Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:11

AQSh va Rossiya shartli sulhga erishgan bir paytda Suriyadagi zo‘ravonliklarda o‘nlab odam o‘ldi


Suriyalik faollar hamda hukumat tarafidagi matbuotga ko‘ra, Suriyaning hukumat nazoratidagi hududlarida ro‘y bergan portlashlar oqibatida 140dan oshiq odam o‘ldirilgan.

Hujumlar 21 fevral kuni, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya bilan Suriyadagi mojaroda “shartli sulhga erishilgani” to‘g‘risida e’lon qilgan kun sodir etildi.

Qarorgohi Britaniyada joylashgan “Suriya Inson huquqlari observatoriyasi” guruhi Homs shahrida asosan tinch fuqarolardan iborat kamida 59 odam ikki avtomobilning portlatilishi natijasida halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

Portlashlar shaharning prezident Bashar Assad doxil alaviylar mazhabi vakillari istiqomat qiladigan Al-Zahra tumanida ro‘y berdi.

Homs shahri deyarli butunlay Suriya hukumati nazoratidadir. Voqeadan bir necha soat o‘tib Damashqning shialar istiqomat qiladigan tumanida kamida uchta bomba portlatildi.

Hukumat televideniesi hujumlar natijasida kamida 87 odam halok bo‘lgani va 200 nafar odam jarohatlangani haqida xabar qildi. “Suriya Inson huquqlari observatoriyasi” tashkiloti esa qurbonlar soni 80dan oshiq, deya bildirdi.

Hujumlar Sayyida Zaynab tumanida ro‘y berdi. Mazkur tumanda Muhammad Payg‘ambarning nevarasi Zaynab bint Alining qabri joylashgan va shialar uchun muqaddas ziyoratgohlardan biri hisoblanadi.

Homs va Damashqdagi portlashlar uchun ma’suliyatni “Islomiy davlat” guruhi o‘z zimmasiga oldi.

“Suriya Inson huquqlari observatoriyasi” tashkilotining yana bildirishicha, hukumat qo‘shinlari oxirgi bir kun ichida Halab shahrining sharqiy mintaqalarida o‘tkazgan harbiy amaliyotda “Islomiy davlat”ning kamida 50 jangarisi o‘ldirilganini bildirdi. Hukumat qo‘shinlariga Rossiya harbiy uchoqlari havodan yordam berib turgan.

Avvalroq Kerri Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Suriyada shartli sulh borasida kelishib olganlari haqida e’lon qilgan edi.

21 fevral kuni Ammanda Iordaniya tashqi ishlar vaziri Nosir Juda bilan uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kerri: “Zo‘ravonliklarni to‘xtatish shartlari bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdik, bu yaqin kunlarda amalga oshirilishi mumkin”, deya bayon qildi.

Kerri Lavrov bilan erishilglan dastlabki kelishuv borasida yaqin kunlarda AQSh Prezidenti Barak Obama va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin suhbatlashishiga umid qilishlarini qo‘shimcha qildi.

Davlat kotibi tomonlar kelishuv "shartlari bo‘yicha muzokalaralarni davom ettirayotgani"ni qo‘shimcha qildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Lavrov Kerri bilan telefon orqali Suriyada otashkesimga erishish haqida suhbatlashganini tasdiqladi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, suhbat davomida otashkesim shartlari muhokama etilgani, bu shartlar “BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan terrorchi deya tan olingan” guruhlarga taalluqli bo‘lmasligini bildirdi.

Tehronda esa Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashdi.

IRNA rasmiy yangliklar agentligi Shoygu Ruhoniyga prezident Putin maktubini topshirgani haqida xabar qildi.

Agentlik Shoygu “mintaqadagi barqarorlik bilan bog‘liq vaziyat hamda Suriyada otashkesimga erishish bo‘yicha muzokaralar jarayoni” haqida umumiy ma’lumot berganini qo‘shimcha qildi.

Deyarli besh yildan beri davom etayotgan mojaroda Rossiya va Eron prezident Bashar Assadni qo‘llab keladi.

Qudratli davlatlar 12 feral kuni Myunxenda uchrashib, Suriyadagi zo‘ravonlikni to‘xtatish hamda urushdan aziyat chekayotgan odamlarga gumanitar yordam yetkazib turish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishishdi.

Suriyadagi fuqarolar urushida ishtirok etayotgan turli taraflarni qo‘llovchi 18 davlat o‘rtasida erishilgan kelishuv 19 fevraldan boshlab zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqiradi.

XS
SM
MD
LG