Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:53

O‘zbekistonlik fermerlar pilla mavsumidan yana zarar bilan chiqmoqda


O‘zbekistonda pilla topshirish mavsumi nihoyasiga yetmoqda. Ozodlik olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, ipak qurti boqishga majburlangan fermerlar topshirilgan pilla uchun bir necha yillardan buyon haq olgani yo‘q. Qishloq odamlari esa fermer beradigan bug‘doy va yer evaziga fermerlarga pilla yetishtirib bermoqda.

O‘zbekiston viloyatlarida pilla topshirish mavsumi nihoyasiga yetay deb qoldi.

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida fermerlik qilayotgan Abduvali Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda to‘rt quti qurtdan 200 kilogramm pilla topshirganini aytdi:

- Bu yoqda paxtani o‘t bosib ketyapti, uni chopish kerak, bu yoqda esa ipak qurtini boqish kerak. Fermerlarga bu ortiqcha tashvish. Koshki pilladan dehqonga biror so‘m foyda bo‘lsa edi. Hech bo‘lmaganda tutning shoxlari o‘tinlikka yaraydi, boshqa ilojimiz yo‘q, dedi Abduvali.

Fermer har bir quti pilla yetishtirish uchun bir qopdan un va sakkiz kilogrammdan paxta yog‘i olganini qo‘shimcha qildi.

Qiziriqlik boshqa bir fermer esa pilla uchun bir necha yillardan buyon haq olmasligini aytar ekan, hatto pillaning xarid narxi qancha ekanini bilmasligini ham ta‘kidlaydi:

- Pilla pulini bermagandan keyin qiziqmay ham qo‘yyar ekansan. Mana shuni boqasan, planni bajarasan, deydi. Majburmiz, bo‘lmasa rahbarlardan kun yo‘q. 70 ga kirgan qari onam axiyri bezor bo‘ldi, bo‘ldi boshqa boqmiman, bir tiyin pul bermasa men senlarga mardikormanmi, yig‘ishtir, dedi. Ishchilarimizga bug‘doy va somon va‘da qilib boqtirib oldik, dedi qiziriqlik fermer.


Pilla pulini berganda "Epika" minib yurardik

Yetishtirilgan pilla uchun fermerlarga haq berilmasligi O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham kuzatiladi.

Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida fermerlik qilayotgan Oyazimxon Xidirova pillaning turgan-bitgani fermer uchun zarar ekanini aytadi:

- Ipak qurtini tarqatganda korobkasiga 50 ming so‘mdan pul beradi. Bergan puli shu. Keyin biz aholi bilan kelishib qurtni tarqatamiz. 2 quti qurt boqib 100 kilo pilla bergan odamga 1 tonna bug‘doy va tomorqa uchun 25 so‘tix yer beramiz. Bu albatta fermer hisobidan bo‘ladi, dedi fermer.

Oyazimxon Xidirova pilla pulini berilishini shirin bir tush deb bilishini aytadi:

- Pilladan bizning hisob raqamlarimizga bir tiyin pul tushmaydi. Agar pul tushganda Arnasoyning fermerlari boy bo‘lib “Epika” minib yurarmidi? Siz bizga ertak aytyapsizmi? Agar g‘ing desangiz, prokuraturaga, ichki ishlarga olib borib kelovradi. E, bore, shu bir oy qiynalsam ham, mendan ketsa ham planini qilib beray, qutulay deysiz. Indamasdan oborib topshiryapmiz, nima qilaylik, bizni tinglaydigan odamning o‘zi bo‘lmasa, dedi Oyazimxon Xidirova.


Pillaning foydasini kim ko‘ryapti?

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, har yili O‘zbekistonda 25 ming tonnadan ko‘p pilla yetishtiriladi.

Jizzax viloyati “Pilla” mas‘uliyati cheklangan jamiyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimning Ozodlikka aytishicha, bu yil har kilogramm pillaning o‘rtacha xarid narxi 6600 so‘m qilib belgilangan:

- Birinchi nav 10500 so‘m, ikkinchi nav 5138 so‘m, nostandart nav 3020 so‘m qilib belgilangan. Endi shuning o‘rtacha narxi 6600 so‘m bo‘lyapti. Vazirlikning taqsimotiga asosan biz fermerlardan olib iste‘molchilarga, ya‘ni yengil sanoat korxonalariga sotamiz. Narxni esa Vazirlar Mahkamasi belgilaydi, dedi mulozim.

Sirdaryo viloyatidagi “Pilla” mas‘uliyati cheklangan jamiyatlardan birining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi pilla topshirayotgan fermerlarga pul yetib bormayotgani sababini shunday izohladi:

- Oldinlar bu sohada katta zarar ko‘rilgan, endi shu zararlarni o‘rnini qoplolmay yotibdi deb aytishadi. Lekin men bu fikrga qo‘shilmayman. Gap pillaning ham paxta kabi monopoliya ekanligida. Fermerlarning e‘tirozlari to‘ppa-to‘g‘ri. Pul ularga yetib bormayapti. O‘rtada qayerdadir yo‘q bo‘lib ketyapti. Agar bizga, MSJlargacha yetib kelganida edi, fermerga ham yetib borardi. Bizgacha ham yetib kelmayaptida, dedi mulozim.

Jahon bozorida bir kilogramm pilla tolasining narxi so‘nggi uch yilda 30-35 AQSh dollarini tashkil etmoqda. Bir kilogramm tola 3 kilogramm pilla xom ashyosidan olinadi. Demak o‘zbek pillasining bir kilogrammi narxi o‘rtacha 10 AQSh dollariga teng.

Pilla xom ashyosini fermerdan sotib olayotgan davlat hozircha unga o‘rtacha 6600 so‘mdan haq bermoqda. Bu rasmiy kursda 3 dollarni tashkil etadi.

O‘zbekistonda fermerlar pilla xarid narxining pastligi va mashaqqatli mehnatidan tegishli daromad ololmayotganidan shikoyat qilib keladi.

Ayni paytda, O‘zbekistonda ipak qurti boqish fermerlarga majburiy ravishda yuklatiladi. Fermerlar esa, ishchilar haqini bug‘doy yoki somon bilan beradi.

O‘zbekistonda pilla xom ashyosini qayta ishlab, uni tolaga aylantiradigan 26ta korxona faoliyat yuritadi.

“O‘zbekengilsanoat” davlat hissadorlik kompaniyasidan Ozodlik olgan ma‘lumotga ko‘ra, bu korxonalar pilla tayyorlash shirkatlari bilan har yili shartnoma tuzadi.

O‘z ismini ochiqlamagan kompaniya mulozimiga ko‘ra, O‘zbekistonda tayyorlangan pilla tolasining 70 foizi eksport qilinadi, 30 foizi mamlakat ichkarisidagi ipakchilik korxonalari ehtiyoji uchun ishlatiladi.
XS
SM
MD
LG