Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:44

Qrimda referendum bo‘lib o‘tdi deb e‘lon qilindi


Qrim muxtor respublikasining tan olinmagan bosh vaziri Sergey Aksyonov yarim orol kelgusi maqomi bo‘yicha referendumni bo‘lib o‘tdi, deb e‘lon qildi. Aksyonovga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan 16.00 gacha saylash huquqiga ega bo‘lgan qrimliklarning 65 foizidan ko‘pi referendumda qatnashib bo‘lgan. Lekin referendumning dastlabki natijalari hali ma‘lum qilinmadi.

Referendumga “Siz Qrimning Rossiya Federatsiyasi sub‘ekti o‘laroq Rossiyaga qo‘shilishi tarafdorimisiz?” va “Siz Qrim respublikasining 1992 yildagi konstitutsiyasi tiklanib, Qrim Ukrainaning bir bo‘lagi maqomida bo‘lishi tarafdorimiz?” kabi ikki savol olib chiqilgan.

Referendum byulletenidagi savollar rus, ukrain va qrim tatar tillarida yozilgan. Ovoz berish mahalliy vaqt bilan 20.00 gacha davom etishi aytilgan.

Qrimning rossiyaparast saylov komissiyasi rasmiylari bugun mahalliy vaqt bilan 15.00 ga qadar saylovchilarning 63,97 foizi referendumda qatnashganini e‘lon qildi.

Qrimning rossiyaparast bosh vaziri Sergey Aksyonov Simferopolda jurnalistlarga bu haqda shunday dedi:

- Faollik ancha yuqori. Hammasi maromida o‘tmoqda. Aminmanki, qrimliklar qaysi mamlakat bilan birga bo‘lish haqida erkin qaror berish imkoniga ega bo‘layaptilar, - dedi Aksyonov.

Rossiya ommaviy axborot vositalari ham Qrimda o‘tayotgan referendumni mutlaqo qonuniy ekanini urg‘ulashga urinayapti.

Ukraina rasmiylari Qrimdagi referendumni noqonuniy, deb e‘lon qilgan.

Referendum to‘g‘risida Qrimda yashovchi kishilarning ham fikri bir xil emas. Ko‘pchilikni tashkil qiluvchi rus millatiga mansub qrimliklar uning Rossiyaga qo‘shilishini yoqlayotgan bo‘lsa, yarimorolda yashovchi qrim tatarlari va ukrainlar uning Ukraina tarkibida qolishini istamoqdalar.

O‘n ikki yil avval O‘zbekistondan Qrimga ko‘chib kelgan va hozir Ukraina fuqaroligini olib, oilasi bilan Simferopolda yashayotgan Rizvon referendumda ovoz bermaganini aytdi.

- Bu yerdagi qrim tatarlar referendumda qatnashmayapti. Chunki, referendumni natijalarini Rossiya oldindan hal qilib qo‘yibdi. Biz qatnashamizmi, qatnashmaymizmi, buni natijasini oldidan hal qilib qo‘yishgan, - deydi Rizvon.

Rizvon va yana bir simferopollik Narimon bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:

Simferopollik Rizvon va Narimon bilan suhbat

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:18 0:00
Бевосита линк


Ukraina parlamenti shanba kuni Qrim Oliy kengashini tarqatib yuborish haqidagi qarorni qabul qildi. Ukraina Qrim Oliy kengashining referendum o‘tkazish qarorini noqonuniy, deb atagan.

Shanba kuni BMT Xavfsizlik kengashining 13 a‘zosi Qrimdagi referendum nolegitim deb atalgan va xalqaro tashkilotlarni uning natijalarini tan olmaslikka chaqirgan rezolyutsiya loyihasini yoqlab ovoz berdi. Rossiya bu rezolyutsiyaga veto qo‘ydi, Xitoy ovoz berishdan tiyildi.

Konstitutsiyaviy huquq bo‘yicha Yevropa kengashi ekspertlari ham 16 mart kuni Qrimda o‘tkazilajak referendum nolegitim, degan xulosaga kelganlar.

Venetsiya komissiyasi o‘z xulosasini bunday referendum o‘tkazish imkoniyati Ukraina konstitutsiyasida ham, Qrim muxtor respublikasi konstitutsiyasida ham ko‘zda tutilmagani bilan izohlaydi.

Ekspertlar bunday referendum o‘tkazish uchun yaratilgan shart-sharoit demokratik standartlarga javob bermasligini ham urg‘ulamoqdalar.

Venetsiya komissiyasining rasmiy xulosasi, ma‘lumotlarga ko‘ra, 21-22 mart kunlari e‘lon qilinishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG