Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:58

Rossiyada ishlash ruxsatnomasi - patent narxi oshirildi


Joriy 2016 yilning 1 yanvaridan Rossiyada ishlash ruxsatnomasining oylik to‘lovi narxi mamlakatning aksar mintaqalarida oshirildi. Shu bilan birga ishchi kuchiga ehtiyoj katta bo‘lgan Rossiyaning sanoqli viloyatlarida patentlar oylik narxi 2 barobargacha arzonladi. 2015 yilda eski narxlar asosida 2016 yilga avans to‘lovini amalga oshirgan mehnat muhojirlari uchun qo‘shimcha to‘lovning zarurati yo‘qligi aytilmoqda.

2016 yilning 1 yanvaridan Rossiyaning deyarli barcha mintaqalarida mehnat muhojirlari uchun oylik patent to‘lovlari oshirildi.

Rossiya Federal migratsiya xizmati chop etgan yangi narxnomaga ko‘ra, mamlakatning mavjud 85 mintaqasidan 74tasida yangi yildan boshlab patent narxlari oshirilgan. Patent narxi faqat Chelyabinsk, Volgograd, Vladimir, Leningrad viloyatlari hamda Sankt-Peterburg shahrida o‘zgarmasdan qoldi.

Rossiyaning yana 6 mintaqasi - Chukotka, Ingushetiya Respublikasi hamda Kaluga, Voronej, Tomsk viloyatlarida ishlash uchun ruxsatnomaning oylik to‘lovlari kamaytirilgani kuzatildi. Kuzatuvchilar patent narxlarini arzonlashtirgan Rossiya viloyatlari hukumatlari ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida shunday qarorga kelganini ta’kidlamoqda.

Masalan, o‘tgan 2015 yilda patent narxi eng qimmat bo‘lgan Chukotkada muhojir oyiga 8000 rubl to‘lagan bo‘lsa, joriy yilda u 4542 rubl to‘lashi belgilandi. 2016 yilda patent narxining oshishi bo‘yicha Saxa-Yoqutiston Respublikasi birinchi o‘rinni egalladi: bu mintaqada mehnat muhojirlaridan olinadigan soliq 1100 rublga ko‘tarilib, 8173 rublni tashkil etdi.

Rossiyaning patent narxida eng katta o‘zgarishlar Nenets muxtor okrugida bo‘lib, bu viloyatda ilgari 1568 rubl turgan patent 5 baravarga oshirilib, 7000 rublga yetdi.

Shu tariqa, patentning oylik qimati Zabaykalye va Buryatiyada 3 barobarga, Irkutsk, Kareliya va Tuvada 2,3 martaga, Kirov, Novosibirsk, Saxalin, Ivanovo, Krasnoyarsk, Oltoy, Penza va ko‘plab boshqalarda mahalliy hukumatlar qarori bilan 2 barobarga oshirildi.

Ta’kidlash joizki, Rossiyaning eng ko‘p o‘zbek mehnat muhojirlari joylashgan markaziy mintaqalarda ishga ruxsatnomalar narxi jiddiy o‘zgarmadi. Masalan, Moskva shahrida 4000 rubl turgan patent 1 yanvardan boshlab 4200ga ko‘tarildi; Moskva viloyatida esa 4000 rubllik oylik to`lov o`zgarmasdan qoldi.

Ayni paytda, 2015 yilda eski narxlar asosida 2016 yilga avans to‘lovini amalga oshirgan mehnat muhojirlari uchun qo‘shimcha to‘lovning zarurati yo‘qligi aytildi. Bu haqda Ozodlikka Moskva shahar FMS boshqarmasining jamoatchilik aloqalari bo‘limi boshlig‘i Tatyana Stretovich qo‘shimcha ma’lumot berib, dedi:

- Muhojirlar o‘tgan 2015 yilda bir yil oldinga 4 ming rubldan to‘lab qo‘yishlariga imkon berildi. Yangi yilda ular Moskva bo‘yicha patentga 4200 rubldan to‘lashadi. Masalan, dekabrda uch oy oldinga 4 ming rubldan to‘lagan migrantning to‘lovlari qabul qilindi va ular hech qanday qo‘shimcha to‘lov qilishlari zarur emas, dedi FMS boshqarmasi vakilasi.

Tatyana Stretovich bu qoida Rossiyaning barcha mintaqalarida amal qilishini ham qo‘shimcha qildi.

O‘tgan yilning oktyabrida Rossiya FMSi mamlakatda 1,5 million ishga ruxsatnoma rasmiylashtirilgani, bu patentlar mintaqa byudjetlariga jami 23 milliard rubl qo‘shimcha daromad keltirganini ochiqlagan edi. Idora boshlig‘i Konstantin Romodanovskiy patentlardan tushayotgan daromadning 100 foizi tegishli mintaqa g‘aznasida qolishini bildirgan.

Rossiya FMSi rasmiy hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakatda eng ko‘p muhojirlar sonini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi. Rasman qaydga olingan 2 million o‘zbekistonlik ayol va erkak 2015 yil davomida o‘z yurtiga 2 milliarddan ziyodroq mablag‘ o‘tkazgan.

XS
SM
MD
LG