Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:48

Farg‘onaning Dang‘arasida o‘tkazish rejalashtirilgan uloq militsiya tomonidan taqiqlandi


Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi Yashik qishlog‘i aholisining yakshanba kuni o‘tkazmoqchi bo‘lgan uloq-ko‘pkari o‘yini militsiya xodimlari tomonidan taqiqlab qo‘yildi. Qishloq aholisi o‘zaro pul yig‘ib, uloq uchun sovrinlar olgan, atrofdagi chavandozlarga bu haqda xabar ham berilgan edi. Ammo shanba kuni kechqurun uloq tashkilotchilari va mahalla oqsoqoli ichki ishlar bo‘limiga olib borilib, so‘roq qilingan.

Dang‘ara tumanining Yashik qishlog‘ida 10 yanvar kuni o‘tkazilishi rejalangan uloq-ko‘pkari o‘yini bekor qilindi.

Bir hafta oldin qishloq dalasida uloq bo‘lishi haqida chor-atrofga xabar berilgan, chavandozlar otlarini bu o‘yinga hozirlagan edi.

Ammo, Yashik qishlog‘i faollaridan birining mikrofonsiz suhbatda aytishicha, shanba kuni kechqurun uchastka noziri uloq tashkilotchilari va mahalla oqsoqolini Dang‘ara tumani ichki ishlar bo‘limiga olib borgan va ular so‘roq qilingan:

“Juda qattiq savol-javob bo‘lgan. “Ko‘pkari o‘tkazishga kim sizlarga ruxsat berdi, nega buncha odamni bir joyga yig‘moqchi bo‘lyapsizlar”, degan savollar bo‘lgan. Vakillarimiz “axir bu tomosha bo‘lsa, xalqimizning qadimiy o‘yinlaridan biri bo‘lsa, shunga ham ruxsat so‘rash kerakmi”, deyishsa ular qo‘pollik qilishgan. Keyin ulardan “hech qanday ko‘pkari o‘tkazmaymiz” deb tilxat olishib javob bergan, dedi mahalla faoli.

Suhbatdoshga ko‘ra, Yashik qishlog‘i aholisidan va tadbirkorlardan ixtiyoriy yig‘ilgan pulga sotib olingan sovrinlar qolib ketgan:

“Tashkilotchilar uloq uchun ikkita echkini so‘yib, suvga pishib qo‘yishgandi. Sovringa qo‘y, gilam va boshqa har xil sovg‘alar sotib olingan edi. Ular ham shunday qoldi”, dedi mahalla faoli.

Ismi sir qolishini so‘ragan chavandozlardan birining aytishicha, rasmiylar tumonat odamlarning bir joyga yig‘ilishidan qo‘rqib, uloqqa ruxsat bermagan:

“Hozir vaziyat ancha jiddiy bo‘lib qoldiku. Shu kunlarda odamlarning aksariyati gaz va svet yo‘qligidan norozi. Shuning uchun odam ko‘p yig‘ilgan joyda to‘polon chiqmasin degan maqsadda ruxsat berishmayapti. Qachon ruxsat berasizlar deb so‘rasak, umuman ruxsat yo‘q, deyishyapti. Shu uloq o‘yinini qadrlaydigan, ot sportini sevadigan odamlarning tashabbusi bilan oz-moz uloqlar o‘tkazilib turardi. Xalq shunday o‘yinlarimiz yo‘qolib ketmasligi uchun o‘z yonlaridan pul yig‘ib beryapti. Lekin hukumat bunday qadriyatlarni saqlab qolish o‘rniga, uning ildiziga bolta uryapti”, dedi chavandozlardan biri.

Dang‘ara tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi uloq o‘yini bekor qilinganini tasdiqladi:

“Bular avval viloyat ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilib, ruxsat olishlari kerak edi. Viloyat keyin bizga topshiriq berardi va biz uloq o‘tkaziladigan joyda jamoat tartibini saqlab berardik. Shuning uchun bu uloq bekor qilindi”, dedi ichki ishlar mulozimi.

Dang‘aralik chavandozlarning aytishlaricha, uloq endi o‘tkizaldimi, o‘tkazilsa, qachon o‘tkazilishi noma’lum qolmoqda:

"So‘yilgan echkilar ham uvol bo‘ldi, shuncha sovrinlarni nima qilamiz endi. Hammaning boshi qotgan. Rasmiylar esa ikki oyog‘ini bir etikka tiqib olib yo‘q deyishyapti", dedi chavandozlardan biri.

XS
SM
MD
LG