Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:02

Xusan Moskovskiy O‘zbekistondan qochib, Moskvadan panoh topdi


Jinoyat olamida Husan Moskovskiy, degan laqab bilan tanilgan 58 yashar Husan Moskovskiy joriy yil aprelidan beri 3 marta 48 soatdan hibsda ushlab turilgan va har gal shaharni tark qilmaslik sharti bilan hibsxonadan uyiga qo‘yib yuborilgan. Lekin uning pasporti qo‘liga berilmagani, uyi MXXning maxsus guruhi tarafidan muttasil nazorat ostida ekanligi Ozodlikka ma’lum edi.

Jinoyat olamida Husan Moskovskiy, degan nom bilan tanilgan va joriy yilning iyunida shaharni tark etmaslik sharti bilan vaqtincha hibsdan ozod qilingan 58 yashar tadbirkor Husan Ziyamuhammedov Moskvaga qochib ketgan.

Bu haqda Ozodlikka bir-biridan mustaqil ikki manba ma’lum qildi.

Ayni ma’lumotni Husan Ziyamuhammedov va uning Toshkentda istiqomat qiladigan o‘g‘li Muzaffarga yaqin manbalar ham tasdiqladi.

Manbalardan birining bildirishicha¸ Husan Ziyamuhammedov shaharni tark qilmaslik to‘g‘risida tilxat berib hibsdan ozod bo‘lganiga qaramasdan, Toshkentni tark qilgan:

“Husan Moskovskiy avvalroq o‘zining O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi biznesi va mol-mulklarini boshqalarning nomiga o‘tkazdi va ko‘pgina avtoritetlarga qarshi ko‘rsatma berdi. Shundan keyin taxminan iyun oyida podpiska o neviezde qilib ochiqqa chiqdi. Mendagi ma’lumotga ko‘ra, pasporti ichkarida qolgan edi. Bu orada uni ahvoli o‘zgarib turdi. Uning legaviylarga malyava yozgani vorovskoy mir ponyatkalariga qarshi bo‘ldi va oqsoqollar undan yuz o‘girdi. Uni qamoqdan pul evaziga ozod qilgan hukumat odamlari ham undan yuz o‘girgandek bo‘ldi. Bir haftacha oldin Husan Moskovskiy Toshkentga yaqin qo‘shni mamlakat orqali (Qozog‘iston nazarda tutilyapti) Moskvaga ketdi. Katta¸ juda katta¸ siz tasavur qila olmaydigan darajadagi pul to‘lab qutuldi”, dedi Ozodlik manbasi.

Ozodlik, avvalroq, Husan Moskovskiy 31 may kuni Latviyaga tergov eksperimenti maqsadida olib borilgani va Latviyadagi o‘z biznes manfaatlarini uchinchi shaxs nomiga o‘tkazib bergani hamda sobiq jinoiy sheriklariga qarshi ko‘rsatma bergan haqida maqola e’lon qilgan edi.

Husan Moskovskiy Rossiya fuqaroligini olmoqchi

Ozodlikning Moskvadagi manbasiga ko‘ra¸ Husan Moskovskiy Rossiya mudofaa vazirligida xizmat qiladigan bir qudratli general ko‘magida tezroq Rossiya fuqaroligini olib ko‘lankaga o‘tish uchun tirishmoqda:

- Husan Moskovskiy Ded Hasan (Aslan Usoyan)ning odami edi. Ded Hasan unga olti sekundda pasport qilib bergan bo‘lar edi. Ammo bir muammo bor. Ded Hasanning tutingan o‘g‘li Ovik Mkrchtyanga qarshi ko‘rsatma \yozgan odamni ko‘cha (jinoyat olami, demoqchi) qo‘llamaydi. Unaqa odam ichkarida ham izzat qilinmaydi. Shu bois Husan Moskovskiy asli farg‘onalik bo‘lgan rossiyalik generaldan katta pul evaziga boshpanoh oldi. Sotib oldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Erta-indin Interpol qidiruvga bersa muammo chiqmasligi uchun Husan Moskovskiy o‘zining pasportdagi ismining bir- ikki harfini o‘zgartirmoqchi. Pasport ishi bitgandan keyin esa Husan Moskovskiy chet davlatga surmoqchi. Koroche govorya, on xochet brosit yakor v Latvii (Latviyaga borib joylashmoqchi), dedi Ozodlikning kriminal dunyoga yaqin bo‘lgan Moskvadagi manbasi.

