Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:05

TerDU ma‘muriyati magistraturaga qabul "pullanganini" rad qildi


Termiz Davlat universiteti binosi.
Termiz Davlat universiteti binosi.

Termiz Davlat universitetining magistratura bosqichiga imtihon topshirgan talabalar test sinovi natijasidan shikoyat qilmoqda. Ularning iddaosicha, bu bosqichga kirish imtihonini mustaqil nazorat qiladigan universitet o‘qtuvchilari qabul jarayonini noqonuniy pul undirish mavsumiga aylantirgan.

Termiz Davlat universiteti magistratura bosqichining Biologiya yo‘nalishiga imtihon topshirgan bir guruh talabaning Ozodlikka yozishicha, test sinovida “tanish-bilish mexanizmi” qo‘llangan:

“TerDUda magistrlikka imtihon topshirishda adolatsizlik bo‘ldi. Imtihonda MXX xodimlari qatnashmadi. Domlalar o‘zlarining tanish talabalariga har tomonlama yordam berdi. Natijada bilimi bor talabalarning test natijalari juda past chiqdi. Bilimi yo‘qlar esa kirib ketdi”, deb yozdi bir guruh talaba.

Ozodlik maktubda nomi zikr etilgan talabalar bilan bog‘landi. Ulardan birining aytishicha, qabul imtihonidan oldin bo‘ladigan suhbatdan o‘tolmaganlar ham test sinoviga kiritilgan:

- Besh kun ichida imtihon bo‘ldi. Birinchi va ikkinchi kun asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha suhbat bo‘ldi. Biz o‘tdik, lekin o‘tolmagan bir qiz bor edi. U suhbatdan o‘tmagan bo‘lsa ham testga qo‘yildi. Bilsak, qaysidir bir fakultet dekanining kelini ekan. Kecha mandat bo‘ldi va bilsak, o‘sha qiz hammadan ko‘p ball olib, o‘tibdi. Bundan hamma student norozilik bildirdi. Bu yil imtihon paytida rektorimiz ham bo‘lmadi, SNB ham bo‘lmadi, domlalar istagan ishlarini qilishdi, - deydi suhbatdosh.

Imtihon natijalaridan qoniqmagan boshqa bir talabaning aytishicha, bu bosqich uchun test savollarining Davlat test markazi emas, universitet domlalari tomonidan tuzilishi va nazorat qilinishi qabul chog‘idagi qonunbuzarlikka keng yo‘l ochib bergan:

- Test savollarini domlalar o‘zlari tuzadi. Demak, butun imtihon jarayoni o‘zlarining qo‘lida. Ular javoblarni sotadimi yoki oldindan tanish studentlarga beradimi - hammasini o‘zi biladi. Keyin javoblarni ham o‘zlari tekshiradi. Agar magistrlikka o‘qishga kirish uchun testlar ham test markazidan kelganda edi, balki adolatliroq bo‘larmidi, - deydi talaba.

Ozodlik talabalarning bu iddaolariga munosabat olish maqsadida imtihonga mas‘ul bo‘lgan muozimlar bilan bog‘landi.

O‘zini magistratura bosqichiga hujjat qabul qilgan Abdukarim domla, deb tanishtirgan o‘qituvchi talabalarning iddaolarini rad etdi:

- Men talabalarning hujjatini qabul qilishda qatnashganman. Lekin imtihonlar paytida hech qanday qonunbuzarlik bo‘lmagan, - deb telefon go‘shagini qo‘ydi o‘qituvchi.

Ismi sir qolishini so‘ragan universitet o‘qituvchilaridan yana biri muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda oliygohda qonunbuzarlik avj olganini ta‘kidlarkan, magistraturaga kirish imtihonidagi korruptsiyaga oid talabalar iddaosida jon bor, deb bilishini aytdi:

“Uch yildan buyon magistratura bardak bo‘lib ketgan. Xohlagan odamni oladi, xohlagancha ish qilishadi. Agar talabalar arz qilgan bo‘lsa bu yangilik emas, har yili ahvol shu", dedi suhbatdosh.

O‘qituvchiga ko‘ra, ayni paytda davlat pulini o‘zlashtirgani uchun universitetning bir necha rahbari ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan:

“Uch oy oldin universitetni Milliy xavfsizlik xizmati bosgan edi. Uch milliard so‘mga yaqin kamomad aniqlangan. Rektor va prorektor o‘qituvchilarga mukofot, qo‘shimcha ish soatlari yozib, pullarni o‘zlashtirgan ekan. Hozircha faqat bosh buxgalter qamoqda, qolganlari o‘g‘irlangan pullarni davlatga qaytarish harakatida. Qonun bo‘yicha 350 million so‘mdan ko‘p pul o‘g‘irlagan odam hibsda saqlanishi kerak, lekin rektor ochiqda va ishlab yuribdi. Aytishlaricha, respublika milliy xavfsizligida uning bojasi general lavozimida ishlar ekan”, deb iddao qildi TerDUning ismini sir saqlgan o‘qituvchisi.

2012 yilning iyul oyida xuddi shu Termiz Davlat universitetining bir guruh o‘qituvchisi oliygohda tanish-bilishchilik urchiganidan da‘vo qilgan edi.

O‘sha yilning sentyabr oyida esa universitet talabasi oliygohning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori paxta normasini bajarmagan talabalarga kuch ishlatib, yomon so‘zlar bilan haqorat qilayotganidan Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG