Линклар

Ukrainaning Odessa shahrida mashina portlatilishi guvohi bo‘lgan va hodisani videotasvirga olgan o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Sid Yanishev mahalliy politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, so‘roq qilindi. Yotoq joyi tintuv qilinib, shunchaki hodisa guvohi ekani aniqlanganidan keyin, qo‘yib yuborilgan toshkentlik jurnalist Ozodlikning Ukrainadagi hozirgi vaziyat to‘g‘risidagi savollariga javob berdi.

23 dekabr kuni Odessaning Jukovskiy ko‘chasida “Moskvich 2141” avtomobili portlatilishiga tasodifan guvoh bo‘lgan o‘zbekistonlik taniqli jurnalist va musiqachi Sid Yanishev mahalliy politsiya bo‘limiga olib ketildi va so‘roq qilindi.

Odessada portlash joyidagi tergov
Odessada portlash joyidagi tergov

OMONning maskachan jangchilari uni voqeani videotasvirga tushirayotganda hibs etgani ma‘lum.

Odessa oblast Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy xabariga ko‘ra, jurnalist yashayotgan joy tintuv qilingan, shaxsiy tekshiruv o‘tkazilib, unga olib qo‘yilgan kamera va telefoni qaytarib berilgan.

"Portlash" to‘g‘risida

Sid Yanishev o‘zi guvoh bo‘lgan hodisa tafsilotlarini gapirib berdi. Uning aytishicha, "portlash" soat 18-larda “evromaydan”chilarning “Jamoatchilik xavfsizligi kengashi” binosi oldida bo‘lgan.

Odessada portlatilgan mashina
Odessada portlatilgan mashina

- Bu hatto portlash ham emas edi – kimdir mashina ostiga portlovchi paket tashlab ketibdi, mashinaning orqa bamperi otilib ketdi, xolos. Bu ish "portlash" atrofida shov-shuv ko‘tarish va o‘ziga e‘tiborni oshirishni istagan “maydonchi”larga kerakli bo‘lgan. Shu tariqa “maydon”ga qarshi chiqqanlarni ayblash uchun zarur bo‘lgan, menimcha, deydi Sid Yanishev.

4 soat mahalliy militsiya bo‘limida saqlanganidan keyin, u qo‘yib yuborilgan.

Ukrainaliklarning kundalik hayoti to‘g‘risida

Mustaqil jurnalist, shuningdek, Ukranadagi hozirgi vaziyat haqida ham o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.

Uning aytishicha, shaharda tinchlik va sokinlik hukm surayotganiga qaramasdan, odamlarda zimdan qandaydir xavotir borligini sezish mumkin.

- Umuman olganda bu yerda, Odessada, odamlar orasida tanglik sezilmayapti. Ammo menga aytishdiki, kuch ishlatar tizimlar shay holatda, qandaydir qo‘rqinchli vaziyatni kutib o‘tirgandek. Ammo odamlar o‘sha-o‘sha: ishga borib-kelyapti, dam olyapti... Bu yerda hatto qo‘shni Lugansk va Donetskdagi urush bo‘layotgani umuman sezilmaydi. Go‘yo bu urush uzoqda, boshqa mamlakatda bo‘layotganidek. Odamlar turmush tarzini mutlaqo o‘zgartirmagan, deydi mashhur kurortlardan sanalgan Odessa shahrida hayot deyarli o‘zgarishsiz davom etayotganini xabar qilgan suhbatdosh.

Grivna va dollar nisbati to‘g‘risida

Ukrainaliklarning kundalik hayotini tasvirlar ekan, Sid dollar kursi mahalliy grivnaga nisbatan kun sayin oshayotganiga qaramasdan, narx-navoning o‘sishi kuzatilmayotganini ta‘kidladi.

- Barcha magazinlar tovarlarga liq to‘la. Narxlar ham o‘zgarishsiz. Dollar surunkali ravishda o‘sib borayotganiga qaramasdan – oxirgi bir oy davomida dollar 20 foizga ko‘tarildi – ayni paytda, oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘zgarayotgani yo‘q! Kimda dollar bo‘lsa qo‘lida bunday vaziyat juda qo‘l kelmoqda: ular o‘sib borayotgan dollar kursi bo‘yicha almashtirib, xarid qilmoqda, deydi Sid Yanishev.

U ikki yil oldin Odessaga kelganida bir dollar 8 grivna turgani, hozir u 16 grivnaga sotilayotgani, shunga qaramasdan kundalik oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘zgarmaganini qayd etdi.

Hukumatga munosabat borasida

Toshkentlik jurnalist Ukraina aholisi ham, rossiyaliklar kabi, yangi hukumatga turlicha munosabatda bo‘layotganini ta‘kidladi.

- Munosabat masalasida odamlar fikri bo‘linib ketgan. Rossiyadagidek, kimdir Poroshenko hukumatini hurmat qiladi, kimdir uni yoqtirmayapti. Ya‘ni odamlarda turlicha fikrlar mavjud. Men ko‘plari bilan shaxsiy muloqotda bo‘ldim, umumiy va yagona bir qandaydir munosabat yo‘q, deydi jurnalist.

Kayfiyat to‘g‘risida

Suhbat so‘ngida Sid Yanishevga mahalliy ruslarning Ukraina sharqida bo‘layotgan hodisalarga bo‘lgan qarashlari borasida savol berdik. “Mahalliy ruslarda “Biz ham ajralib chiqmoqchimiz, mustaqil davlat tuzmoqchimiz”, degan kayfiyat ko‘rinmayaptimi?” savolimizga:

- Mutlaqo yo‘q! Bunday kayfiyat umuman sezilmaydi, deya gapni qisqa qildi Sid.

XS
SM
MD
LG