Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:38

Yangi yo‘l qoidalari haydovchilarni yuz ming so‘mdan chiqimdor qilmoqda


O‘zbekistonda 1 martdan yangi yo‘l harakati qoidalari amalga kiritildi.
O‘zbekistonda 1 martdan yangi yo‘l harakati qoidalari amalga kiritildi.

O‘zbekistonda haydovchilar 1 martdan amal qila boshlagan yangi yo‘l harakati qoidalari talablariga avtomashinalarini moslashtirish uchun o‘rta hisobda yuz ming so‘mdan harajat qilishga majbur bo‘lmoqda. Ozodlik bilan suhbatlashgan haydovchilarning aytishlaricha, buning ortidan avtomobil jihozlari va fosfor yugurtirilgan jilet sotuvchilarning bozori chaqqon bo‘lib qolgan.

"Sug‘urtadan haydovchilarga shu kungacha sezilarli naf bo‘lgani yo‘q"

O‘zbekistonda joriy yilning 1 martidan boshlab yangi yo‘l harakati qoidalari amalga kiritildi. Mahalliy nashrlarning yozishicha, yangi qoidalarda fuqarolik majburiyatini sug‘urta qildirmagan haydovchilarga avtomobil boshqarish taqiqlanadi. Har bir haydovchi majburiy sug‘urtadan o‘tishi shart bo‘ladi. O‘zbekistonda fuqarolik majburiyatini sug‘urta qilish 2008 yilda joriy etilgan edi. Yangi yo‘l qoidasida bu masala yanada mustahkamlangan.

Toshkentlik jurnalist Abdurahmon Tashanov o‘n yillik haydovchilik stajiga ega. U shu kungacha O‘zbekistonda fuqarolik majburiyatini sug‘urta qildirgan haydovchilar bundan hech qanday naf ko‘rmaganini aytdi:

-Sodda qilib aytganda, fuqarolik majburiyatini sug‘urta qildirishda haydovchining staji hisobga olinadi. Masalan, men 10 yillik stajga ega haydovchi sifatida yiliga 28 ming so‘m sug‘urta puli to‘layman. Haydovchilik guvohnomasini endigina olgan odam esa fuqarolik majburiyatini yuz ming so‘mga sug‘urta qildiradi. O‘zbekistonda umuman sug‘urta siyosati juda qoloq va bu sohada bir qator muammolar bor. Men shu kungacha birorta haydovchidan: “Sug‘urta idorasiga raxmat, mashinamni sug‘urta qilib berdi” yoki “Uyimni sug‘urta qilib berdi”, degan gapni eshitganim yo‘q, - dedi Abduraxmon Tashanov.

Suhbatdoshimizning aytishicha, sug‘urta shirkatlari sug‘urta pullarini to‘lash masalasida ko‘proq nufuzli, obro‘li yoki ta’sirli shaxslarga ijobiy yondoshadi, biroq oddiy haydovchilar sug‘urta pullarini undira olmay sarson bo‘lib yuraveradilar.

Ammo Toshkentdagi sug‘urta shirkatlaridan birining ismini aytmagan rasmiysi bu gaplarni inkor qildi. Unga ko‘ra, fuqarolik majburiyatini sug‘urta qildirgan har bir haydovchiga, agar u baxtsiz xodisaga yo‘liqsa, uch ming dollargacha bo‘lgan miqdorda sug‘urta puli to‘lab beriladi.

- Fuqarolik majburiyatini sug‘urta qilish siz tomoningizdan boshqarilayotgan avtomobil boshqa shaxsning avtomobiliga yetkazgan ziyonni to‘lab berish deganidir. Bunga asosan uch ming dollar javobgarlik belgilaganadi. Shu puldan boshqa shaxsning avtomashinasiga yetkazilgan zararning 1050 dollarini to‘lab beramiz, qolgan 1950 dollari esa siz mashnasini turtib yuborgan haydovchining sog‘lig‘iga keltirilgan zararni qoplashga ketadi. Buning uchun GAI zaklyucheniya beradi. Sudda resheniya chiqqanidan keyin, agar aybdor, deb topilsangiz, bizning to‘lovlarni amalga oshirish departamentimiz 15 kun ichida hech qanday to‘siqlarsiz sizga sug‘urta pulini to‘lab beradi, -dedi Toshkentdagi sug‘urta shirkatlaridan birining ismini aytmagan rasmiysi.

Yangi qoida yangi chiqimlarga sabab bo‘ldi

Ayni paytda yangi qoidalar amalga kiritilishi munosabati bilan haydovchilar fosfor yugurtirilgan jilet, dori quti, o‘t o‘chirish balonchasi kabi bir qator buyumlarni sotib olish majburiyatiga ham ega bo‘ldi. Abdurahmon Tashanovning aytishicha, buning uchun u o‘rtacha miqdorda 80 ming so‘m pul sarflagan.

- Yangi sotib olinishi kerak bo‘lgan jihozlarni nazarda tutsak, men o‘zim 80 ming so‘m sarflashimga to‘g‘ri keldi. O‘t o‘chiruvchi balon, dori quti, “stopnik” yo‘l belgisi va egningizga qorong‘ida kiyadigan fosforli jilet. Buning hammasi 80-85 ming atrofida bo‘ladi. Mening olgan narsalarim o‘rtacha narxlarda, albatta buning qimmatroqlari ham bor, -dedi Abdurahmon Tashanov.

Farg‘onalik haydovchi Kamoliddin aka ham yangi yo‘l qoidalariga avtomashinasini moslashtirish uchun 80 ming so‘m sarflaganini aytdi. Unga ko‘ra, hozircha Farg‘onada yo‘l avtomobil nazorati xodimlari yangi qoidalarga amal qilishni qat’iy talab qilmayapti, haydovchilar yangi yo‘l qoidalariga moslashib olishi uchun bir oz vaqt berilgan.

-1 martdan kuchga kirgan qoidalarga amal qilish uchun 15 mingga jilet oldim. Majburiy sug‘urtaga 28 ming to‘ladim. Jami men 70-80 ming atrofida pul sarfladim. Biroq hozircha yangi yo‘l qoidalari qattiq joriy bo‘lgani yo‘q. Hozircha haydovchilar eski qoidalarda belgilangan tezlik va boshqa tartiblarga rioya qilib turishibdi. Ammo GAIlar tomonidan bunga hozircha e’tiroz yo‘q, - dedi Kamolliddin aka.

1 martdan kuchga kirgan yangi qoidalarda avtomashinalarning old qismiga tele va video monitorlarni o‘rnatish, ularni tomosha qilish, avtomashina boshqarayotgan paytda haydovchilarga telefon orqali gaplashish ham taqiqlangan. Bundan tashqari, avtoyo‘lni kesib o‘tayotgan piyodalarga ham mobil telefonlari orqali gaplashish taqiqlanadi.

Haydovchilarga mashinalarga navigator va videoregistratorlarni o‘rnatishga ruxsat berilgan. Yangi qoidalarga ko‘ra, mototsikl va moped haydovchilar kunduz kuni ham chiroqlarni yoqib yurishi lozim bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG