozuviga o‘zgartirishingiz mumkin.

Kirillga o‘tkazgandan keyin ayrim xatolarni ilg‘ay boshlaysiz.

Masalan, “AQSh” “AQSH” bo‘lib qolgan. Bu konvertorning xatosiki, Wiki-ekspertimiz Nodir Otayev bizga bu haqda ham O‘zbekcha Vikipediyada maqola borligini eslatdi.

Mana o‘sha maqola: https://uz.wikipedia.org/wiki/Vikipediya:Konverter

Sizni O‘zbekcha Vikipediya bo‘ylab sayohatga kuzatib qolar ekanmiz, OzodWiki ning kelasi sonigacha xayrlashamiz.
XS
SM
MD
LG