Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:14

Rossiyada muhojirlar sodir etgan jinoyatlar soni kamaydi​


Mehnat muhojirlari o‘rtasida Tulada sodir bo‘lgan mushtlashuvdan bir ko‘rinish.
Mehnat muhojirlari o‘rtasida Tulada sodir bo‘lgan mushtlashuvdan bir ko‘rinish.

Moskvada migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 15 foizga kamaydi. Biroq, Rossiya Tergov qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, o‘tgan 2014 yil davomida Moskvadagi xorijliklar tomonidan sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar hajmi qariyb ikki barobarga ko‘paygan. Migratsiya masalalari bo‘yicha mutaxassislar Rossiyada joriy qilingan yangi migratsiya qoidalari muhojirlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar sonining yanada kamayishiga olib kelishini bashorat qilmoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva shahri bo‘yicha boshqarmasi yillik hisobot kollegiyasi yig‘ilishida idora raisining birinchi muovini Sergey Yarosh 2013 yil bilan solishtirganda o‘tgan yilda Moskvada xorij fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 15 foizga qisqarganini ochiqladi.

Tergov boshqarmasi vakili Sergey Yarosh buni mamlakat poytaxtida mahalliy politsiya bilan birgalikda olib borgan maxsus amaliyotlar natijasi ekanligi bilan izohladi.

- Alohida ta‘kidlash joyizki, poytaxt politsiyasi bilan birgalikda biz jinoyatlarni fosh etish ko‘rsatkichlarini yaxshilashga erishdik. 292 qotillik fosh etildiki, bu Moskvada sodir etilgan shu turdagi og‘ir jinoyatlarning 83 foizini tashkil etadi... Shunga qaramasdan, xorij fuqarolar tomonidan sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar sonining yuqoriligi xavotir uyg‘otmoqda. Ular soni qayrib ikki barobarga oshgan. Migrantlar qo‘l urgan qotilliklar soni biroz kamaygan bo‘lsada, zo‘rlash holatlari o‘sishi davom etmoqda, deya hisobot berdi Moskva shahri bo‘yicha Tergov qo‘mitasi rasmiysi Sergey Yarosh.

Kollegiyada keltirilgan raqamlarga binoan, 2014 yilda shahar hududida muhojirlar 9 mingdan ziyod, ya‘ni kuniga 25 jinoyatni amalga oshirgan. Tergov boshqarmasi vakili Yarosh jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari “etakchilik” qilishni davom etmoqda, dedi.

Tergov qo‘mitasining aynan muhojirlar jinoyatchiligi masalasiga e‘tiborni jalb qilayotgani, lekin xorijliklarga nisbatan jinoyatlar miqdori 6,1 foizga oshgani to‘g‘risida bu yig‘ilishda lom-mim deyilmagani biroz ajablantiradi.

Muhojirlar jinoyatchiligi masalasida Rossiya Ichki ishlar vazirligi idoralari aniq raqamlarni keltirdi. Moskva Ichki ishlar boshqarmasi 2014 yilda Rossiya poytaxtida qariyb 183 ming jinoyat sodir etilgani qaydga olingani, jumladan atigi 4,6 foiziga xorijliklar aloqador ekanini ochiqladi. Politsiya hisobotidan 2014 yildagi Rossiyadagi barcha jinoyatlarning 2 foizigina muhojirlar tomonidan sodir etilganini aniqlash mumkin.

Ammo, na politsiya, na Tergov qo‘mitasi hisobotlarida bu jinoyatlarning aksar qismi migratsiya qonunchiligi bilan bog‘liq ma‘muriy jinoyatlar ekani qayd etildi.

Olingan rasmiy xabarlarga ko‘ra, Rossiyaning boshqa mintaqalarida ham migrantlarning aloqasi borligi isbotlangan jinoyatlar soni keskin kamaygani kuzatilmoqda.

Migratsiya sohasidagi ayrim mutaxassislar 2015 yilda taxmin qilinayotgan mehnat muhojirlari sonining Rossiyada keskin kamayishi kriminal statistikani yaxshilashini gapirmoqda.

Rossiyadagi O‘zbeklar va o‘zbekistonliklar Butunrossiya kongressi raisi Ibrohim Xudoyberdiyev Ozodlik bilan suhbatda muhojirlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar sonining kamayishiga mamlakatda joriy qilingan keskin migratsiya qoidalari ham o‘z ijobiy ta‘sirini o‘tkazishi mumkinligini ma‘lum qildi.

- Statistika bo‘icha 15 foizga kamaygani haqiqat bo‘lishi mumkin. Lekin, Rossiya bo‘ylab o‘tkazilayotgan testlar natijasida migrantlarning katta qismi “neuchtyonka”, ya‘ni hisobda yo‘q mehnat muhojirlari ekani ma‘lum bo‘lmoqda. Endi ular ekzamenlardan o‘tib, patent olishga harakat qilyapti. FMS, boshqa idoralar mehnat muhojirlari miqdorini kamaytirib ko‘rsatgan ko‘p joylarda. Bu davlatga foydali – Rossiya xazinasiga ko‘proq soliq kelib tushadi. Patenti bor muhojir qonun bilan himoyalangan bo‘lyapti. Hamma narsa hisob-kitobli bo‘ladi! Ana endi “30 foiz jinoyat mehnat muhojirlari tomonidan sodir etildi!” degan gaplar asossiz bo‘lib qoladi. Real faktlar kelib chiqadi! Shu sababli, migratsiya qonunchiligining keskinlashtirilishi, boshqa tomondan, jinoyatchilik bilan shug‘ullanuvchi elementlarni hushiga keltirib qo‘yadi. “Bazadan o‘tdim, barmoq izlarim olindi, qochadigan joyim yo‘q”, degan hayol keladi. Shu sababli, migratsiya qoidalarining kuchaytirilishi hamma tomonlarga foydali, deya xulosa qildi O‘zbeklar va o‘zbekistonliklar butunrossiya kongressi raisi Ibrohim Xudoyberdiyev.

Suhbatdosh Rossiyada muhojirlarning qonuniy qaydga olinishi ular huquqlarini himoya qilishga yanada kengroq imkoniyatlarni keltirib chiqarishini bildirdi.

Eslatish joyizki, Moskva hokimi Sergey Sobyanin joriy yildan boshlab migrantlar shahar byudjetiga 6,5 barobar ko‘proq to‘lovlarni amalga oshirishini bildirdi.

FMS hisob-kitobicha, 2014 yilda Rossiyaga 17 milliondan ziyod xorij fuqarosi kirib kelganki, bu bir yil oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 2,8 foizga kamdir.

Ayni paytda, Toshkentda 2014 yilda qotilliklar soni 2013 yilga nisbatan 18,5 foizga ko‘paygani, bundan tashqari, poytaxtda avtomobillarni o‘g‘irlash, talonchilik, uy o‘g‘irliklari ham sezilarli darajada o‘sgani kuzatilayotgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG