Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:37

“Islomiy davlat” Bosniya muftiysiga so‘yish bilan tahdid qildi


Bosniya muftiysi Husayn Kavazovich.
Bosniya muftiysi Husayn Kavazovich.

“Islomiy davlat” saflarida jang qilayotgani aytilgan bosniyalik jangari Bosniya muftiysi Husayn Kavazovichga Initernetda tahdid qilishi ortidan Bosniya rasmiylari muftiyni qo‘riqlash chora-tadbirlarini ko‘rmoqda.

E’lon qilingan videoda “Islomiy davlat” bayrog‘i ostida so‘zlagan Amir Selimovich muftiyni pichoqlashga ont ichadi va mujohidlar Bosniyaga borishini aytadi.

Mazkur tahdid hamda rasmiylarning unga jiddiy yondashayotgani bosniyaliklar orasida mamlakat fuqarolari islomiy jangarilar uchun o‘lja bo‘layotgani haqidagi xavotirlar urchiyotganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, bu “Islomiy davlat” va boshqa ekstremistik guruhlarning qo‘li uzunligi haqidagi xalqaro xavotirlardan darak beradi.

Xabarlarga ko‘ra, Selimovich 1992-95 yillardagi urushda mamlakatning asosan musulmonlardan iborat armiyasi a’zosi bo‘lgan. Urushdan keyin mardikorlik qilib kun kechirgan. 2014 yil esa Suriyadagi islomiy jangarilar safiga qo‘shilgan.

Selimovich Tuzla shahri yaqinidagi Svoyat qishlog‘ida ulg‘aygan. Ozodlik radiosiga intervyu bergan hamqishloqlari uni bosiq, lekin ichkilikka mukkasidan ketgan odam o‘laroq ta’riflashdi. Ularning aytishicha, Selimovich radikallashishidan avval oila a’zolaridan uzoqlashgan. Selimovich yana bosniyaliklar yodidan ko‘tarilmaydigan ishga qo‘l urishini aytib, ont ichgan.

Qishloq turg‘unlaridan biri Selimovich ichimlik sotib olish uchun pul so‘rab yurgan, bor mulkini sotib yuborgan bo‘lsa ham, hech kimga tahdid solmaganini yoki birovga halaqit bermaganini aytdi.

Selimovichni taniganlar u vahobiylar bilan o‘ralasha boshlashidan avval turmush o‘rtog‘i ikki bolasini olib ketib qolganini, Selimovich keyinroq Travnik shahrilik boshqa konservativ ayolga uylanganini aytishdi.

“U ayol kelganidan keyin hijobga kirdi, faqat ko‘zlari ko‘rinib turardi”, dedi Selimovichning hamqishloqlaridan biri. Qishloq turg‘uni Selimovich ayoli va yosh bolasi bilan 2014 yil Suriyaga yo‘l olganini aytdi. “Ketishidan avval ikki odam keldi. Ular bizning tilda zo‘rg‘a so‘zlashardi. Ikki-uch haftadan keyin Selimovich ham ketdi”.

Selimovichga yaqin manbalarning aytishicha, uni avvalroq Suriyaga ketgan qarindoshi chaqirgan. Xabarlarga ko‘ra, Selimovchni chaqirgan qarindoshi o‘tgan yilning oxirida halok bo‘lgan.

Svoyatlik ayolning aytishicha, Selimovch ketishidan avval vahobiylar to‘planib turishi aytiladigan Grachanitsa qishlog‘iga borgan.

Bosniyadagi yana bir qishloq Gornya Maochadagi vahobiylar bundan avval terrorizmda ayblangan edi.

Selimovichning Svoyatdagi sobiq do‘sti unga achinishi aytib, “U biror nima qilishi kerakligini, qilgan ishi uchun uni butun Bosniya eslab qolishini aytgan edi”, dedi.

Selimovch tahdid qilgan Bosniya muftiysi Kavazovich muntazam ravishda islomiy radikalizmni hamda bosniyalik musulmonlarning radikallashayotganini qoralab keladi.

Muftiy Selimovich videosi tarqalishi ortidan hukumatdan o‘zini himoya etishni talab qildi.

Bosniya milliy xavfsizlik vaziri Dragan Mektik muftiy hayotiga jiddiy tahdid borligi ortidan hukumat uni qo‘riqlash chora-tadbirlarini ko‘rayotganini aytdi.

Bosniya, Kosova hamda Sebriyadagi rasmiylar bu mamlakatlar xorijga, jumladan, Iroq va Suriyaga jihodchi eksport qiluvchi davlatga aylangani haqidagi tasavvurlarga qarshi kurashib keladi.

Bosniya rasmiylarga ko‘ra, Suriya va Iroqda ekstremistik guruhlarga qo‘shiglan 200ga yaqin bosniyalikning kamida 26 nafari halok bo‘lgan, 50 nafari esa uyiga qaytgan.

Bosniya aholisi soni 4 millionga yaqin bo‘lib, ularning 40 foizi musulmondir.

XS
SM
MD
LG