Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:13

Yevropa Sudi hukmi bilan Rossiya buxorolik qochqinga 15,5 ming yevro tovon to‘laydi


Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi ikki yildan buyon Rossiya qamoqxonasida qolayotgan o‘zbekistonlik qochqin Akram Karimovning Rossiyadan ekstraditsiya qilinishini to‘xtatdi. Strasburg sudi qaroriga binoan Rossiya hukumati buxorolik qandolatchiga haqlari buzilgani bois 15,5 ming yevro tovon to‘lashi lozim. Ayni paytda, Rossiyadagi Inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar qochqinlarni o‘g‘irlashga qarshi chora ishlab chiqishni o‘z hukumatidan talab qilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan buxorolik Akram Karimovning haq-huquqlari buzilganini e‘tirof etdi va Rossiyadan 7,5 ming yevro man‘naviy zarar va 8 ming yevro harajatlarni qoplashga tovon undirilishi to‘g‘risida hukm chiqardi.

Akram Karimovning himoyachisi – “Fuqaroviy ko‘mak” inson huquqlari himoyasi tashkilotining Yevropa sudidagi advokati Nadejda Yermolayeva Ozodlik bilan suhbatda sud qarori chiqqaniga qaramasdan, o‘zbekistonlik qochqin Rossiya qamog‘ida yana yarim yilcha qolishi mumkinligini bildirdi.

- U hozirda “Severniy” Xorij fuqarolarini saqlash maxsus priyomnigida qolmoqda. U deportatsiya qilinishini kutib o‘tiribdi, ammo Strasburg sudi qaroridan keyin u berib yuborilmasa kerak. Hozir biz Yevropa sudi chiqargan qarorining kuchga kirishi va uning ozod qilinishini kutyapmiz. Joriy yilning sentyabrida u O‘zbekiston Bosh prokuraturasi so‘rovi bilan qamoqda o‘tirganiga rosa 2 yil to‘ladi, dedi himoyachi.

Advokat Yermolayeva Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi qochqin Akram Karimovning O‘zbekistonga berib yuborilishi uning huquqlari qo‘pol buzilishiga olib kelishini e‘tirof qilganini aytdi.

Hakamlar qaroriga binoan, Rossiyaga ancha marotaba mehnat qilgani kelib turgan Akram Karimov 2010 yilda Podmoskovyeda doimiy yashashga o‘tadi. 2012 yilning mart oyida u Moskvada O‘zbekiston so‘roviga ko‘ra hibsga olindi. Buxoroda shirinpazlik bilan kun kechirib yurgan Karimov O‘zbekistonda milliy va diniy adovat tarqatganlikda, 2005 yil 13 maydagi Andijon voqealarida ishtirok etganlikda ayblanib qidiruvga berilgani ma‘lum.

Nadejda Yermolayeva O‘zbekistondan yuborilgan ayblov xulosasida Buxoroda shirinlik pishirib sotgan Akram Karimov diniy ekstremizmda ayblanayotgan Aliyev ismli tanishini“moddiy ta‘minlaganlik”da ayblanayotgani tufayli qidiruvga berilganini ma‘lum qildi.

2012 yilning sentyabrida Rossiya Bosh prokuraturasi o‘zbek qochqinini ekstraditsiya qilinishiga rad javobini berdi. Biroq, odatdagidek, tergov izolyatoridan chiqishi bilan Akram “Rossiya Federatsiyasi hududida migratsiya qonunchiligini buzgani uchun” yana qo‘lga olindi. Moskvaning Meshchanskiy tuman sudi Karimovni endilikda deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Akram Karimov himoyasi bilan vafot etguniga qadar “Boshpana olish huquqi” dasturi rahbari Yelena Ryabinina shug‘ullanib kelgan.

Suhbatdosh boshqa o‘nlab o‘zbekistonlik siyosiy va diniy qochqinlar kabi Akram Karimov ham ozodlikka chiqsa o‘g‘irlab ketilishi xavfi ostida qolayotganini gapiradi.

- Oxirgi paytlarda avj olgan qochqinlik maqomida bo‘lganlarni o‘g‘irlash va o‘g‘irlashga urinishlar yuzasidan biz – Rossiyada faoliyat yuritayotgan qator nodavlat inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlar, Vazirlar Mahkamasiga maxsus murojaatnoma tayyorlayapmiz. Unda biz Rossiyada kuppa-kunduzi odamlar o‘g‘irlanayotgani yuzasidan biror chora qo‘llashni talab qilamiz. Axir Savriddin Jo‘rayev o‘g‘irlanganidan keyin Strasburg sudi Rossiya hukumatiga bu hodisalarning oldini olishi borasida sora-tadbirlar ishlab chiqishi zarurligini o‘qtirgan. Bir yil o‘tdi, noqonuniy o‘g‘irlashlar soni aksincha ko‘payib bormoqda, dedi “Fuqaroviy ko‘mak” inson huquqlari himoyasi tashkilotining Yevropa sudidagi advokati Nadejda Yermolayeva.

Yermolayeva Rossiya Yevropa sudi va boshqa inson huquqlari tashkilotilaridan tinimsiz tanbeh olayotgani, katta miqdorda jarimalarga solinayotganiga qaramasdan xalqaro qonunchilik himoyasi ostida bo‘lganlarni berib yubormoqda, dedi.

Himoyachiga ko‘ra, buxorolik dindor Akram Karimov ishi yuzasidan Strasburg sudi chiqargan qaror avgust oxirlarida kuchga kiradi.

Ozodlik so‘nggi paytlarda Rossiyada ayniqsa o‘zbekistonlik qochqinlarning o‘g‘irlab olib chiqish holatlari urchib ketgani to‘g‘risida xabar berib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG