Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:30

O‘zbekistonda elektr va gaz taqchilligi surunkali tus olmoqda


Elektr va gazning yo‘qligi vaziyatida o‘zbekistonliklar uchun sham strategik matohga aylanmoqda.
Elektr va gazning yo‘qligi vaziyatida o‘zbekistonliklar uchun sham strategik matohga aylanmoqda.

O‘zbekistonning qishloq joylarida elektr va gaz taqchilligi jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston hukumati mamlakatning 90 foizidan ortig‘i elektrlashtirilgani, 80 foizidan ortig‘i gazlashtirilganini aytib keladi. Lekin yillar davomida qish mavsumi uchun odatiy hol bo‘lgan bo‘lgan gaz va elektr taqchilligi surunkali muammoga aylanib qoldi, demoqda Ozodlikka murojaat qilgan o‘zbekistonliklar. Bu esa oddiy aholi uchun kundalik qiyinchiliklardan tashqari, tadbirkorlarning faoliyatiga ham jiddiy zarar yetkazmoqda.

O‘zbekiston uchun elektr va gaz taqchilligi muammosi yangilik emas. Lekin mamlakatning chekka qishloqlarini hisobga olmaganda bu muammo odatda qish mavsumi uchun dolzarb hisoblangan. Rasmiylar buni sovuq faslda elektr va gaz manbalariga bosim kuchayishi bilan izohlab kelgan.

Yoz fasli yaqinlashib, shu kunlarda O‘zbekistonda havo harorati 35 darajadan oshib ketganiga qaramasdan, hatto viloyat va tuman markazlarida ham elektr quvvati va tabiiy gaz aholiga o‘ta cheklangan tarzda berilmoqda.

Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanilik Ozodlik mushtariysi, o‘tgan yildan beri na elektr quvvati va na gaz berilayotganini yozdi.

“Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, gaz bo‘lmasa, svet bo‘lmasa, qanday hayot kechirishimiz kerak? Bizda suv ham yo‘q, mening mashinam bo‘lgani uchun uzoqdan suv tashib kelamiz, mashinasi yo‘qlar nima qilsin? Bu muammolar hal bo‘ladimi, yo bu yerdan ko‘chib ketib qutulamizmi?” deb yozadi mushtariymiz.

Uning yana yozishicha, tumanda noyabrь oyigacha aholiga gaz yetkazib berish to‘xtatiladi, degan gap so‘zlar paydo bo‘lgan.

Dang‘ara tumani hokimligi vakillaridan bu holat yuzasidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Lekin aftidan gaz va elektr muammosi Dang‘ara uchungina surunkali holat emas.

Andijon viloyatining Baliqchi tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan Abdulloh ismli tadbirkor tuman markazi hisoblangan Chinobod shaharchasida elektr taqchilligi oddiy aholi turmushini qiyinlashtirish barobarida tadbirkorlar faoliyatiga ham jiddiy zarar yetkazayotganini aytadi. Ishlab chiqarish bilan bog‘liq kichik korxonasi borligini aytgan Abdulloh kunduzi elektr quvvati va gaz berilmayotgani sababidan ishi to‘xtab qolganidan shikoyat qildi.

- Mana yoz kunlari to‘g‘rimi? yozning kunlari bo‘lishiga qaramasdan har kun¸ ishonsangiz, ertalab soat 8da svet o‘chadi, 10da bir yarim soat yonadida, keyin yana o‘chadi. Kunduzi 5-6 soat svet bo‘lmayaptida markazning o‘zida. Gazni endi gapirmasa ham bo‘ladi. Gaz o‘zi anchadan beri yo‘qku. Qishda umuman bo‘lmaydi gaz. yozning kunida yonib qoladi, obed paytlarda 1-2 soat yonib qoladi. Gaz kuchayibroq yonib ketib qolsa, darrov gazchilar keladi.

Ishlab chiqarish to‘xtab qolishidan tashqari, deydi Abdulloh, elektr quvvati o‘chganida mobil aloqasi sifati ham yomonlashishidan mijozlar va hamkorlar bilan aloqa qilishning imkoni ham qolmayapti.

- Aka bizda svet yo‘q bo‘lsa, aloqa umuman yo‘q bo‘lib qoladida, nolga tushib qoladi. Hozir 15 minut bo‘ldi svet yonganiga. Ho‘v bir kuni telefon qilganingizda ham svet yo‘q, gaplasha olmadikda. Antenna chiqmay qoladi svet bo‘lmasa.

Abdullohning aytishicha, nafaqat Baliqchi balki boshqa tumanlarda ham ayni holat kuzatilmoqda. Bir guruh tadbirkorlar mahalliy hokimiyatga chiqib muammoni hal qilib berishni so‘raganlari, lekin tayinli javob ololmaganlarini aytadi suhbatdoshimiz.

O‘zbekiston hukumati mamlakatning 90 foizidan ortig‘i elektrlashtirilgani, 80 foizidan ortig‘i gazlashtirilganini aytib keladi.

Lekin elektr va gaz taqchilligi muammosining o‘zbekistonliklar uchun kundalik turmush qiyinchiliklaridan tashqari boshqa oqibatlari to‘g‘risida Ozodlik keyingi paytlarda tez-tez xabar qilmoqda.

Farg‘onaning Quva tumanida, jumladan, elektr quvvati tez-tez o‘chib qolayotgani bois suv nasoslari ishlamay qolib, yuzlab gektar anor bog‘lari qurib qolgani to‘g‘risida hafta boshida xabar qilgan edik.

Ucell mobil operatorining mulozimi Ozodlik bilan suhbatda elektr taqchilligi shu kunlarda mamlakat bo‘ylab mobil aloqa sifati tushib ketishining asosiy sababi ekani haqida gapirib bergan edi.

Lekin energiya muammosi bilan bog‘liq vaziyat kundan-kunga yomonlashib borayotganiga qaramasadan rasmiylar buni iqtisodiy taraqqiyot belgisi, deya talqin qilmoqda.

“O‘zbekenergo” davlat shirkati rahbari Sherzod Xo‘jayev “Darakchi” gazetasi muxbiri bilan suhbatda elektr ta‘minotidagi uzilishlarni mamlakat iqtisodining “shiddatli” rivojlanayotgani bilan izohlab, muammo aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji o‘sib borayotganiga taqalishini iddao qilgan edi.
XS
SM
MD
LG