Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:30

Millatchilar hujumlari onlayn xaritada aks ettiriladi ​


hatecrimes.ru sayti xaritasi
hatecrimes.ru sayti xaritasi

Rossiya huquq himoyachilari Moskva shahri va viloyatida milliy, diniy va irqiy adovat yuzasidan odamlarga sodir etilgan hujumlar interaktiv xaritasini taqdim etdi. Onlayn-xaritada aks ettirilayotgan ma‘lumotlar Moskvaning qaysi hududlari rus bo‘lmaganlar uchun eng xavfli, qaysisi muayyan odamlar toifalari uchun xatarli ekanini yaqqol namoyon qilishga qaratilgani aytilmoqda.

“Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasi va “SOVA” Axborot-tahliliy markaz mutaxassislari Moskva shahri va Moskva viloyati uchun adovat yuzasidan sodir etilgan hujumlar onlayn-xaritasini taqdim etdi.

Qochqinlar Kuniga mo‘ljallab chiqarilgan bu maxsus loiyha ustida ishlagan inson haqlari himoyachilariga ko‘ra, Rossiyada adovat yuzasidan odamlarga qilinayotgan hujumlar deyarli har kuni kuzatilmoqda.

Nafrat ob‘ekti va hujum qurboniga odatan Rossiyada yashovchi ko‘pchilikdan o‘zining tashqi ko‘rinishi va boshqa belgilari bilan farq qiluvchi odamlar aylanadi: Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar, Kavkaz respublikalari fuqarolari, Afrika, Osiyo yoki arab mamlakatlaridan kelgan migrantlar yoki qochqinlar, ko‘rinishi “slavyan” bo‘lmagan rossiyaliklar, uy-joysizlar, jinsiy ozchilik, lo‘lilar, yoshlar oqimlari vakillari va so‘l qarashlarga ega siyosiy faollar. Bu yerda gap maishiy zo‘ravonlik emas, balki muayyan fuqarolar guruhlariga qaratilgan nafrat to‘g‘risida ketyapti”, deyiladi loyiha rasmiy saytida keltirilgan tushuntirishda.

Loyiha tashabbuschilari o‘z kuzatuvlariga tayanib, aynan Moskva va poytaxt viloyati bu kabi hujumlarda “etakchilik” qilib kelayotganini hisobga olganini bildirdi.

Xaritani tuzishda so‘nggi yillar davomida yig‘ilgan ma‘lumotlarni taqdim etganini Ozodlik bilan suhbatda gapirgan “SOVA” Axborot-tahliliy markazi yetakchi xodimi Nataliya Yudina, xaritada Moskvada ro‘y bergan bu kabi hodisalarning hammasi ham aks ettirilmaydi, deydi:

- Biz hujumlar yuzasidan o‘zimiz olib borgan monitoring natijalarini taqdim etib boramiz va buning barchasi xaritada o‘z aksini topadi. Biroq, bizga kelib tushayotgan ma‘lumotlarning asosiy qismini biz ommaviy axborot vositalari va monitoring uchun qulay bo‘lgan boshqa manbalardan olamiz. Taxminimizga ko‘ra, ko‘p hollarda hujumga uchragan odamlar yo qurqib, yo bilmasligidan bu hujumlar borasida hech kimga aytmaydi. Aynan shu narsa kuzatuvlarimizni murakkablashtiradi, dedi Nataliya Yudina.

“Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasining muhojirlar masalalari bo‘yicha loyihasi muvofiqlashtiruvchisi Anastasiya Denisova odamlarga qilingan hujumlar interaktiv xaritasi jurnalistlar, olimlar, jamoatchilik faollari va oddiy fuqarolarga foydali bo‘lishi mumkinligini Ozodlikka gapiradi:

- Shuningdek, xarita mahalliy hokimiyat amaldorlari va hatto huquq muxofazasi idoralariga qiziqarli bo‘lishi mumkin degan fikrdamiz, chunki bu xarita tuzilishida ikkita asosiy omil yotibdi. Birinchisi, xaritaga joylash uchun eng avvalo hodisa sababi aniq bo‘lishi shart, ya‘ni unda milliy, diniy va irqiy adovat yuzasidan qilingan hujumlar aks etadi. Ikkinchisi, hodisa ro‘y bergan joyning aniq manzilini tekshiramiz. Shu tariqa, mintaqaning muammoli hududlari aniqlanadi, unga e‘tibor qaratiladi. Undan tashqari, istagan fuqaro xaritani ochib, o‘zi yashayotgan joy to‘g‘risida xulosa chiqarib olishi mumkin, dedi Anastasiya Denisova.

“Fuqaroviy ko‘mak” xodimi so‘zlaricha, hozircha faqat Moskva shahri va viloyati uchun tuzilgan onlayn dastur adovat yuzasidan sodir etilayotgan jinoyatlarga jamoatchilik e‘tiborini qaratish, muayyan guruh odamlariga bo‘layotgan nafratni so‘ndirishga qaratilgan.

Anastasiya har bir qaydga olingan hujum to‘g‘risida batafsil ma‘lumotlar keltirilishi, uni tuzishda oddiy fuqarolar ham ishtirok etishi mumkinligini qo‘shimcha qildi:

- Xaritamizda qizil bilan belgilanganlar – o‘ldirilganlar, yashil rangdagi odamchalar esa hujumga uchragan va tirik qolgan jabrlanuvchilardir. Diniy yoki milliy nafrat asosida hujumga uchragan odam onlayn xarita orqali ma‘lumot qoldiradi, hodisa joyini belgilaydi, biz keyin uni tekshirib, tasdig‘ini olsak- ana undan keyin xaritaga chiqaramiz, dedi huquq faoli.

U hozircha interaktiv xaritaga 2010-2014 yillar davomida yig‘ilgan ma‘lumotlar kiritilgani va keyinchalik loyihaga Rossiyaning boshqa mintaqalari ham qo‘shilishini ma‘lum qildi.

“Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasi Moskva yoki Rossiyaning boshqa mintaqalarida irqchilik va millatchilik asosida sodir etilgan jinoyatlarga guvoh bo‘lganlarni hatecrimes.ru sayti orqali yoki tashkilotning +7(903)577-55-87, +7(968) 918-98-65, +7(495) 681-18-23 raqamlari orqali xabar berishni so‘ramoqda.

Eslatish joyizki, “SOVA” markazi 2014 yilda Rossiyada irqiy, diniy va milliy nafrat asosida sodir etilgan jinoyatlar oqibatida 102 kishidan ko‘proq odam jabrlangani, 19 kishi o‘ldirilganini qaydga olgan. Millatchilar va taqirboshlar tomonidan o‘ldirilgan, turli jarohat olganlarning asosiy qismini Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat muhojirlari tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG