Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:50

So‘x janjaliga 2 yil to‘ldi: Bozorlar va mozorlar bo‘lindi​


2013 yilning 5 yanvarida boshlanib 7 yanvarida yakunlangan So‘x janjalidan ikki yil o‘tganiga qaramay, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi qo‘shni qishloqlar aholisining munosabatlari va o‘zaro savdo–sotiqlari shu kungacha qayta tiklanmagani aytilmoqda.

So‘xlik: “Tashlang-tashlang”, deydi, nimani tashlayman?

So‘xlik Abdujalil Majidov O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida ikki yil avval sodir etilgan janjaldan so‘ng chegaradan o‘tish o‘ta murakkablashib ketgani va chegarada ta‘magirlik avj olganidan shikoyat qiladi:

-Men bir masalani aytmoqchi edim. Bugungi kunda bironta so‘xlik Farg‘onaga pulsiz bora olmaydi, pul bermasa chegaradan o‘tolmaydi. GAIsi naxalniy turib oladi, “Davay, tashla-tashla”, deydi. Yoki men, masalan, Farg‘onaga bir korobka olma olib ketyapman, nabiralarimga. Haligi postdagi chegarachisi aytadi: “Aka, tashang-tashang” deydi... Nimani tashlayman?

O‘zini Ravshan Komilov deb tanishtirgan yana bir so‘xlik tadbirkor ham mana shunday ta‘magirliklardan bezib ketganini aytdi:

--Men tadbirkorman, Farg‘onadan yuk olib kelish juda qiyinlashib ketdi. Birinchidan, chegaradan ikki sutkada o‘tamiz. Ikkinchidan, bojxona va pogranzona 100 ming deydi, biroq 50 ming pul oladi. Uch-to‘rt joyda GAIlar to‘xtatib 50 mingdan oladi. Minimum 500 ming pul bilan So‘xga kirib kelayapmiz.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, 2013 yildagi So‘x janjalidan so‘ng Qirg‘iziston So‘x eksklavidan Farg‘ona va Rishtonga eltadigan eng yaqin yo‘llarni yopib qo‘ygan. So‘xliklar shu kunlarda avvallari 3 ming so‘m ketadigan yo‘lga 30-40 ming so‘m sarflab,uzoq aylanma yo‘llar orqali Farg‘onaga qatnamoqda.

So‘xliklarning mashinalari toshbo‘ron qilinmoqda

So‘xliklar Ozodlik radiosining avvalgi eshittirishlarida shaxsiy mashinalarida Qirg‘iziston hududidan o‘tayotganlarida toshbo‘ronga uchrayotganliklari va kamida 23 so‘xlikning avtomobillariga ziyon yetkazilgani haqida shikoyat qilgan edilar.

Qirg‘izistonning Botken viloyat militsiyasi O‘zbekistonning So‘x eksklaviga eltuvchi yo‘lda O‘zbekiston fuqarosi Xursanjon Ilyosovning Neksiya avtomashinasini toshbo‘ron qilgan qadamjoylik Gayrat Isakov 2014 yilning 27 may kuni qo‘lga olinganini bildirgan.

Qirg‘iz militsiyasining bildirishicha, o‘tgan yilning 14 mayida So‘xda yashovchi O‘zbekiston fuqarosining “Mersedes- bens” mashinasini vayron qilgan ikki qirg‘izistonlik ham qamoqqa olingan. Mazkur ikki voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Botkenlik: “Chegaraning yopilishidan o‘zbek ham, qirg‘iz ham birday qiynalayapti”

Botkenning Chorbog‘ qishlog‘ida yashovchi Mirbek ikki yildan beri so‘xliklar bilan qo‘shnichilik aloqlari to‘xtab qolganini aytdi:

-Janjal bo‘lganidan so‘ng o‘tgan ikki yil mobaynida bordi-keldi to‘xtab qolgan, aloqalarimiz uzilgan. Bozorlarimiz ham bo‘linib, munosabatlarimiz yo‘q bo‘ldi. Avvallari bir-birlarimiznikiga to‘ylarga, marakalarga, mehmonga borib turardik. Hozir esa yo‘q.

Qirg‘iz matbuotining yozishicha, janjalgacha Qirg‘izistonning chegaradosh hudularidagi o‘nga yaqin qishloqning dehqonlari O‘zbekistonning So‘x eksklaviga o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni sotib, tirikchilik qilgan. Ayni paytda esa qirg‘iz dehqonlari chegaralar yopilgani sababli So‘xning bozorlariga o‘tolmay qolishganini aytishmoqda.

So‘x eksklavi bilan chegaradosh bo‘lgan Qirg‘izistonning Botken viloyatida tashkil etilgan “Yosh siyosatchilar” klubi lideri Bahram Raxmankulov chegaralarning yopilgani o‘zbekka ham, qirg‘izga ham birday qiyinchilik yaratganini aytdi:

-Chegaradosh hududlarda yashagan aholi iqtisodiy jihatdan bir-biriga qaram bo‘ladi. Ko‘p yillardan beri shakllangan iqtisodiy aloqlar tufayli bu hududda arzonchilik mavjud edi. Bugungi kunda chegarani har ikki tomondan yopilib qolgani ikki xalqqa birday qiyinchiliklarni yaratmoqda, - dedi Bahram Raxmankulov.

So‘x janjali tarixi

2013 yil 5 yanvarь kuni Qirg‘iziston chegarachilari ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgani aytilayotgan hududga simyog‘ochlar o‘rnata boshlaganiga So‘x eksklavidagi Xushyor qishlog‘i aholisi norozilik bildirgan edi. 6 yanvarь kuni bu norozilik qirg‘iz chegarachilarini o‘q uzishga majbur qilgan va har ikki tomondan odamlar garovga olingan katta janjalga aylandi. Faqat 7 yanvarga kelibgina janjalni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lindi.

Voqea paytida o‘zbekistonliklar tomonidan qirg‘izistonlik 30 fuqaro garovga olingani aytilgan. Qirg‘iziston tomonida esa o‘zbekistonlik 6 ayol garovga olingan. O‘zbekistonliklar garovdagilarni qo‘yib yuborgach, qirg‘iz tomoni ham 6 ayolni bo‘shatgan.

Qirg‘iziston chegara xizmatining bildirishicha, 7 yanvarda bo‘lib o‘tgan rasmiylar uchrashuvida Farg‘ona viloyati hokimi chegaradagi janjal paytida qirg‘iz chegarachilari otgan o‘qdan uch nafar odam yaralangani haqida ma‘lumot bergan.

O‘zbekiston So‘x voqeasida moddiy ziyon ko‘rgan qirg‘izistonliklarga 56 ming dollar tovon puli to‘lagan.

Qirg‘iziston hukumatining Botkendagi vakolatxonasi 2013 yil 17 yanvarda tarqatgan xabarda aytilishicha, tovon puli so‘xliklar tomonidan pachoqlangan qirg‘izistonliklarga tegishli 12 ta avtomashina uchun to‘langan. Tovon puli har bir mashina egasiga topshirilgan. Shundan so‘ng o‘zbek va qirg‘iz rasmiylari tovon puli to‘langani to‘g‘risidagi protokolni imzolagan.

O‘zbekistonning So‘x eksklavida 60 ming aholi yashashi aytiladi.

XS
SM
MD
LG