Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:38

Bakiyevga orden berildi, Aqayev janozaga keltirilmadi


Qirg‘izistonda sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevga Belorus prezidenti Aleksandr Lukashenko “Xalqlar do‘stligi” ordenini topshirgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgach, Belorusning Bishkekdagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Yana bir sobiq prezident Asqar Aqayev esa akasining janozasida qatnashishdan mahrum etildi.

Bugun Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Belorusning Bishkekdagi elchisi Viktor Denisenkoni chaqirtirib, undan Minskdan boshpana topgan sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevga “Xalqlar do‘stligi” ordeni topshirilishi yuzasidan tushuntirish talab qildi.

Bu borada bir qator internet nashrlar 5 avgust kuni xabar tarqatgan edi. Mazkur xabarlarga ishonilsa, 1 avgust kuni Qurmonbek Bakiyevning 65 yoshga to‘lishi munosabati bilan Belorus prezidenti uni taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

“Aleksandr Lukashenko Bakiyevga yo‘llagan tabrik xatida Qurmonbek Saliyevich, sen juda boysan. Senda nafaqat Qirg‘iziston, balki ikkinchi vataning Belorus ham bor”, degan so‘zlarni aytdi”, deb yozadi internet nashrlar.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan Belorus elchisi Bishkek rasmiylariga Bakiyevning taqdirlanishi yuzasidan biron bir ma‘lumotga ega emasligini va imkoni boricha tez fursatda bu masalada Minskdan rasmiy tushuntirish olib berishini aytgan.

Qurmonbek Bakiyev 2010 yildagi aprel qo‘zg‘oloni ortidan hokimiyatdan quvilgan edi. U Belorusdan boshpana topgan. Shu yilning 25 iyulida Harbiy sud Bakiyevni qo‘zg‘olonchilarga o‘q otishga buyruq berganlikda va 80 dan ortiq odamning o‘limida aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga sirtdan hukm qilgan edi.

2005 yilda hokimiyatdan ag‘darilib, Moskvadan boshpana topishga majbur bo‘lgan yana bir sobiq prezident Asqar Aqayev esa akasining janozasiga qatnashishdan mahrum bo‘ldi.

Asqar Akayevning akasi Bo‘lo‘t 82 yoshida olamdan o‘tdi va Aqayevning shu munosabat bilan 5 avgustda janozaga kelishi kutilayotgan edi. Biroq sobiq prezidentning yana bir akasi Asanqul Akayevning aytishicha, Bishkek rasmiylari Asqar Aqayevning Qirg‘izistonga kelishiga ruxsat so‘rab yozilgan murojaatlarga javob bermagan. Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi esa Aqayev Qirg‘izistonga keladigan bo‘lsa, bir qator jinoyat ishlari doirasida tergov qilinishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Shu munosabat bilan Asqar Aqayev oilasidan janozada faqat uning kichik o‘g‘li Ilim ishtirok etdi. Aqayev davrida yukori lavozimlarda ishlagan O‘smo‘nakun Ibraimov, Kubanichbek Jumaliyev, Qurmanbek O‘smo‘nov kabi davlat va jamoat arboblari ham janozada ishtirok etishdi.

XS
SM
MD
LG