Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:53

Duma muhojirlar nomiga soxtalashtirilgan test imtihonlarini tekshirmoqda


Rossiya Davlat Dumasi mehnat muhojirlaridan rus tili, tarixi va huquqidan noqonuniy tarzda test topshirilgani yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda. Duma rasmiylari migrantlarga berilgan 50 dona sertifikat bekor qilinganini bildirdi. Kuzatuvchilar esa muhojirlar qora bozordan arzon narxda sertifikat olish yoki imtihonni bormasdan "topshirayotgani"ga guvoh bo‘lganini aytmoqda.

Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) rahbariyati Moskva, Obninsk va Ufada bir qancha mehnat muhojiri imtihonga kelmasdan rus tili, tarixi va huquqidan sertifikat sohibiga aylanganini aniqladi.

Bu hol yuzasidan olib borilgan taftish natijasida universitetning test markazi rahbariyati test olish huquqiga ega to‘rtta tashkilot bilan hamkorlikni tugatgani ma‘lum qilindi. Shu jumladan, Ufa shahridagi “Dinamo” test markazi tomonidan berilgan barcha sertifikatlar noqonuniy deb e‘lon qilindi.

RUDNning test markazi vakilasi Shahnoza Sultonova, shunga qaramasdan, sertifikatga imtihon topshirgan har qaysi mehnat muhojiri hujjatsiz qolmasligiga Ozodlikni ishontirishga urindi:

- Haqiqatan, biz bir qancha shartnomalarni bunday tashkilotlar bilan bekor qildik. Sabablarini biz ochiqlamaymiz. Shunga qaramasdan, pul topshirgan va imtihon topshirgan birorta mehnat muhojirini imtihon natijalarisiz yoki sertifikatsiz qoldirmaymiz – o‘z ishimizni oxirigacha olib boramiz, dedi Shahnoza Sultonova.

Rossiya Davlat Dumasi va Jamoatchilik palatasi Rossiyaning turli mintaqalarida noqonuniy berilayotgan sertifikatlar to‘g‘risida kelib tushayotgan ko‘plab shikoyatlar yuzasidan maxsus tekshiruv boshlagani ma‘lum bo‘ldi.

Dumaning Ta‘lim bo‘yicha qo‘mitasi raisi muovini Vladimir Burmatov jurnalistlar oldida qilgan chiqishida Moskva, Krasnodar va boshqa o‘lkalarda “qora bozorda” muammosiz 7 mingdan 30 ming rublgacha sertifikat xarid qilish mumkinligi aniqlanganini aytdi.

- Bu masalada savollar nafaqat test markazlari, balki ular bilan shartnoma imzolovchi oliy o‘quv yurtlariga ham beriladi. RUDNning bitta-ikkita, masalan, Ufadagi tashkilotni jazolashi –ko‘zbo‘yamachilik! Bunday qonunbuzar tashkilotlar soni, so‘zsiz, ko‘proqdik, dedi Davlat Dumasi vakili.

Burmatov kelib tushgan shikoyatlar asosida olib borilayotgan taftish natijalari may oyi oxirlarida e‘lon qilinishini bildirdi.

Ta‘kidlash joyizki, ishga ruxsatnoma olish uchun majburan topshiriladigan imtihonlarni Rossiyada 5-ta oliy o‘quv yurti nazorat qiladi, 400 ziyod nodavlat tijorat markazlari esa maxsus litsenziya asosida test olish bilan shug‘ullanadi. Biroq, so‘nggi paytlarda Internetda va ko‘cha-kuyda imtihonga bormasdan sertifikat olishni taklif etuvchi tashkilotlar soni ko‘payib qolganini kuzatish mumkin.

Ozodlik suhbatlashgan bir qancha mehnat muhojiri imtihonlarni topshirishda biror qiyinchilikka uchramaganini ma‘lum qildi. Ularning aksari bu imtihonlarni korruptsiyaning bir turi ekanini e‘tirof qilmoqda.

Moskvada mehnat qilayotgan andijonlik Botir tanishlaridan biri imtihon savollariga javob bera olmasdan sertifikat olganini Ozodlikka gapirib berdi.

- Bor bunaqa holatlar. Bizning bitta tanishimiz ruschadan nolь edi. Imtihonga kirib, o‘tirib, 18 ta xato qilib chiqdi, lekin odamlar o‘tkazvordi. O‘zini odamlari bor ekanda! Masalan, men sizga dokument qilayotgan bo‘lsam, sizni “Mana shu yerga borib, imtihondan o‘tasiz. Yordam bervoramiz”, deb va‘da beryapman. Keyin siz birorta knopka bosmasdan, “Sen va‘da berganmisan yordam qilaman deb?” deyapsiz. Xullas kalom, 10-15 kundan keyin otpechatkaga chaqirtirilyapsiz. Bular soqqa qilishyapti, xolos! deydi Botir.

Chelyabinskdagi "Bobur" o‘zbeklar jamiyati raisi Ma‘murjon Qodirov Ozodlik bilan suhbatda “qora bozorda” sertifikatlar pullanayotganiga shaxsan guvoh bo‘lmagan bo‘lsada, bunday holatlar to‘g‘risida eshitganini gapirib berdi:

- Hammasini kontrolga olish juda qiyin. Menimcha, bunday holatga tushmaslik uchun aynan litsenziyasi bor o‘quv yurtlarga borib ekzamen topshirish kerak. Firmalardan emas, bevosita o‘quv yurtlari qoshida ochilgan kurslardan. O‘zbeklarimiz, ayniqsa qishloqlardan kelganlar qiynaladi, arzoniga uchadi, deydi Ma‘murjon Qodirov.

Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) test markazi Ozodlikka ochiqlagan ma‘lumotlarga binoan, rus tili, Rossiya tarixi va huquq asoslaridan o‘tkazilayotgan savol-javoblardan o‘rtacha hisobda 95 foiz migrant muvaffaqiyatli topshirib o‘tmoqda. Sankt-Peterburgda bu ko‘rsatkich 80 foizdan ortiqroq ekani ma‘lum.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 1 yanvaridan joriy qilingan Federal qonunga muvofiq, Rossiyada mehnat qilish istagida bo‘lgan har qaysi xorijlik rus tili, huquq asoslari va Rossiya tarixidan imtihon topshirishi lozim.Imtihonni mehnatga layoqatsiz, 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar hamda 65 yuqori yoshdagi erkaklar va 60 yoshdan yuqori yoshdagi ayollar topshirmasligi mumkin.

Shuningdek, sertifikat olishga imtihonlardan “Vatandoshlarni ko‘chirish” dasturi ishtirokchilari, yuqori malakali mutaxassislar va kunduzgi bo‘limda tahsil oluvchi talabalar ozod etiladi.

Test markazi rahbariyati yaqin kelajakda testlar biroz murakkablashtirilishini ma‘lum qildi.

XS
SM
MD
LG