Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:10

Farg‘onada yangi ko‘p qavatli uylar tomini shamol uchirib ketdi​


Shamol tunuka tomlarni konstruksiyalari bilan birga qo‘porib tashladi.
Shamol tunuka tomlarni konstruksiyalari bilan birga qo‘porib tashladi.

Seshanba kuni ertalab Farg‘ona shahrida esgan kuchli shamol o‘nga yaqin yangi qurilgan ko‘p qavatli uy va boshqa ob‘ektlarning tomini qo‘porib tashladi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, xonadon egalariga shikast yetmagan. Farg‘ona shahar hokimligi tabiiy ofat oqibatini bartaraf qilish uchun hamma imkoniyatini ishga solayotganini ta‘kidladi.

Seshanba, 24 mart kuni ertalab soat 9 larda Farg‘ona shahrida esgan kuchli shamol daraxtlarni sindirib, elektr simlarini uzib yubordi. Yangi qurilgan o‘nlab uyning tomini metall konstruksiyasi bilan qo‘shib qo‘porib tashladi.

Shamol yetkazgan zararga guvoh bo‘lgan farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev bunday kuchli shamolni u shu paytgacha ko‘rmaganini aytdi:

- Juda ham kuchli shamol bo‘ldi, tarixda bo‘lmagan shamol bo‘ldi. To‘zon ko‘tarilib, shaharni ichida hech narsa ko‘rinmay qoldi. Cherepitsa va tunuka bilan yopilgan tomlarni metall konstruksiyasi bilan birga ko‘tarib yubordi, - deydi huquq faoli.

Yangi qurilgan to‘rt qavatli uy ham shamoldan keyin tomsiz qoldi.
Yangi qurilgan to‘rt qavatli uy ham shamoldan keyin tomsiz qoldi.

Abdusalom Ergashevning aytishicha, shamol asosan yangi qurilgan uylarning tomini qo‘porib tashlagan:

- Sovet zamonida qurilgan eski binolarga hech narsa qilmagan. Asosan, yangi uylarning tomini uchirgan. To‘qimachilik kombinatining eski yotoqxonasi o‘rniga qurilgan yangi to‘rt qavatli uyning tomi tushib ketibdi. Asakabankning orqasidagi hali odamlar ko‘chib kirmagan, lekin tayyor bo‘lgan yangi uyning tomi ham uchib tushgan. Hatto, futbol maydonchalarining to‘pni qaytaradigan setkalari ag‘darilib tushgan, - deydi Abdusalom Ergashev.

Futbol maydonchasidagi to‘r setkalar ham shamol kuchiga dosh berolmadi
Futbol maydonchasidagi to‘r setkalar ham shamol kuchiga dosh berolmadi

Suhbatdoshning aytishicha, ertalab ko‘pchilik ishga ketgani uchun xonadon egalari va ayni paytda, uy yonida qo‘yiladigan avtomobillar falokatdan saqlanib qolgan:

- Men hozir ichki ishlar boshlig‘i bilan gaplashdim. Jarohatlangan va o‘lganlar yo‘q, deyapti, - dedi Abdusalom Ergashev.

Qulagan tomlar
Qulagan tomlar

Farg‘ona shahar hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda kuchli shamol shahar kommunal tizimiga ancha zarar yetkazganini tan oldi:

- Ertalabdan shahar hokimi barcha tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berdi. Gaz, suv, svet, MChS, obodonlashtirish hammasi ko‘chada, zarar yetgan ob‘ektlarni tekshirib, zarur choralarni ko‘rishyapti, - dedi hokimlik mulozimi.

Ayni paytda shahar hokimligi qancha zarar yetgani hozircha aniqlanayotganini qo‘shimcha qildi.

Kuni-kecha Toshkentda yoqqan kuchli yomg‘ir natijasida poytaxtning bir qancha ko‘chalarini suv bosdi. Shaharning eski shahar qismida suv toshqini uylarning ichkarisigacha kirib ketgani xabar qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG