Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:20

Ko‘paysin bobo: "Daraxtlarim-bolalarim suvsizlikdan qurib borayapti"


Ko‘paysin boboning bog‘idagi daraxtlar gulladiyu, lekin suvsizlikdan mevasini pishira olmadi
Ko‘paysin boboning bog‘idagi daraxtlar gulladiyu, lekin suvsizlikdan mevasini pishira olmadi

Andijon viloyatining Marhamat tumanida istiqomat qiladigan 84 yoshli Ko‘paysin hoji Shokirovning o‘z qo‘li bilan toshloq adirda yaratgan 5 gektarlik bog‘i suvsizlikdan qurib qoldi. Ko‘paysin boboning iddao qilishicha, viloyat hokimining buyrug‘i bilan joriy yilning bahorida uning bog‘iga suv berilishi to‘xtatilgan. Oqibatda g‘arq hosilga kirgan yuzlab o‘rik va gilos daraxtlari va minglab terak qurib qoldi.

Andijon viloyatidagi Marhamat tumanining Ipak yo‘li ko‘chasidagi 154-uyda istiqomat qiluvchi 84 yoshli Ko‘paysin hoji Shokirov “OzodMikrofon”ga bog‘lanib, hokim buyrug‘i bilan suv berilmay qo‘yilgani sababli 24 yil davomida o‘z qo‘li bilan yaratgan bog‘i qurib borayotganidan shikoyat qildi:

- Men 1990 yilda pensiyaga chiqqanman. O‘sha yili adirdagi tog‘-toshdan besh gektaru 35 so‘tix yer olib, bog‘ yaratishga kirishgan edim. 24 yil davomida 3000 ming dona mevali daraxt va 40 ming dona qurilishbop terak ekib bog‘ qildim. Shuncha yil davomida suv bilan ta‘minlanib keldim. Lekin o‘tgan yildan meni suvdan qisa boshlashdi. Bu yil fevral oyidan esa viloyat hokimining buyrug‘i bilan meni suvdan tamoman uzib tashladi,- deydi keksa bog‘bon.

Ko‘paysin hoji Shokirovning aytishicha, hokim unga suv ta‘minotini tiklab berishni va‘da qilgan, ammo so‘zida turmagan:

- Suvni uzgandan keyin mart oyida viloyat hokimi televideniyeda jonli muloqot qildi. Telefon qilib aytdim hammasini. Hokim suvni tiklab berishga va‘da qildi, lekin hech kim kelib ulamadi. Keyin Andijondagi “Turon” mahalliy televideniyesiga arz qildim. Ular kelib, baklashkalarda suv quyayotganimizni tasvirga olib, chiqardi. Lekin hech qanday natija bo‘lmadi. Daraxtlar ko‘z o‘ngimda quriy boshladi. Yaxshi o‘rikdan 128 tasi, gilosdan 50tasi, teraklardan mingtasi qurib ketdi. Qolganlari ham quriyapti. Bular meni 24 yillik mehnatimni oyoq osti qilishdi, - deydi Ko‘paysin bobo.

Bog‘bonga ko‘ra, uning arz qilib bormagan eshigi qolmadi.

- Bir yarim yildan buyon tuman hokimiga qatnayman. Qabul qilmaydi, meni ko‘rsa qochib ketadi. Prezident devoniga bordim, arz qildim. Lekin hech qanday natija bo‘lmayapti. O‘zingning qo‘ling bilan ekkan daraxtlar o‘zingning bolangday bo‘lib qolar ekan. Ana shu bolalarim menga har kuni suv deydi, lekin suv keltirib berolmayapman. Sho‘rlik daraxtlarim birin - ketin nobud bo‘layapti,- dedi marhamatlik Ko‘paysin bobo Shokirov.

Ozodlik bu voqeaga munosabat olish uchun Marhamat tumani hokimligi bilan bog‘landi. Biroq hokimning o‘z ish joyida emasligi bois boshqa mulozimlar bu savolga javob berish vakolatiga ega emasliklarini aytdilar.

Ozodlik bu voqeani surishtirishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG