Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:50

Rossiya hukumati 2015 yilda muhojirlar sonini kamaytirmoqchi


Rossiya hukumati 2015 yilda muhojirlarning mehnat faoliyatiga yangi cheklovlar joriy qilinishini bildirdi. Rossiya Mehnat vazirligi qaroriga ko‘ra, qurilish, savdo, qishloq xo‘jaligi, trasport va boshqa sohalarda mehnat muhojirlari soni qat‘iy belgilanadi. Mehnat vazirligi mazkur qarorni “mahalliy fuqarolarni ish bilan ta‘minlash zarurati” bilan izohladi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Rossiya hukumati o‘z qarori bilan mamlakat hududida mehnat qilayotgan xorij fuqarolari soniga oid har yilgi reglamentni belgilab boradi. Biroq, kelgusi 2015 yilda Rossiyaning barcha mintaqalarida mehnat muhojirlari soni qisqartiriladi.

Bu haqda Ozodlik so‘roviga javob bergan Rossiya Mehnat vazirligining Aholini ish bilan ta‘minlash departamenti boshlig‘i Mixail Kirsanov joriy qilinajak cheklovlar to‘g‘risida bularni bildirdi.

- Xorij fuqarolarining 2015 yilga Rossiya Federatsiyasi turli sohalaridagi iqtisodiy faoliyatida ruxsat etilgan soniga oid raqamlar o‘rnatish bo‘yicha takliflar kiritildi. Bu sohalar soni o‘ntadan sal ko‘proq: meva-sabzavot yetishtirish, qurilish, savdo, yer usti yo‘lovchi transport, avtomobil va yuk tashish transporti va sport sohasidagi faoliyat,- deydi vazirlik rasmiysi.

Mixail Kirsanov hukumat turli sohalardagi vaziyatni o‘rganib chiqib, xo‘jalik sub‘ektlari talab-takliflarini tadqiq etib, 2014 yilga nisbatan xorij fuqarolarining ishlab chiqarish va xo‘jalikdagi sonini qisqartirishga qaror qilganini bildirdi.

Yangi qarorga muvofiq, 2015 yilda Rossiyada muhojirlar soni quyidagicha qilib belgilanadi:

  • sabzavot yetishtirish - ko‘rsatilgan xo‘jalik sub‘ektlarida faoliyat yuritayotgan ishchilarning umumiy sonidan 50 foizi;
  • qurilish - ko‘rsatilgan xo‘jalik sub‘ektlarida faoliyat yuritayotgan ishchilarning umumiy sonidan 50 foizi;
  • alkogol ichimliklar chakana savdosi, jumladan maxsus do‘konlarda pivo sotish - ko‘rsatilgan xo‘jalik sub‘ektlarida faoliyat yuritayotgan ishchilarning umumiy sonidan 15 foizi;
  • tamaki mahsulotlarining maxsus do‘konlarda chakana savdosi - ko‘rsatilgan xo‘jalik sub‘ektlarida faoliyat yuritayotgan ishchilarning umumiy sonidan 15 foizi;
  • dori-darmon mahsulotlarining maxsus do‘konlardagi (aptekada) chakana savdosi - ko‘rsatilgan xo‘jalik sub‘ektlarida faoliyat yuritayotgan ishchilarning umumiy sonidan 0 foizi;
  • ko‘chmas savdo ob‘ektlari va bozorlardagi chakana savdo - ko‘rsatilgan xo‘jalik sub‘ektlarida faoliyat yuritayotgan ishchilarning umumiy sonidan 0 foizi;
  • do‘kon, chodir, bozor tashqarisida chakana savdo - ko‘rsatilgan xo‘jalik sub‘ektlarida faoliyat yuritayotgan ishchilarning umumiy sonidan 0 foizi;
  • yer usti yo‘lovchi transporti faoliyati - ko‘rsatilgan xo‘jalik sub‘ektlarida faoliyat yuritayotgan ishchilarning umumiy sonidan 50 foizi;
  • sport sohasidagi faoliyat - ko‘rsatilgan xo‘jalik sub‘ektlarida faoliyat yuritayotgan ishchilarning umumiy sonidan 50 foizi.

Rossiya Mehnat vazirligi departamenti boshlig‘i Mixail Kirsanov chet elliklarning Rossiyada faoliyati yuritishiga cheklovlar eng avvalo mahalliy aholi manfaatini ko‘zlab qabul qilinayotganini a‘lohida ta‘kidladi.

- Rossiya fuqarolarini ish bilan ta‘minlash birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lgani bois bu cheklovlar o‘rnatilmoqda. Bunday qarorlar doimo qabul qilib kelingan: 2014 yilda ham bunday cheklovlar bo‘lgan. Shunchaki, 2015 yilda vaziyat biroz o‘zgargani bois sohalar doirasi ham kengaytirildi. Bizda ishga tayyor bo‘lgan zahiralarimiz mavjud. Afsuski, bunday cheklovlar bilangina noqonuniy mehnat faoliyatini batamom yo‘q qilishning iloji yo‘qligini tushunib turibmiz. Axir, bu noqonuniy faoliyat bilan eng avvalo bizning fuqarolarimiz shug‘ullanmoqda. Shu sababli, muammo kompleks tarzda hal etilishi lozim,- dedi Rossiya mehnat vazirligi rasmiysi Mixail Kirsanov.

Xorij fuqarolariga bozor va rastalarda savdo qilishga ruxsat etilmayotgani yirik shaharlarda bozorlar o‘rnini yarmarkalar va savdo markazlari egallayotgani bilan ham izohlanmoqda.

Vazirlikdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 2014 yilda, masalan, pivo savdosi bilan 15 foiz xorijlik shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan.

Rossiya hukumati yildan yilga mamlakatdagi xorijlik ishchilarning sonini kamaytirishga qaratilgan boshqa mexanizmlarni ham joriy etmoqda. FMSning Moskva shahri bo‘yicha boshlig‘i Natalya Kirillova so‘nggi bir yilda poytaxtning o‘zida ro‘yxatga olingan migrantlar soni 50 foizga ko‘paygan bo‘lsa-da, o‘tgan 9 oy davomida Moskvadan 32 ming xorijlik chiqarib yuborilgani, yana 500 ming kishiga mamlakatga kirish ta‘qiqlanganini ma‘lum qildi.

Federal migratsiya xizmati tarqatgan rasmiy ma‘lumotlarga binoan, Rossiya Federatsiyasida 2013 yilda 11,2 million mehnat muhojiri mavjud bo‘lib, ularning asosiy qismi Moskva va Sankt-Peterburg shahri, Moskva viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Rossiyada yashab, mehnat qilayotgan jami muhojirlardan 23 foizdan ortig‘i O‘zbekiston, 10 foizi – Tojikiston fuqarolaridir.

XS
SM
MD
LG