Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:51

Guliston universiteti prorektori pora olganlikda gumonlanib hibs etildi


Guliston Davlat universiteti prorektori pora olishda gumonlanib qo‘lga olingani haqida xabar bergan Ozodlik manbasiga ko‘ra, ish kabinetida Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan olib ketilgan. Bu so‘nggi ikki oy ichida universitetda pora olishda gumonlanib qo‘lga olingan ikkinchi mulozimdir.

Guliston davlat universitetining ma‘naviy va ma‘rifiy ishlari bo‘yicha prorektori 35 yoshli Sulton Normamatov 5 sentabr kuni soat 16da milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan ish kabinetida hibs qilingan.

Ismi sir qolish sharti bilan bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan universitet o‘qituvchisiga ko‘ra, Sulton Normamatov bu yil o‘qishga kirgan talabadan pora olishda gumonlanmoqda:

- Prorektor bu yilgi kirish imtihonlari paytida ijodiy imtihonlarga mas‘ul kotib bo‘lgan. Bu voqeadan yaxshi xabari bor universitet rahbarlaridan birining aytishicha, ana shu imtihondan domlaning yordami bilan o‘tgan, lekin kelishilgan haqni bermagan studentdan 500 dollar miqdorida pora olayotganda, milliy xavfsizlik xodimlari kabinetga bostirib kirib prorektorni hibs qilgan, dedi o‘qituvchi.

Suhbatdoshning aytishicha, prorektor Sulton Normamatov universitet binosidan qo‘liga kishan solingan holda olib chiqib ketilgan.

Guliston Davlat universiteti rektorining ismini aytmagan yordamchisi Ozodlikka Sulton Normamatovning hisbga olinganini inkor etmadi, lekin bu haqda hech qanday ma‘lumot berolmasligini aytdi.

Prorektor so‘nggi ikki oy ichida Guliston Davlat universitetida qo‘lga olingan ikkinchi mansabdor shaxsdir.

Universitet o‘qituvchisining aytishicha, bundan ikki oy muqaddam filologiya fakulьtetining domlasi ham pora olganlikda gumonlanib, hibsga olingan edi:

- Filologiya fakulteti dekanining o‘quv ishlari bo‘yicha muovini Ma‘ruf Qambarov degan domla ham ikki oy oldin 1000 dollar pora bilan qo‘lga tushgan edi. Bu universitetda korruptsiya qancha avj olganini ko‘rsatadigan dalil, menimcha. Kuni kecha hibs qilingan prorektor yaxshi yigit edi, fan nomzodi edi. Prezident akademiyasida 4 oy o‘qib kelgan edi. Endi, bular aslida sistema qurboni bo‘lyapti. Chunki, o‘qituvchilar oyligining pastligi va faqat maoshga oilani tebratishning imkoni yo‘qligi korruptsiyaga zamin yaratmoqda, dedi universitet o‘qituvchisi.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, Guliston Davlat universitetidagi bu voqea keyingi oylar ichida o‘tkazilayotgan “tozalash” tadbirining bir qismi, deb ko‘rilmoqda.

27 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudida o‘tkazilayotgan mahkama paytida, kutilmaganda Sirdaryo viloyati Milliy xavfsizlik xizmati maxsus guruhi sud zaliga kirib keldgan va sudya, davlat qoralovchisi hamda sudlanuvchining advokatini olib chiqib ketgan edi.

O‘tgan hafta boshida, Qashqadaryoda Milliy xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ibrohim Dehqonboyev bilan birga yana bir necha amaldor hibsga olingan edi. Undan avvalroq esa, MXXning 12 nafar zobiti uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm etilgan edi.

Huquq-tartibot idoralari ichidagi tozalash jarayoni natijasida so‘nggi 2-3 oy ichida MXX, ichki ishlar, prokuratura, bojxona, soliq tizimida yuzlab xodimlar ishdan olingani va ko‘plari qamoqqa tashlangani aytiladi.

XS
SM
MD
LG