Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:30

Termizdagi asfalt zavodida yong‘in ro‘y berdi


Surxondaryo viloyatining Termiz tumani, Uchqizil qo‘rg‘onidagi asfalьt zavodida shanba kuni kuchli portlash va yong‘in ro‘y berdi. Gaz sizishi oqibatida zavodning qozonxonasi portlagan. Yong‘indan kamida 8 kishi jarohatlangan, lekin qurbonlar yo‘q.

Zavod xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, gaz sizishi oqibatida zavodning asfalt ishlab chiqaradigan qozonxonasi yonib ketgan.

– Gaz ochiq qolgan, qozon nazoratsiz qolib ketgan. Portlab, bir nechta asfalt qozoni yonib ketdi, - dedi zavod xodimi.

Termiz tumani yashovchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda yong‘in juda vahimali bo‘lgani, qo‘shni tumanlardagi yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari ham zavodda yuz bergan yong‘inni o‘chirishga jalb qilinganini aytadi.

-Tez yordam mashinalari ham keldi. Sakkiz odam kuyish jarohati olgan ekan. O‘lganlar yo‘q deyishyapti. Bugun ertalab yongan bo‘lsa qorong‘u tushganda o‘chirib bo‘lishdi, yong‘in zavodni bir gektardan ortiq maydonini qamrab olgan, - deydi termizliklardan biri.

Hozirda asfalt zavodida ro‘y bergan yong‘in sabablari o‘rganilmoqda.

O‘zbekistonda gaz sizishi natijasida portlash va yong‘in hodisalari bot-bot yuz berib turadi.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda gaz bosimining tushib ketishi yoki ayrim joylarda umuman berilmay qolishi oqibatida bu kabi hodisalar ko‘payganini aytishmoqda.

Shuningdek, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida ham O‘zbekistondagi korxona va zavodlarda yong‘inlar tez-tez ro‘y beradi.

O‘tgan yili Namangan markazidagi “So‘g‘diyona fayz tekstil” tikuvchilik tsexida, undan avval “O‘zbegim” kafesida yong‘in sodir bo‘lgan, buning oqibatida bir qancha odam kuyish jarohati olgan edi.

XS
SM
MD
LG