Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:31

Muhojirlar uchun tarixdan test savollari e‘lon qilindi


Rossiya Ta‘lim vazirligi va Federal migratsiya xizmati mehnat muhojirlari uchun tarix fanidan test savollari ro‘yxatini tasdiqladi. Joriy yilning 1 sentyabridan muhojirlar o‘z xohishlariga binoan test topshirishlari mumkin. 2015 yilning 1 yanvaridan esa ishga ruxsatnoma olish uchun rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligidan majburiy ravishda imtihon topshirishi zarur.

Moskvada mehnat muhojirlaridan tarix fanidan olinajak test savollarining yakuniy ro‘yxati e‘lon qilindi. Shu tariqa, Rossiyaga mehnat qilgani kelgan muhojirlar 2014 yilning 1 sentyabridan tarix va Rossiya qonunchiligidan imtihon topshirishi mumkin.

Imtihon savollari Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) test markazi tomonidan tuzilib, Rossiya Ta‘lim vazirligi va Federal migratsiya xizmati tasdig‘idan o‘tdi.

Rossiya test konsortsiumi rasmiy saytiga chiqarilgan savolnomalardan birida 20 savoldan iborat test sinovi varianti berilgan. Har bir savolga uchtadan javob bor.

Moskvadagi “Alyans-Servis” markazi rahbari va Moskva shahar o‘zbeklar jamoasi faoli Timur Muhamedov Ozodlik bilan suhbatda kuni-kecha FMS yig‘ilishida migrantlarga tuzilayotgan savollar iloji boricha osonlashtirilgan ko‘rinishda bo‘lishi kerakligi muhokama etilganini gapiradi.

- Men kuni-kecha huquq, tarix va rus tilidan imtihonlar masalasiga doir yig‘ilishda bo‘ldim. Hukumat tomonidan test va o‘quv markazlari uchun taxminiy imtihonlar narxi belgilandi. Masalan, ishga ruxsatnoma sertifikati uchun narx 3 ming, fuqarolik olishga 5 ming 300 rubl qilib belgilandi. Savollarni ko‘rdim, juda sodda. Spiker Matviyenkoning yig‘ilishda ishtirok etgan vakilasi savollar maksimal tarzda yengillashtirilgan bo‘lishi kerakligini talab qildi. Biz tayyorgarlikka e‘tibor qaratyapmiz. Masalan, markazimiz qoshida faoliyat yuritayotgan “So‘zana” ta‘lim kurslarida 20 yaqin migrant bepul tahsil olmoqda, - dedi mehnat muhojirlari uchun Moskvada tashkil etilgan o‘quv markazi rahbari Timur Muhamedov.

Jamoatchilik faoli Test konsortsiumi tarix fanidan 100 savol tuzgani, bu savollar besh variantga bo‘linganini ma‘lum qildi. Ma‘lum bo‘lishicha, barcha savollar sentyabr boshlarida Rossiya test konsortsiumi saytida paydo bo‘ladi. Test savollari tuzuvchilari tez orada javoblar ham e‘lon qilinishini aytmoqda.

Timur Muhamedov birinchi marotaba topshira olmaganlarga ikkinchi marotaba imtihondan o‘tish imkoni berilishini ham qo‘shimcha qildi.

Test savollari bilan tanishib chiqqan Ozodlik muxbiri savollar darhaqiqat murakkab emasligiga ishonch hosil qildi.

Jumladan, savollar orasida “Rossiya bayrog‘ini topib, belgilang!”, “Rossiya kirib kelayotgan muhojir qanday hujjatni to‘ldirishi zarur?”, “Rossiya milliy valyutasini ko‘rsating!” kabi savollar bilan birga patentni rasmiylashtirish, xorijliklarning Rossiyadagi huquq va majburiyatlari hamda Rossiya tarixiga oid savollar ham mavjud.

Ayni paytda, FMS va RUDN mutaxassislari MDH davlatlarida testlarga tayyorlash kurslarini tashkil etayotgani to‘g‘risida xabar qilindi.

Bu haqda jurnalistlarga gapirgan RUDN prorektori Anjela Doljikova imtihonlar “muhojirlarning Rossiya jamiyatiga integratsiyalashuviga” imkon yaratishini gapirdi.

- Ilgari Rossiyaga kirib kelayotgan xorij fuqarolari faqat rus tilidan imtihon topshirardi. Endilikda ulardan Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslaridan ham imtihon olinadi. Ular osonlik bilan bu imtihonlardan o‘tishi uchun biz maxsus dastur tayyorladik. Unga binoan ular nafaqat Rossiya Federatsiyasi, balki o‘z yurtlarida tayyorgarlik ko‘rib kelishlari mumkin. Buning uchun RUDN MDHning 10 mamlakatida sayyor seminarlar tashkil etadi. Bu seminarlar aynan shu imtihonlarga mutaxassislashgan o‘qituvchilar uchun o‘tkazilmoqda, - dedi RUDN prorektori Anjela Dovjikova.

Mutassadi ma‘lumotiga binoan, seminarlar allaqachon Tojikiston, Armaniston va Gruziyada o‘tkazilmoqda. 2014 yil oxiriga qadar mashg‘ulotlar O‘zbekiston, Moldaviya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Abxaziya, Janubiy Osetiya va Ukrainada tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, mehnat muhojirlarini imtihon qilish to‘g‘risidagi qonun joriy yilning 21 aprelida prezident Vladimir Putin tomonidan imzolandi. Qonunga muvofiq, Rossiyada ishlash, patent olish, vaqtinchalik yashash ruxsatini beruvchi sertifikatga ega bo‘lish uchun migrant rus tili, tarixi va qonunchiligi asoslari bo‘yicha og‘zaki va yozma shaklda imtihondan o‘tishi lozim.

Sertifikatning amal qilish muddati 5 yil. Qonunning o‘zi esa 2015 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi.

Ayni paytda, Rossiya Federal migratsiya xizmati kelasi yil mamlakatga 2 milliondan 5 milliongacha o‘zbekistonlik mehnat muhojiri rasman qabul qilinishini taxmin qilmoqda. Bu esa shu yildagi ko‘rsatkichdan katta farq qilmaydi.

XS
SM
MD
LG