Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:11

"Dotsent"ni o‘g‘irlagan o‘zbek muhojirlari ishi sudga oshirildi


Moskva prokuraturasi mashhur kinoaktyor Yevgeniy Leonovga o‘rnatilgan “Dotsent” haykalini o‘g‘irlab, metallolomga sotgan yetti nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan ayblov xulosasini tasdiqladi. Prokuratura hozirda hibsda ushlab turilgan yetti o‘zbek muhojiriga sud tomonidan 10 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi va 1 million rubllik jarima solinishi mumkinligini ta’kidladi.

Moskva shahrining G‘arbiy ma’muriy okrug prokuraturasi yetti nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan ochilgan jinoiy ish bo‘yicha ayblov xulosasini tasdiqlaganini ma’lum qildi.

21-dan 27 yoshgacha bo‘lgan Abduhalim Rafiev, Behzod To‘raev, Fazliddin Shermatov, Usmonjon Umarov, Sardor Rafiqaliev, Asqarbek Abduhalilov va Bekzod To‘ychiboevlar “Omadli jentlmenlar” filmida “Dotsent” obrazini yaratgan Yevgeniy Leonovga qo‘yilgan bronza haykalini “Mosfilm” biqinida joylashgan “Yulduzlar alleyasi”dan tunda o‘g‘irlab ketganlikda ayblanmoqda.

Prokuraturaning rasmiy vakilasi adliya maslahatchisi Tatyana Maksimenko Ozodlik Radiosi bilan suhbatda o‘zbekistonlik “metallolomchi” yigitlar uyushgan guruhda bu ishga qo‘l urgani va san’at asarining o‘g‘irlanishi katta shov-shuv ko‘targani bois qattiq jazolanishi mumkin, deydi:

- G‘arbiy okrug prokuraturasi yetti nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan ayblov xulosasini tasdiqladi. Ular tergov idoralari tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 158- moddasi 4 qismi “a” bandi asosida ayblanmoqda, ya’ni uyushgan guruhda o‘g‘irlik sodir etganlikda. Albatta, jinoyat og‘irligini aniqlash va ularga necha yil tayinlash to‘liq sudning vakolatida. Qonunda bu modda asosida yigitlarga maksimal tarzda 10 yilgacha berilishi mumkinligi belgilangan. Ammo, ishonchim komilki, sud turli vaziyatlarni inobatga olib muhojirlarga bunchalik og‘ir jazo tayinlamaydi,- dedi katta prokuror Tatyana Maksimenko.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, o‘zbek muhojirlariga 1 million rubllik jarima ham solinishi mumkin.

Yevgeniy Leonovning “Omadli jentelmenlar” filmida yaratgan “Dotsent” obrazidan nusxa olinib Moskvaga o‘rnatilgan haykali o‘tgan yilning 16 oktyabrida o‘g‘irlab ketilgan edi. Tergovchilar o‘zbek muhojirlari o‘sha kuni tunda Pirьev ko‘chasida joylashgan “Aktyorlar shon-sharafi alleyasi”ga “GAZ 2752” rusumli avtomobilda kelganini aniqlagan.

Leonov tasvirlangan kompozitsiyani ular avtomashina kuzovi bilan turtib ag‘dargan va ko‘pchilik bo‘lib mashinaga ortib ketgan.

Keyinroq esa izquvarlar qo‘liga tushgan videotasvirdan yigitlar haykalni arralab bo‘laklarga bo‘lishgani va metallomga sotishgani ma’lum bo‘ldi. Sotilgan bronza haykali uchun ayblanuvchilar 39 ming rubl olishgani aniqlandi, vaholanki 300 kilodan og‘irroq bo‘lgan kompozitsiya 160 ming rubl turgan.

OZOD-VIDEO: Ўзбекистонлик "омадсиз жентлменлар"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:42 0:00

Biroq, haykalning tarixiy va madaniy qiymati borligini ta’kidlayotgan ekspertlar “Dotsent”ning asl narxi 3,5 million rubldan kam emasligini gapirmoqda.

Haykalni o‘zbekistonliklardan sotib olgan Ramenki tumani mahalliy fuqarosi ham jinoiy javobgarlikka tortilib, hibsga olindi.

Oradan uch kun o‘tgach, o‘g‘irlikda ayblangan yetti nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olingan.

Tergovchilar bilan suhbatda qo‘lga tushgan migrantlar kimning haykalini o‘g‘irlashganini bilmasliklarini aytishgan.

Leonov haykalini yaratgan haykaltarosh Yekaterina Chernisheva madaniy yodgorlik so‘zsiz qayta tiklanishi - uning gips qolipi tayyor ekani, bronzaga quyish uchun sponsorlar kerakligini bildirdi.

Tasodifmi-yo‘qmi, prokuratura mazkur ayblov xulosasini Moskvaning Nikulin tuman sudiga ko‘rib chiqish uchun yuborgani ma’lum bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG