Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:34

"Quloq" bo‘lishni istamagan o‘zbek muhojiri bosim ostida qoldi


FMS va politsiyaga "quloq" bo‘lishni istamagan o‘zbekistonlik muhojir Rossiyaning Kemerovo viloyatidan badarg‘a qilindi. Ikkinchi farzandi tug‘ilishini kutayotgan Rasuljon va Valentina Qahhorovlar Federal migratsiya xizmati idorasi bedodligidan arz-shikoyat qilmagan joyi qolmaganini bildirdi. O‘z hikoyasini Ozodlikka gapirib bergan Rasuljon Qahhorov hozirda Rossiyada noqonuniy holatda mahalliy idoralar bosimi ostida qolayotganini gapirmoqda.

Rossiyaning Kemerovo viloyati Mariinsk shaharchasida 9 yildan buyon yashab, mehnat qilayotgan 31 yashar farg‘onalik Rasuljon Qahhorov qaramog‘ida rossiyalik homilador rafiqasi va 7 yoshdagi o‘g‘ilchasi borligiga qaramasdan mamlakatdan ikkinchi marotaba chiqarib yuborildi.

Rasuljon Ozodlik bilan suhbatda ikki yildan buyon nolegal holatda qolayotganini gapirib berdi.

Rasuljon yangi tug‘ilgan to‘ng‘ich farzandi va rafiqasi bilan
Rasuljon yangi tug‘ilgan to‘ng‘ich farzandi va rafiqasi bilan

- 2006 yilning yarmida shu yerda uylanganman, o‘g‘lim bu yil birinchi sinfga boradi, xotinim to‘qqiz oylik ikkiqat. Xullas, propiskam tugamasdan oldin meni ikkita shtraf qilib qo‘yishib, “Chiqib ket!” deyishdi. Men chiqib ketadigan bo‘lsam tamojnyadan ortga qaytib kiraolmas edim. Shu payt meni ushlab, sudga olib borib, bola-chaqani hisobga olmasdan “vidvorenie” qilib qo‘ydi. Oblastnoyga jaloba qilsak, u yerda o‘zgarishsiz qoldirdi. 2015 yilda Oliy sudga yubordik shikoyat. U yerdan javob kelmasdan meni yana ushlab, sudga xotinimni ham kirgizmasdan, sudlashdi. FMSda “Nega chiqib ketmading?” deb meni kaltaklashdi,- dedi FMS xodimlari do‘q-po‘pisadan ochiqchasiga jismoniy kuch ishlatishga o‘tganini bildirgan o‘zbek muhojiri.

Valentina Qahhorova o‘zbek yigiti bilan 2006 yilning 19 sentyabrida tanishgani, bir yil o‘tib ular turmush qurganini gapiradi.

Hozirda ikkinchi farzandi tug‘ilishini kutayotgan er-xotin murojaat qilmagan joyi qolmaganini aytadi:

- Uni 2015 yilda birinchi marotaba mamlakatdan chiqarib yuborishganda men prokuraturaga bordim. “Hech qanaqasiga yordam bera olmaymiz, UFMSga boring”, deyishdi. FMSdan tashqari shahrimiz meriga bordik va undan FMSga borishimizni bildirdi. Keyin gubernatorimiz Aman Tuleevga murojaat qildik – “Men nima qilib beraman – prokuraturaga boring!”, dedi. Endi ishimiz faqat sudma-sud yurish bo‘lib qoldi. Ammo hamma sudlar biri-birini qo‘llab, bizga rad javobini beryapti. Mariinsk shahar sudyasi Borodina menga qarab “Yaxshi qiz, ishga chiqing. Undan bolang borligi uni bu erda qoldirishga asos bo‘la olmaydi!”, degan edi, dedi Valentina.

Ozodlik bilan suhbatda Rasuljon Rossiya hukumatining bunday jiddiy bosimini mahalliy FMS idorasining undan “qasdi” borligi bilan izohladi.

Rasuljon va Valentina 9 yildan buyon birga
Rasuljon va Valentina 9 yildan buyon birga

Rasuljon iddaosiga ko‘ra, FMS idorasi 2014 yildan buyon uni norasmiy “ma’lumot tashuvchi” yoki soddaroq qilib aytganda “quloq” bo‘lishga majburlab kelmoqda:

- FMS hamma joyga telefon qilib, “O‘zgarishsiz qoldiring”, deb yopayapti. Dokumentlarim to‘g‘riligi paytida “Agar biz bilan sotrudnichat qilsang, dokumentlaringni ham o‘zimiz qilamiz, yaxshi bo‘ladi”, deyishgan edi. Men ularga otkaz qilgan edim. Qaerda nelegal yurgan migrantlar haqida informatsiya berishim kerak ekan. “Men bu yerga bola-chaqa boqaman deb kelganman, unaqa narsaga bormayman”, dedim. Shu otkaz qilgan kunimdan boshlab menga shtraflar kela boshladi. FMSda migrantlar bilan ishlaydigan Yelena Nikolaevna degan pasportist ayol bor – shu taklif qildi, deya iddao qiladi Rasuljon Qahhorov.

Muhojir yigit aynan Mariinsk shahri migratsiya masalalari bo‘yicha FMS bo‘limi xodimlari mahalliy idora va hatto sudlarga bosim o‘tkazib kelayotgani, u murojaat qilayotgan nazorat organlari esa “bu vaziyatda hech qanday yordam bera olmasliklari”ni gapirib kelmoqda, dedi.

Ozodlik Rasuljon va Valentina Qahhorovlar shikoyati bo‘yicha Kemerovo viloyat FMS boshqarmasiga yuborgan so‘rovnomasi o‘rganib chiqilishi va “yaqin orada javob qaytarilishi” va’da qilindi.

Mutaxassislar xorij fuqarosi bo‘lgan oila a’zosini deportatsiya qilish (chiqarib yuborish) Yevropa Konvensiyasining 8- moddasi hamda Rossiya Federatsiyasi Oila Kodeksining 14-moddasi (Oilaviy hayot huquqi) va boshqa qator moddalarining buzilishiga olib kelishini ta’kidlamoqda.

Rossiya fuqarolari bilan oila qurgan, ammo mahalliy migratsiya qoidalari nosozligi bois mamlakatdan chiqarib yuborilgan yoki shunday xavf ostida yashab kelayotgan bir qancha o‘zbekistonliklar to‘g‘risida Ozodlik o‘z efirlarida gapirib kelgan.

Jumladan, 28 yoshli Muzaffar Oltiev Rossiya fuqarosiga uylangani va 2007 yildan buyon qonunlarni buzmasdan Rossiya hududida yashab kelayotganiga qaramasdan chegarachilar tomonidan poytaxtga kiritilmadi va 4 kun Sheremetyevo aeroportida saqlangan edi; 33 yashar farg‘onalik Bahodir Karimovga rossiyalik Tatyana Karimova bilan qonuniy nikohda yashab kelishiga qaramasdan, u oxirgi 10 yil yashab kelayotgan Samarada na qochqinlikka, na vaqtinchalik yashashga ruxsat berildi.

XS
SM
MD
LG