Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:24

Rossiya 2018 yilgi chempionatgacha futbolda irqchilik muammosini hal qila oladimi?​


O‘yin paytida fashistlar bayrog‘ining hilpirashi Rossiya futboli uchun odatiy holga aylangan.
O‘yin paytida fashistlar bayrog‘ining hilpirashi Rossiya futboli uchun odatiy holga aylangan.

Rus futbol ishqibozlari ishtirokida 2012-14 yillarda ro‘y bergan irqchilik bilan bog‘liq 200ga yaqin holatga doir hisibot chop etildi. “Chora ko‘rish vaqti keldi: Rus futbolidagi diskriminatsiya” deb nomlanuvchi hisobotda neofashist ramzlarini ko‘targan ishqibozlar, shimoliy kavkazlik futbolchilarning kamsitilishi, poyezdda oq tanli bo‘lmagan odamlarga qilingan hujumlari kabi misollar o‘rin olgan.

Hisobotni markazi Moskvada joylashgan irqchilik muammolarini o‘rganuvchi Sova markazi hamda futbolda diskriminatsiya va ksenofobiyaga qarshi kurashuvchi Fare Network tashkiloti tayyorladi. Hisobotda Rossiya Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rar ekan, futbol ishqibozlari orasida millatchilik illati hali ham borligi ko‘rsatib berilgan.

5 aprel kuni Moskvada futbol o‘yini paytida tomoshabinlar fashistlar bayrog‘ini hilpiratganidan keyin FIFA Prezidenti Zepp Blatter 2018 yilgacha “ko‘p ish qilinishi kerakligini” aytdi.

Rossiya Jahon chempionatiga mezbonlik qilishiga uch yil qolar ekan, Moskva futbolda irqichlik muammosini bartaraf qilish borasida ko‘p ish qilgani yo‘q.

Fare Network tashkilotining Sharqiy Yevropa bo‘yicha mas‘uli Pavel Klimenko “Hozircha hech qanaqa reja yo‘q”, deya bildirdi. “Muammoni hal qilish uchun hech qanday aniq chora ko‘rilgani yo‘q, degan bo‘lardim. Juda kichik ishlarni qilishdi. Ularni ramziy qadamlar, desak ham bo‘ladi. Endi bu qadamlar ketidan haqiqiy choralar ko‘rilishi kerak”, deydi faol.

Rossiya 2010 yilning dekabr oyida chempionatga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritganidan beri Rossiya futbol ittifoqi, Ichki ishlar vazirligi va hukumat irqchi va millatchi futbol ishqibozlarni jarimaga tortish va o‘yinlardan chetlatish kabi choralarni joriy qildi. Bu choralar juda ko‘p hollarda qo‘llanildi.

Joriy mavsumda Rossiya oliy ligasida o‘ynaydigan Torpedo klubiga 1,5 million rubl jarima solindi. Klubga qarshi qo‘yilgan ayblovlar orasida irqchilik va ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarish ayblovlari bor.

Torpedo klubi ishqibozlari irqchilik qilgani va fashistlar bayrog‘ini hilpiratgani uchun klubga beshta o‘yinni tomoshabinsiz o‘tkazish buyurildi. Bundan tashqari, klub ishqibozlari raqib komandaning qora tanli o‘yinchilarini tahqirlagani sabab uch o‘yinda stadionning ayrim sektsiyalariga ishqibozlar qo‘yilmadi.

Sova markazi yetakchisi o‘rinbosari Nataliya Yudina ko‘rilayotgan choralar yetarli emasligini aytadi. Yudina quyi ligalarda millatchilikni jazolash choralari umuman belgilab berilmaganini qo‘shimcha qildi.

“Bunaqa hodisalar oxirgi ikki mavsumda avvalgidan kamroq ro‘y bergani yo‘q”, deydi Yudina.

Sova markazi va Fare Network tayyorlagan hisobot FIFA hamda rus rasmiylari e‘tiboriga tushdi.

FIFA va rus rasmiylari 2014 yilgi Yevropa chempionati oldidan sharmanda bo‘lgan Ukraina va Polsha qismati takrorlanishini istamaydilar. 2012 yilda Bi-Bi-Si bu ikki mamlakatdagi millatchilik haqida “Nafrat stadionlari” deb nomlangan hujjatli filmni efirga uzatgan edi.

