Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:42

Yekaterinburgda ayolga hujum qilgan o‘zbek muhojiri javobgarlikka tortildi​​


Rossiya politsiyasi taqdim qilgan videoda o‘zbekistonlik muhojir o‘z aybiga iqror bo‘lgan.
Rossiya politsiyasi taqdim qilgan videoda o‘zbekistonlik muhojir o‘z aybiga iqror bo‘lgan.

Joriy yilning 4 yanvarida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida mahalliy fuqaro bo‘lgan rus ayoliga tayoq bilan hujum qilgan o‘zbekistonlikka nisbatan jinoiy ish ochildi. Mast holatda bo‘lgan o‘zbek muhojiri aroqqa yetmagan pulni shu tariqa topishga uringanini politsiya xodimlariga so‘zlab berdi.

4 yanvar kuni Yekaterinburg shahrida notanish ayolga tayoq bilan hujum qilib, uning sumkasini olib qochishga uringan 27 yoshli o‘zbekistonlik muhojir yigit jinoiy javobgarlikka tortildi.

Yekaterinburg shahri Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xodimi Irina Buchelnikova hodisa shaharning qoq markazidagi Bebel ko‘chasida soat kechki 8:30 larda sodir bo‘lganini Ozodlikka gapirib berdi.

- Ayblanuvchi I.M.Eshonqulov o‘sha kuni juda ko‘p ichgan, ichkilik yetmasdan qolgan, birga ichib o‘tirgan tanishidan bita tayog‘ini olib jinoyatga otlangan. U juda mast holatda bo‘lgan. Kechki payt ko‘chada ketayotgan 1967 yilda tug‘ilgan rus ayolga tashlangan va metall tayoq bilan boshiga urgan va sumkasini olib qochishga uringan. Bu hodisa guvohi bo‘lgan tramvay haydovchisi mashinani to‘xtatib, bir necha yo‘lovchilar bilan migrantni qo‘lga olib, politsiya xodimlariga topshirdi,- deydi politsiya vakilasi.

Irina Buchelnikova jinoyatda ayblanayotgan shaxsdan hujjatlar topilgani, u 1987 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlanganini aytdi.

Ekaterinburg politsiya boshqarmasi taqdim etgan Eshonqulovning so‘roqqa tutilgani tasvirlangan videoda o‘zbek muhojiri bu jinoyatga qo‘l urgani sabablarini bunday tushuntiradi:

- Kecha kechqurun bir yigit bilan tanishib qoldik. O‘tirdik, ichdik, aroq tugadi. Men sherigimga “Sen besh daqiqa kutib tur, men hozir kelaman”, dedimda “Kirov” bekati tomon ketdim. Maxsus, pul topishga chiqdim. Chiqayotganimda xonada turgan temir tayoqqa ko‘zim tushdi, “Nimaga bu?”, deb so‘radim. Tanishim “O‘zimni himoya qilish uchun” deganidan keyin kallamga shum xayol keldi. Keyin ayolni ko‘rib qoldim va boshiga tayoq bilan urganimda u baqirdi. Sumkasini olib 20 metrcha yugurishimni bilaman, tramvaydan 4-5 erkak tushib,meni ushlab olishdi,- deydi o‘z jinoyatiga to‘liq iqror bo‘lgan o‘zbekistonlik Eshonqulov.

Ma‘lum bo‘lishicha, boshidan jiddiy jarohat olgan ayol hozirda shifoxonada davolanmoqda. Politsiya vakillari Ozodlikka uning ahvoli birmuncha durustlashganini bildirishdi.

Irina Buchelnikova Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 162-moddasi 2-qismi, ya‘ni talon-taroj bo‘yicha jinoiy ish ochilganini ma‘lum qildi. Unga ko‘ra, sudda Eshonqulovning aybi o‘z isbotin topsa, u 10 yilgacha qamoq jazosiga tortilishi mumkin. Hozirda O‘zbekiston fuqarosi tergov muhlati yakuniga qadar sud qarori bilan hibsda saqlanmoqda.

Ayni paytda, Rossiyada 10 kundan ziyod nishonlanadigan yangi yil bayrami kunlari Moskvada yana bir mast holatda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi og‘ir jinoyatga qo‘l urganlikda ayblanayotgani ma‘lum bo‘ldi.

1 yanvar kuni soat 19:00 larda Rossiya poytaxtining Manejnaya maydonida 29 yoshda ekani aniqlangan o‘zbekistonlik muhojir 4 yashar qizaloqni onasing ko‘z oldida o‘g‘irlab ketgan. Bu ayol politsiyaga darhol xabar bergan va o‘ta mast holatda bo‘lgan muhojir post-patrul xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olinganini xabar qildi shahar politsiya boshqarmasi.

Hech qayerda ishlamasligi ma‘lum bo‘lgan o‘zbekistonlik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganidan keyin, qonida 1 promillega yaqin alkogol miqdori aniqlangan. Hozirda hibsga olingan va ismi oshkor etilmayotgan muhojirga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilish masalasi ko‘rilmoqda.

XS
SM
MD
LG