Toshkent havotirda

Ozodlikning O‘zbekiston boshqaruviga yaqin manbasining aytishicha, Husan Moskovskiyning Moskvaga ketishi O‘zbekistondagi yirik korrupsioner mulozimlar - Hayot Sharifxo‘jaev, Yuriy Savinkov ustidan ochilgan ishni muvofiqlashtirayotgan mulozimlar rejasida bo‘lmagan:

"Bilsangiz, Savinkovga nisbatan yangillik bo‘ladi deb kutilgan edi¸ lekin uning ishi juda yomon tarafga qarab ketdi. Moskovskiy ham qayta chiqmaydigan qilib ichkariga olinmoqchi edi. Hatto u bilan birga mashxur palach Nozim Jumaev bir kamerada o‘tirishi haqida signal bo‘lgan edi. Lekin Toshkentni tark etmayman, deb tilxat yozgan Moskovskiy O‘zbekistondan chiqib ketdi. Erta-indin unga nisbatan qidiruv e’lon qilinadi. Hozir Moskovskiyning yaqinlari so‘roq berib o‘tiribdi. Bilishimcha, tergovchilar bir narsada yanglishdi. Ular “ko‘chaning respektidan” mahrum bo‘lgan Moskovskiy Toshkentdagi bola-chaqasi va mol-mulkini tashlab keta olmaydi,deb kalta o‘ylashdi".

O‘zbekiston tergov idoralari va mamlakat boshqaruv elitasiga yaqin manbaning iddao qilishicha¸ 58 yashar Husan Ziyamuhammedov Rossiyaga iznsiz qishloq ho‘jalik mahsulotlari, jumladan, xo‘l meva jo‘natganlikda va noqonuniy valyuta oldi-sotdisini tashkil qilganlikda ayblanib ustidan jinoiy ish ochilgan.

Husan Ziyamuhammedov joriy yil aprelidan beri 3 marta 48 soatdan hibs qilingan edi. Avvalo, Ziyomuhammedov 14 aprelda so‘roq qilingan va shaharni tark qilmaslik sharti bilan hibsxonadan uyiga qo‘yib yuborilgan bo‘lsa ham uning pasporti qaytarib berilmayotgan edi. Ziyomuhaamedov may oxirida ham tergov eksperimenti o‘tkazish maqsadida yana bir bor hibsga olinib, qo‘yib yuborilgani aytiladi. Keyin esa, uchinchi marta - qo‘lga olingan va yana qo‘yib yuborilgan.

O‘shandan keyin Husan Ziyamuhammedov yashayotgan uy MXXning maxsus guruhi tarafidan muttasil tashqi nazoratga olinganligi ham Ozodlikka ma’lum.

”Neobiknovennaya” arog‘ining kuchi

Ayni paytda Husan Moskovskiyning xazinasiga oqayotgan ikki daromad daryosini nazorat qilib kelayotgan Marik va Obid Karam hibsda qolmoqda

Manbalarimizga ko‘ra, jinoyat olamida “Marik”¸ “Marik-losharik” nomi bilan tanilgan va hozir hibsda qolayotgan toshkentlik Mark Bilenko Husan Ziyamuhammedovning tijoriy hamkoridir.

Mark Bilenko Husan Ziyamuhammedov bilan birgalikda 1993 yilda Toshkent viloyati Zangiota tumanida “Farvab” shirkatini tashkil qilgan. Shu bilan birga “Aste1” shirkati ham Bilenkoga oid ekani aytiladi.