8 aprel kuni Rossiya sport vaziri Vitaliy Mutko FIFA “hamma narsani nazorat qilayotganini” aytib, Torpedo ishqibozlarini “Rossiya obro‘siga putur yetkazganlari” uchun koyidi.

“Jahon chempionatida chiptalar boshqacha tizim bo‘yicha sotiladi, nazorat boshqacha bo‘ladi, ishqibozlar tizimi boshqacha bo‘ladi. Axir chetdan millionga yaqin mehmon keladi”, dedi Mutko.

30 mart kuni Rossiya futbol ittifoqi irqchilikka qarshi inspektor lavozimi yaratilishini e‘lon qildi. Bu lavozimni egallagan shaxs “xavfli o‘yinlar” bo‘layotgan paytda bir guruh nazoratchining ishini boshqarib turishi kutilmoqda. Bu lavozimga tayinlangan Aleksey Tolkachov TASS yangiliklar agentligi bilan suhbatda aynan qanday ishlarni bajarishi aprel oxirida belgilanishini aytdi.

Blatter bu lavozim yaratilishini va joriy qilinadigan jazo choralarni olqishladi. Lekin u ta‘lim-tarbiya ham muhim rol o‘ynashini qo‘shimcha qildi.

Sova va Fare Network irqchilikka qarshi uzoq muddatli va amalda ishlaydigan reja tuzishga chaqirdi. Xususan, bu ikki tashkilot “futboldan millatlararo aloqalarni yaxshilash uchun foydalanib, maktab va oliygohlarda ta‘lim dasturlarini” joriy qilishga chaqirdi.

Spartak komandasi fan-klubi asoschilaridan biri Vadim Sidorov ham bu fikrlarni qo‘llaydi.

“Ta‘lim-tarbiya ishlariga ko‘proq e‘tibor berilishi kerak”, deydi Sidorov. “Agar odamlar masalaning asl mohiyatini tushunmasa, qancha politsiya xodimi turishidan qat‘iy nazar, avval qilgan ishlarini yana qaytalayveradilar”, deydi futbol ishqibozi.

Klimenko bunday ta‘lim-tarbiya choralarini tadbiq qilish hukumat va futbol rasmiylari qo‘lida ekanini aytadi.

Ammo ba‘zan futbol rasmiylari orasida ham irqchilik hollarini kuzatish mumkin. Masalan, 2012 yilning may oyida mashhur futbol hakami Andrey Tixonovning “Hokimiyat Oqlarniki” degan yozuv tushirilgan futbolka kiyib olgan ayol bilan tushgan fotosurati tarqalgan edi.

Sova va Fare tashkilotlariga ko‘ra, ayol bu futbolkani ulьtra o‘ng qarashlardagi ishqibozlar uyushmasi tashkil qilgan go‘zallik tanlovida qo‘lga kiritgan.

Rossiya futbol ittifoqi matbuot kotibi Yevgeniy Dzichkovskiyning aytishicha, iyun oyida futbol rasmiylari, fuqarolik jamiyati hamda huquq-tartibot idoralari vakillari millatchilik bilan kurashish yo‘llarini muhokama qilish uchun qurultoy uyushtiradilar.

Dzichkovskiyga ko‘ra, rasmiylar bu masalaga jiddiy yondashmoqda.

Sidorov ham rus futboli 1990 yillarga qaraganda ancha olg‘a siljiganini aytadi.

“Har ikki ishqibozning biri baland etik kiyib, boshini kal qilib olgan edi”, deydi Sidorov. “Hozir ularning soni niyohatda oz, nihoyatda. Hamma yerda ham ahmoq bor. Choralar ko‘rilyapti. Biz vahshiylar mamlakati emasmiz”, deydi u.

Sova va Fare kabi fuqarolik guruhlari bo‘lsa 2018 yilgi chempionat tufayli katta o‘zgarishlarga erishish mumkin, degan umidda.

“Buning ustida ishlashimiz kerak”, deydi Yudina. “Tabiiyki, agar hech kim bunga e‘tibor qaratmasa, bunday voqealar sodir bo‘laveradi.”

XS
SM
MD
LG