Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:49

700 ming dollarlik quyosh elektr stantsiyasi quvvati 14ta uyga yetadi


Popdagi quyosh elektr stansiyasi hozircha 14 xonadonni ta‘minlashga yetarli elektr quvvati bermoqda.
Popdagi quyosh elektr stansiyasi hozircha 14 xonadonni ta‘minlashga yetarli elektr quvvati bermoqda.

Dekabr oyi o‘rtasida Namanganning Pop tumanida ishga tushirilgan O‘zbekistondagi ilk quyosh elektr stansiyasi Yangiobod mahallasida sinovdan o‘tkazilmoqda. Stansiya xodimlariga ko‘ra, 700 ming dollarlik qurilma Yangiobodda elektr taqchilligini hal qila olganicha yo‘q.

Yangiobodliklar quyosh elektr stansiyasidan foydalanmoqda

Sharqiy Farg‘ona kanali bo‘yida, Namanganning Pop tumanida qurilgan quyosh elektr stansiyasi imkoniyatlari bir yil davomida Yangiobod mahallasida sinovdan o‘tkaziladi.

Bu haqda Ozodlikka ushbu stansiya faoliyatidan yaxshi xabardor Popdagi manba ma‘lum qildi.

“Ishga tushirilganiga 20 kuncha bo‘ldi. Bir yil davomida sinab ko‘riladi. Yangiobod mahallasini tok bilan ta‘minlaydigan transformatorga quyosh stansiyasi ishlab chiqarayotgan energiya ulab qo‘yildi”, dedi manba.

Janubiy Koreya fotoelektr sanoati uyushmasi bilan “O‘zbekenergo” kompaniyasi hamkorligida ishga tushirilgan Pop quyosh elektr stansiyasiga 700 ming AQSh dollari sarflangan.

“Stansiyaga Hanhwa, JSPV, S-Energy va TopSum kompaniyalari panellari o‘rnatilgan. Ular sinab ko‘rilayapti. Qaysisining effekti ko‘p bo‘lsa, o‘sha tanlab olinadi. Hozir panellar qancha tok berayotgani kompyuterlarda qayd qilib borilmoqda. Keyin O‘zbekistonning boshqa joylarida quriladigan quyosh stansiyalarida o‘sha tanlangani ishlatiladi”, dedi stansiya faoliyatidan yaxshi xabardor manba.

stansiya quvvati 14ta uyga yetadi

Ozodlik manbasiga ko‘ra, 130 kilovatt/soat quvvatga ega stansiya hozirda kuniga o‘rtacha 28 kilovatt energiya ishlab chiqarmoqda:

“Hozir yorug‘lik kam. Shunga kam energiya berayapti. Yozda ko‘p bo‘lishi kerak”, deydi manba.

Agar O‘zbekistonda bitta xonadon bir kunda o‘rtacha 2 kilovatt energiya sarflashi hisobga olinsa, Popdagi quyosh energiyasi hozirda 14ta xonadonni bir kunlik energiya bilan ta‘minlaydigan energiya berayapti.

"Yangi stansiya xavf ostida"

Lekin quyosh elektr stansiyasi qurilishi Yangiobod mahallasidagi elektr taqchilligi muammosini hal qilishga yordam bera olmadi. Buning ustiga elektr taqchilligidagi uzilishlar yangi stansiya faoliyatini xavf ostiga qo‘ymoqda. Bu haqda Quyosh elektr stansiyasi xodimlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytdi:

“Bu transformatorga ulangani bois liniyada tok bo‘lmasa ishlamaydi. Agar liniyada tok bo‘lmasa, bu ham o‘chadi. Stansiyani qurgan Koreya mutaxasislari elektrda uzilishlar bo‘lmasligini ta‘minlashni so‘rashgandi. Biz tegishli tashkilotlarga birinchi kategoriyaga ulab berishlarini so‘rab bir necha bor yozdik. Lekin natija yo‘q. Ulab berishmadi. Hozir xavotirdamiz. Tokning bunaqa tez-tez o‘chishi natijasida stansiya jihozlari kuyib qolishi mumkin”, dedi stansiyaning ismini ochiqlamayotganimiz xodimi.

O‘zbekistonda 7ta quyosh elektr stansiyasi quriladi

Popdan tashqari O‘zbekistonda yana 6 ta quyosh elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan.

Hozirda Samarqand viloyati Samarqand tumani hududidagi 400 gektar maydonda qurilayotgan quyosh elektr stansiyasi Popdagidan ancha kattaroq bo‘lib, 100 MVt quvvatiga ega bo‘ladi.

Joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan ushbu stansiyani moliyalashtirish mas‘uliyatini Osiyo Taraqqiyot banki (OTB) zimmasiga olgan.

Samarqanddagi stansiya ustida talash

O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova wordpress blogida, Twitter va Facebook sahifalarida O‘zbekistonda muqobil energiya manbalariga oid loyihalar doirasida Osiyo taraqqiyot banki, O‘zbekiston qayta qurish va taraqqiyot jamg‘armasi pullariga o‘tkazilayotgan tenderlar yuzasidan tanqidiy fikr bildirgandi.

Karimova xonim Samarqanddagi quyosh elektr stansiyasi, Navoiy viloyatidagi erkin iqtisodiy zona va boshqa loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimovni korruptsiyaga aralashganlikda aybladi.

Rustam Azimov shu paytgacha Gulnora Karimovaning bu ayblovlariga biror munosabat bildirgani yo‘q.

Harakat.net saytida e‘lon qilingan maqolada Gulnora Karimovaning Samarqanddagi quyosh elektr stansiyasi loyihasidan moddiy manfatdorlik ko‘zlagani, biroq bu Rustam Azimov tomonidan rad qilingach, unga qarshi ayblovlar yangragani haqida yozilgan.

XS
SM
MD
LG