Bu shirkatlar O‘zbekistonda ”Neobiknovennaya” arog‘ini qadoqlash va sotish monopoliyasiga ega bo‘lgan.

Ozodlik manbalarining aytishicha ”Neobiknovennaya” arog‘i Husan Ziyamuhammedovga daromad keltiruvchi asosiy ikki sohadan biridir.

Mark Bilenkoning qamoqqa olinishi Ozodlik manbalari nazarida Husan Ziyamuhammedovga katta moddiy zarar etkazgan.

Husan Ziyamuhammedovning "boylik dengizi"ga quyiladigan ikki daryodan yana biri qishloq ho‘jalik mahsulotlarini eksport qilish sohasidir.

Husan Ziyamuhammedovning bu sohani nazorat qiladigan o‘ng qo‘li Obid Bahromov ham aprel boshidan beri hibsda qolmoqda.

Jinoyat olamida “Obid karam” nomi bilan tanilgan Obid Bahromov Rossiyaga qishloq ho‘jalik mahsulotlarini eksport qilish bilan shug‘ullanib kelgan.

Tepasida Husan Moskovskiy tuzgan bu piramida tamalida Mark Bilenko va Obid Bahromovlarning qamoqqa olinishi ortida, Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbalariga ko‘ra, “samarali biznesning qo‘ldan-qo‘lga o‘tish” amaliyoti yotibdi.

Salimboyning qudasi

Husan Ziyamuhammedovning O‘zbekistondan qochishi va uning atrofidagilar ustidan jinoyat ishi ochilib, qamoqqa olinishi O‘zbekistondagi yana bir kriminal avtoritet Salim Abduvalievga qarshi qaratilgan zarba sifatida ko‘rilmoqda.

Husan Ziyamuhammedov va Salim Abduvalievni qarindoshlik iplari bog‘lab turadi.

O‘tgan yili kriminal avtoritet Salim Abduvaliev nabirasining yana bir kriminal avtoritet Husan Ziyamuhammedov oilasiga kelin bo‘lib tushgani jinoiy tizimlarning o‘zaro qarindoshlik rishtalari bilan bog‘lanib kuchayganiga misol o‘laroq talqin qilingan edi.

Salim Abduvalievga quda bo‘lgan Husan Pirmatovich Ziyamuhammedov Rossiya matbuotida “Butun umr o‘g‘rilar yonida yurgan ” tadbirkor,deya ta’riflangan.

O‘zbekiston muxolifati arboblaridan biri Muhammad Solih bundan uch yil oldin yozgan maqolasida Husan Ziyamuhammedovni "MXX bilan hamkorlik qiladigan mafiya vakili", deb atagan.

Solihning yozishicha¸ Husan Ziyamuhammedov MXX zobitlarining chet el safarlarini moliyalaydi va MXXning FSB hamda rus mafiyasi bilan munosabatlarida koordinatorlik rolini bajarib keladi.

Muhammad Solihning maqolasida “Husan bu xolatda mafiya va hokimiyatning kindigi bir ekaniga yaqqol namuna bo‘la oladi. Chunki u O‘zbekiston MXX kontrrazvedka boshqarmasi boshlig‘i Alisher Usmonovdan bevosita topshiriq oladi”, deya iddao qilinadi.

Ba’zi manbalarga ko‘ra¸ Husan Ziyamuhamedov bu xizmatlari evaziga O‘zbekistonda ”Neobiknovennaya” arog‘ini sotish monopoliyasini qo‘lga kiritgan.

Ozodlik tasarrufidagi fotosuvratli ma’lumotlarga ko‘ra¸ Husan Pirmatovich Ziyamuhammedov va Salim Abduvalievning to‘y tadbirlarida O‘zbekiston ichki ishlar¸ adliya¸ moliya va tashqi ishlar vazirlarining xotinlari, shuningdek, bosh vazir muovinining singlisi muntazam ishtirok etib kelgan.

XS
SM
MD
LG