Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:38

Nurobod tumani mol bozorida polvonlar bir-birini pichoqladi


Uzbekistan: knife
Uzbekistan: knife

Yakshanba kuni Samarqand viloyatidagi Nurobod tumanining Jom qishlog‘i mol bozorida sodir bo‘lgan ommaviy janjal oqibatida to‘rt kishi og‘ir jarohat olib kasalxonaga yotqizildi. Nurobodning mashhur polvonlari o‘rtasida kelib chiqqan janjalda ishtirok etgan yigirmaga yaqin odam hibsga olindi.

Jom qo‘rg‘onidagi mol bozorida nurobodlik taniqli chavandoz polvonlar - Do‘stmurod va Zulxon polvon oilalari orasida 24 avgust kuni ertalab soat 7 da janjal kelib chiqdi.

Bu janjal oqibatida to‘rt kishi pichoqlanib, og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi.

Voqeaga guvoh bo‘lgan nurobodlik manbaning aytishicha, janjal ikki tomonning bir-birini haqorat qilishidan boshlangan:

“Ular avvaliga bir-birlarini haqorat qilishdi, keyin do‘pposlash boshlandi. Keyin pichoqbozlik bo‘lib ketdi. Do‘stmurod polvon Zulxon polvonga pichoq tortib yubordi. Pichoq uning bo‘ynini o‘ng tomonini kesib yubordi. Bundan g‘azablangan Zulxonning ukasi Do‘stmurodning qorniga pichoq urdi. Keyin Zulxonning ukasi qorniga Do‘stmurodning ukasi pichoq suqib oldi”, dedi voqea guvohlaridan biri.

Suhbatdoshning aytishicha, shundan so‘ng ikki tomon bir-birlarini ayovsiz kaltaklashga tushgan:

“Bilmadim qayerdandir ularning qo‘llarida armaturalar paydo bo‘ldi va bir-birlarini ayamay urib ketishdi. Do‘stmurod polvon oilasidan bir necha kishining boshlari yorildi, qo‘llari sindi. Japasovlardan ham jabr ko‘rganlar ko‘p bo‘ldi”, dedi manba.

Suhbatdoshning aytishicha, janjalni bartaraf etish uchun juda ko‘p militsiya xodimlari va maxsus guruh tashlangan.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasida ishlaydigan Ozodlik manbasi voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Juda katta janjal bo‘lgan. Yigirmadan ortiq odam ishtirok etgan. Hozir ana shu janjalda qatnashgan 17 kishiga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 104-(qasddan badanga og‘ir jarohat yetkazish) va 207-(bezorilik) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda”, dedi ichki ishlar boshqarmasidagi manba.

Nurobod tumanida istiqomat qiluvchi boshqa bir manbaning aytishicha, viloyatda chavandozlik va polvonlik bilan nom chiqargan bu oilalarning o‘zaro janjali bir yildan buyon davom etmoqda:

“Bular taniqli chavandozlar. Bizda og‘ayni deyishadi, ya‘ni qarindoshlar. Quda-anda bo‘lishgan. O‘tgan yilda Do‘stumrod polvon oilasiga kelin bo‘lib tushgan Zulxon polvonning singlisi tug‘ish jarayonida olamdan o‘tgan edi. Keyin bu tomon sizlar qaramagansizlar, deb ularni ayblashdi. O‘shanda ham katta bir mushtlashuv bo‘lgan edi. Delo ochishib keyin tinchitib yuborishgandi. Bu safar ham bozorda eski dardlar eslanishi ortidan bu janjal kelib chiqqan”, dedi nurobodlik manba.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, ayni paytda urug‘-aymoqlar o‘rtasida yangi janjal chiqib ketishining oldini olish uchun bu oilalar yashaydigan joylarga bir necha militsiya naryadi tashlangan.

Jarohat olganlar Samarqand shahridagi shoshilinch tez tibbiy yordam kasalxonasiga yotqizilgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan kasalxona vrachlaridan biri pichoqlanganlarning to‘rt nafarini ahvoli o‘rtacha og‘ir ekanligini aytdi:

"Hammasi bo‘lib 20 nafardan ortiq odam kasalxonaga yotqizilgan. Shulardan besh nafariga birinchi yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berildi. To‘rt kishi operatsiya qilindi, ular reanimatsiya bo‘limida qolmoqda. Ahvollari o‘rtacha og‘ir, dedi kasalxona vrachi.

XS
SM
MD
LG