Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:13

O‘zbekistonliklar qirg‘iz tomoni Farg‘ona yerlarini sotayotganini iddao qilmoqda​


O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan Burgandi hududida neft qazib olinadi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan Burgandi hududida neft qazib olinadi.

Farg‘ona viloyatining Rishton tumaniga qarashli Cho‘ng‘ara neftchilar posyolkasi aholisi chegaradosh hududdagi qirg‘iz qishlog‘i rasmiylari O‘zbekistonga qarashli 7 gektar yerni noqonuniy ravishda kim oshdi savdosida sotayotganini iddao qilmoqda. Qirg‘iz rasmiylari esa bu iddaolarni inkor etib, mazkur hudud Qirg‘izistonga tegishli ekanini bildirmoqda.

Rishton tumanining Cho‘ng‘ara qishlog‘i aholisi arzini Ozodlik radiosiga farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev yetkazdi. Uning cho‘ng‘araliklar yozgan arizaga tayanib aytishicha, qo‘shni Qirg‘izistonning Aqtupraq qishlog‘idan viloyat kengashiga deputat bo‘lib saylangan Almaz Turaliyev ismli shaxs qishloq hokimi bo‘lgan ukasining qo‘llovi ostida O‘zbekistonga tegishli 7 gektar yerni noqonuniy ravishda sota boshlagan.

- U O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatiga qarashli Shimoliy So‘x yer osti quvirlariga ulanib, gaz olib ketaman deganida, Rishton tumani Cho‘ng‘ara qishlog‘i aholisi bir necha marta qarshilik qilgan ekan. Cho‘ng‘araliklarning aytishicha, mana shu tufayli Aqtupraq qishlog‘i hokimi kadr xodimi bilan kelishib, Cho‘ng‘araga qarashli hududdan 7 gektarini har bir gektari uchun 50 ming qirg‘iz so‘mi miqdorida narx belgilashib, Qirg‘iziston fuqarolariga auktsion orqali sotamiz, deb taqsimlab qo‘yishibdi, - dedi Abdusalom Ergashev.

Ozodlik radiosiga qirg‘iz rasmiylari taqdim etgan ma‘lumotga ko‘ra, Cho‘ng‘ara qishlog‘i Aqtupraq qishlog‘i ichidagi O‘zbekiston eksklavi bo‘lib hisoblanadi. Cho‘ng‘araliklar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan Burgandi massividagi neft konlarida mehnat qiladi.

Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiysi Gulnara Bo‘rubayevaning aytishicha, Aqtupraq va Cho‘ng‘ara qishlog‘i atrofida chegaraning bir qismi aniqlangan, bir qismi esa aniqlanmagan bahsli hududdir. Lekin mazkur hudud O‘zbekistonning ham, Qirg‘izistonning ham chegarachilari tomonidan nazorat qilinmaydi.

Qirg‘izistonning Aqtupraq qishlog‘i hokimi Alchibek To‘raliyev chegara hududidagi yerlar haqiqatan ham kim oshdi savdosiga qo‘yilib, aholiga bo‘lib berilganini tasdiqladi. Biroq uning aytishicha, bu hududda o‘zbekistonliklar aytganiday 7 gektar emas, balki chegara aniqlangan joydan Qirg‘izistonga qarashli 2,5 gektar yer sotilgan.

- Bu yerda chegara aniqlangan. Biroq bu yerdan O‘zbekiston fuqarolari ham, Qirg‘iziston fuqarolari ham teng ravishda foydalanib kelgan. Kecha auktsion orqali bu yerni uch-to‘rt kishiga ishlatishga berdik, -dedi Alchibek To‘raliyev.

Ozodlik muxbirining murojaati ortidan Qirg‘iziston davlat ro‘yxatga olish qo‘mitasining mutaxasislari o‘zbekistonliklar va qirg‘izistonliklar o‘rtasida talash bo‘layotgan hududni tekshirib kelgan.

- 16 aprel kuni Qadamjoy tuman yerni ro‘yxatga olish bo‘limi rahbari Duyshebay Sidikov shaxsan o‘zi borib, bahsga sabab bo‘layotgan yerlarni tekshirib keldi. Tekshiruv natijasida karta bo‘yicha bu hudud Qirg‘izistonga tegishli, degan xulosa chiqarildi,- dedi davlat ro‘yxatga olish qo‘mitasining rasmiysi Elzat Kidirmisheva.

O‘zbekistonning Rishton tuman hokimiyatidagi mansabdor shaxslar Ozodlik muxbirining bu masala yuzasidan savollarini javobsiz qoldirdi.

Farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashevning aytishicha, o‘zbek rasmiylari bu kabi masalalarga o‘ta ehtiyotkorlik va ba‘zida o‘ta andishalilik bilan yondoshgani ortidan, ayrim hududlar Qirg‘iziston tomonidan o‘zlashtirib olinmoqda.

- Bundan o‘n yillar avval Shohimardonning Ellikpaysaki degan manzilining tepa tomonida Shalang degan bir mahalla bo‘lar edi. Shu massivning bir qismini Qadamjoy tumani Qizilbuloq qishlog‘i hokimi qirg‘izlarga bo‘lib berayotganida mahalliy aholi to‘polon ko‘tarib chiqqan. O‘sha paytdagi Farg‘ona tumani hokimi O‘zbekiston fuqarolarini tinchitgan va “Biz o‘zimiz kelishib olamiz”, deb va‘da bergan edi. Ammo ular gaplashib ham olishmadi, oqibatda kattagina hudud Qirg‘izistonga o‘tib ketdi. Balki o‘sha hudud bahsli bo‘lgandir, lekin bizning rahbarlarda mana shunday andisha qilib turish odati bor. Aholi esa o‘sha o‘n yil avvalgi holat yana takrorlanmasmikin, degan xavotirda huquq faollariga murojaat qilmoqda, -dedi Abdusalom Ergashev.

XS
SM
MD
LG