Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:21

Zo‘rlagan erkakni chavaqlagan ayol o‘n yilga kesildi


Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanining Qiziltepa qishlog‘ida yashovchi 29 yashar Nurjamol Toptiyeva uni zo‘rlab, keyin shantaj qilgan 40 yashar Abdumalik Xalilovni chavaqlab o‘ldirdi. Sud uni qasddan odam o‘ldirganlikda aybdor deb topib, o‘n yilga ozodlikdan mahrum etdi. Nurjamolning yaqinlari uning o‘z nomusi va oilasini himoya qilish uchun ilojsizlikdan qotillikka borganini sud hisobga olmaganidan va unga juda qattiq jazo tayinlanganidan shikoyat qilmoqda.

31 oktabr kuni Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani jinoyat ishlari sudi Oltiariq tumanining Qiziltepa qishlog‘ida yashagan, uch farzandning onasi 29 yashar Nurjamol Toptiyevani qasddan odam o‘ldirganlikda aybdor deb topib, uni 10 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi.

Sudning bu hukmidan norozi bo‘lgan Nurjamolning eri, Jahongir Toptiyevning Ozodlikka aytishicha, uning xotini shantaj qurboni bo‘lgan:

- U bola (Abdumalik Xalilov – tahririyat) bilan biz aka-ukaday gaplashib yurardik. U bizning uyimiz yaqinidagi podstantsiyada montyor bo‘lib ishlardi. Lekin u bir kuni men yo‘g‘imda uyga kirib xotinimni urib, hushidan ketkizib, zo‘rlagan. Keyin men seni telefonga videoga oldim, birovga aytsang Internetga chiqarib yuboraman, sharmanda bo‘lasan, deb qo‘rqitgan. Xotinim qo‘rqib hech kimga aytmagan. Keyin yana bir marta men bilan yotmasang internetga chiqaraman deb, zo‘rlagan,- deydi Nurjamolning eri.

Jahongir shundan so‘ng xotini kamgap va kasal bo‘lib qolganini aytadi:

- Xotinim kechalari baqirib uyg‘onib ketadigan, tez-tez kasal bo‘ladigan bo‘lib qoldi. Men esa uni mullalarga o‘qitib yuribman. Axiyri, bir kuni menga to‘g‘risini ayt nima bo‘lyapti, dedim. Keyin xotinim bo‘lgan voqealarni aytib berdi. Abdumalik xotinimdan bir yarim million so‘m pul topib bermasang videoni internetga chiqarib yuboraman deb tahdid qilayotgan ekan. Men aytdimki, bo‘ldi uch bola menda qoladi, senga javob dedim. Xotinim rosa yig‘ladi, lekin ketmadi,- deydi Jahongir.

Uning aytishicha, shu gapdan so‘ng ertasi kuni xotini Abdumalikni chavaqlab tashlagan:

- Men sahar mol boqqani chiqib ketdim. Xotinim uyda choy ichib turgan ekan. Shu payt Abdumalik uyga kelib xotinimni yana shantaj qila boshlagan. Pul qani, bo‘lmasa men bilan yotasan degan. Xotinim esa sen iflos meni oilamni barbod qilding, yo‘qol deb baqirgan. U esa xotinimni qo‘lidan sudrab uyga olib kirmoqchi bo‘lgan. Men ayvonga qish uchun o‘tin tayyorlab qo‘ygan edim. Shu payt xotinim bita g‘o‘lani olganda uning boshiga solgan. U bola dasturxonni ustiga yiqilib tushgan. Shunda xotinim dasturxondagi oshpichoqni olganda ayamay sanchib olavergan. To joni chiqquncha 18 marta pichoq suqib olgan. Qiy-chuvlarni eshitib yugurib kelsam Abdumalik chavaqlanib qoniga belanib yotardi. Qo‘shnilar esa xotinimni mahkam ushlab olib turishardi. Xotinim esa o‘zida yo‘q, baqirib dod voy solardi,- dedi suhbatdosh.

Jahongirning aytishicha, shantaj domiga tushib qolgan xotini bu azoblarga xotima berish uchun boshqa chora topolmagan. "Sud esa uning shantaj qilinganini, noilojlikdan qotillikka qo‘l urganini e‘tiborga olmagan", deydi suhbatdosh:

- Xotinim sudda aytdiki, men uni chaqirganim yo‘qku, u mening uyimga bostirib keldiku. U meni shantaj qilib, yana pul talab qilganidan, yana rasmingni tarqataman deganidan keyin men boshqa chidolmadim, boshqa choram qolmadi, uni qanday pichoqlaganimni ham aniq eslolmayman, dedi. Lekin sud bu gaplarni inobatga olmadi. Prokuror o‘n yil so‘ragandi, shuncha bervordi,- dedi Jahongir Toptiyev.

Nurjamol Toptiyevning advokati Rustam Abdurahmonov ham sudning qaroridan norozi ekanligini Ozodlikka aytdi:

- Ikki marta qo‘rqitib ayolning nogmusiga tekkan. Uchinchi martasida ayolning sabri boshqa chidamagan. Ekspertning xulosasi ham bor. Nurjamol qotillik sodir qilganda kuchli affekt holatida bo‘lgan. Men sudning hukmidan noroziman, appelyatsiyaga ham sud bu ishni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 98- kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish moddasi bilan malakalanishi lozim edi, deb yozib berdim. 2 dekabrda appelyatsiya bo‘ladi, ko‘ramiz,- dedi advokat Rustam Abdurahmonov.

Bu hukm yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudidan munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG