Moskva viloyatining Balashixa shahrida “botqoq gazi”dan zaharlanib, uch nafar ishchi nobud bo‘ldi. Politsiya mahalliy fuqaroni qutqarish maqsadida vodoprovod kollektoriga tushib o‘lganlardan ikki nafari O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganini bildirdi.
Moskva viloyati politsiya boshqarmasi vakillari Ozodlik so‘roviga javoban o‘lganlarning ikki nafari o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ekanini tasdiqlab berishdi.
- 24 may kuni, xato qilmasam, Moskva viloyatida 3 kishining o‘ligi aniqlangani to‘g‘risida politsiyaga xabar kelib tushdi. Aniqlanishicha, shu kuni ertalab Aleksandr ismli mahalliy fuqaro o‘z uyiga suv o‘tkazish uchun Balashixa shahrining Shchitnikovo mavzesi 59-uy yonidagi kollektorga tushgan. U yerda botqoq gazi – metan yig‘ilib qolgan ekan va Aleksandr hushidan ketayotib, yordamga chaqira boshlagan. Kollektor yonidan o‘tib ketayotgan ikki nafar o‘zbekistonlik unga yordam bergani tushib, o‘zlari ham zaharlanib o‘lgan,- dedi Moskva viloyati Ichki ishlar vazirligi Bosh boshqarmasi navbatchi ofitseri Ozodlik so‘roviga javoban.
Hodisa joyiga yetib kelgan qutkaruvchilar va politsiya xodimlari ishchilar oddiy xavfsizlik texnikasiga rioya qilmagani bunday fojiaga olib kelganini dastlabki tergovda aniqlanganini ma‘lum qildi.
Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva viloyati bo‘yicha Bosh boshqarmasi mazkur hodisa yuzasidan tergov ishlari ketayotgani, hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkinligini xabar qildi rasmiy saytida.
Balashixadagi politsiya bo‘limlaridan birining o‘z ismini oshkor etishni istamagan xodimi, Ozodlik bilan suhbatda, Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiy xabaridan biroz o‘zgacha ma‘lumot berdi.
Manbaning ma‘lumotiga ko‘ra, shu mavzeda joylashgan kottedjning 73 yoshli egasi Aleksandr ismli rossiyalik santexnik hamda 34 va 36 yoshli ikki nafar O‘zbekiston fuqarosini (ismini bilmaydi.- tahr.) o‘z uyiga suv o‘tkazishga yollagan. Vodoprovod kollektoridagi truba oldiga tushgan Aleksandr metan gazidan zaharlanayotganini sezib, yordamga chaqira boshlagan.
Uning o‘zbekistonlik yordamchilari ikkilanmasdan o‘zini kollektorga otgan va “botqoq gazi”dan ular ham shu yerda zaharlanib o‘lgan.
O‘zbek muhojirlari Rossiyada biror rasmiy hujjatsiz yollanma mehnat bilan shug‘ullanib yurgan. Politsiya boshqarmasi va Tergov qo‘mitasida kollektorda zaharlangan ishchilarning ismi-sharifi hozircha oshkor etilmasligini ma‘lum qilmoqda.
2012 yilning 18 martida Nijniy Novgorod shahrining Priokskiy tumanida is gazidan zaharlanish oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgani, yana ikki kishi shifoxonaga olib ketilgani, nobud bo‘lganlardan uch nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani; shu yilning dekabrida esa Kaliningradda ikki erkak va bir ayol benzin generatoridan chiqqan tutundan zaharlanib o‘lganini Ozodlik xabar bergan edi.
Ayni paytda, 24 may kuni Rossiyaning Leningrad viloyatida O‘zbekistonning ikki fuqarosi o‘z joniga qasd qilgani ma‘lum bo‘ldi. Rossiya tergov qo‘mitasiga ko‘ra, hodisa oilaviy janjal oqibatida ro‘y bergan.
Tergov qo‘mitasi tarqatgan xabarda aytilishicha, 24 may kuni ertalab Sertolovo shahrining Tsentralьnaya ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uy oldida 26 yoshli yigit bilan 51 yoshli ayolning jasadlari aniqlangan. Ularning ikkalasi ham O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.
Dastlabki tergov natijasidan ma‘lum bo‘lishicha, 24 may kuni yigit qallig‘ining oilasi ijarada turgan uyga mehmon bo‘lib kelgan. Qizning onasi bilan yigit o‘rtasida janjal chiqqan va yigit achchiq ustida o‘zini 9-qavat oynasidan o‘zini tashlab yuborgan. Voqea joyiga tez yordam brigadasi kelgan paytda, yigit bilan janjallashgan 51 yoshli ayol ham o‘zini oynadan tashlab nobud bo‘lgan.
Ma‘lum bo‘lishicha, ayol qizining bu yigit bilan turmush qurishiga qarshi chiqqan.
Tergov qo‘mitasi mazkur voqea yuzasidan tergov olib borilayotganini bildirdi.