Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:57

Peterburgda Sberbank bankomatlari muhojirlar to‘lovlarini qabul qilmayapti


Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatida yashab mehnat qilayotgan muhojirlar Sberbank orqali to‘lovlarni amalga oshirishga qiynalmoqda. Sberbankning ayrim mintaqaviy bo‘linmalaridan patent to‘lovlari bilan bog‘liq litsenziyalar olib qo‘yilgani bois patent to‘lovlari bankomatlar orqali qabul qilinmayotir. Patent to‘lovini kechiktirish va nolegal holatga tushishdan tashvishga tushgan migrantlarning bunday vaziyatidan ustamonlik bilan foydalanuvchi firibgarlar paydo bo‘layotgani aytilmoqda.

“Patentlarimizni to‘lay olmayapmiz!”

Ozodlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushayotgan quyidagi mazmundagi shikoyatlar soni keyingi paytlarda ko‘paymoqda:

Salom Ozodlik. Sizlardan iltimos, men Sankt-Peterburgda ishlayman, nimagadir patentga pul qo‘yolmayapman. Sberbank otkaz qilayapdi. Shuni aniqlash iloji bormi? Oldindan rahmat”, deb yozdi muxlislardan biri.

Dushanbelik Umar ham Sberbank bankomatlari orqali kartochka yordamida fevralgacha muammosiz pul to‘lab kelganini Ozodlikka aytadi:

- 1 fevraldan patent to‘lovida qiyinchilik bo‘lyapti. Karta bilan Sberbankka borib to‘lardi bollar, “shablon” orqali: qabul qilmayapti. Hamma o‘ylanib qolgan, buning ustiga qandaydir dallollar chiqib qolgan – ularga pul beradi, keyin to‘layapti ular orqali. To‘g‘ridan to‘g‘ri hech kim to‘lolmayapti. Kupchino degan shaharchaga bordik, pul berdik ikki kishiga 1 ming rubl, o‘sha to‘latib berdi bizga. Odamlar harom pul ishlashga o‘tib olgan, aka,- deydi Umar.

Umar FMS bo‘linmalari ham bu masalada tushuntirish bermayotganini qo‘shimcha qildi.

Sberbankning o‘zi tarqatgan xabarda patent to‘lovlarini qabul qilish to‘xtatilgani tasdiqlandi.

Xabar qilamizki, 2016 yilning fevral oyidan texnik sabablarga ko‘ra, Sberbank Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha patent uchun soliq to‘lovlarini vaqtincha qabul qila olmaydi. Bank bu xizmatni tiklashi va qancha vaqtda tiklashi mumkinligi – hozircha ma’lum emas”, deyiladi xabarnomada.

Oylik patent to‘lovlarini “Krasniy Tekstilshchik, 15-uy” manzili bo‘yicha xizmat haqi bilan hisoblaganda 3300 rublga amalga oshirish mumkinligini ham bildirdi Sberbank.

Ozodlik muxbiri xabarnomada ko‘rsatilgan telefon raqamlari orqali migratsiya idorasi yuristiga qo‘ng‘iroq qildi va bu masalada qo‘yidagi izohni oldi:

- To‘lovlar Krasniy Tekstilshchik ko‘chasi, 15-uyda joylashgan Yagona migratsiya markazidagina amalga oshiriladi. Leningrad viloyatidagilar ham shu manzilga kelishlari shart. Biz bu vaziyatning ahmoqona ekanligini o‘zimiz ham tushunib turibmiz, ammo na iloj – bizga shunday ma’lumot berilgan. Peterburgda Sberbankdan litsenziyasini tortib olib qo‘yishibdi, dedi Yagona migratsiya markazi yuristi Darьya Belogrudova.

Yurist ham Yagona migratsiya markazida to‘lov 300 rubl “xizmat haqi” evaziga amalga oshirilishi mumkinligini tasdiqlasa-da, Umar bu manzil bo‘yicha ham borgani va u yerni ham o‘zbek dallollari “qo‘lga olgani”ga guvoh bo‘lganini aytdi.

- U yerga, aka, men shaxsan ikki marotaba bordim. Patent to‘lagani kelganlarni oxranniklar ichkariga kiritmayapti! “INN olaman”, deb aytib ham ko‘rdim - qo‘ymayapti. Oxiri bir bolaga ikki kishiga ming rubl berib men patentimni to‘latdim, majbur bo‘lganimdan,- Umar.

Ozodlikning bu masalada FMS boshqarmasiga qilgan murojaatiga xodimlardan “mazkur masala bo‘yicha so‘rovnoma rasmiy tarzda va rasmiy shaklda jo‘natilishi” javobi olindi. Sankt-Peterburg shahri FMSida shundan keyingina masala “o‘rganilib, muayyan vaqtdan keyin javob qaytarilishi”ni bildirishdi.

“Mehnat muhojirlari Sberbank operatorlariga murojaat qilishsin!”

Sberbankda Ozodlik so‘roviga haqiqatan bankning ayrim bo‘linmalaridagi bankomatlarda patent to‘lovlarini amalga oshirish bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar yuzaga kelayotganini bildirishdi.

Lekin ishga ruxsatnoma uchun oylik soliq to‘lovi bankomat emas, Sberbank xodimlari yordamida amalga oshirilishi mumkin”, deya tushuntirish berdi Natalya ismli bank mutaxassisi:

- Sberbankning litsenziyasi tortib olingani biroz noto‘g‘ri ma’lumot. Gap shundaki, ayrim hisob raqamlarimizga pul o‘tkazmalari jo‘natish taqiqlangan. Shu sababli, bankomat orqali emas, bevosita operatorlarimizga murojaat qilib, to‘lovlarni amalga oshirishni so‘raymiz: ular to‘lovni amalga oshirishga ko‘maklashadi, albatta, dedi Natalya.

Sankt-Peterburgda ancha yillardan bo‘yon yashab, mehnat qilayotgan Bek ishga ruxsatnomasining oylik to‘lovlarini amalga oshirish muammosiga duch kelmaganini gapirib berdi:

- Patentni bemalol to‘lasa bo‘ladi! Terminallar qabul qilmasa, bankdagi operator qizlarga uchrasin. Operatorlar ham qabul qilmaydigan bo‘lsa, upravlyayushiysini chaqirib, “Bizga yozma ravishda otkaz yzib bergin!”, deb Chernishevskiy metrodan chiqqanda, Kirochnaya ko‘chasi 2 uy ikki etajidagi moliya bo‘limiga murojaat qilsin: Yelena Dunaeva nomiga ariza yozishsa yetarli. Srogi o‘tib ketganlarni ham bir pasda o‘zlari to‘g‘rilaydi! Buni o‘zbegim bilmaydi-da, bankka boradi, terminal qabul qilmasa, qaytib chiqaverishadi, dedi Bek.

So‘hbat so‘nggida Bek Peterburg shahri va Leningrad viloyatida ishlab kelayotgan hamyurtlaridan Migratsiya markazi va boshqa FMS bo‘limlari atrofida izg‘ib yurgan firibgarlarga ishonmaslikka chaqirdi, ularga zinhor pul bermaslikni so‘rab qoldi.

XS
SM
MD
LG