Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:18

Tojikistonda fohishalarga ahloq darslari taklif qilinayapti


Tojikistonda mahalliy hokimiyatlar fohishalik bilan shug‘ullanayotgan ayol-qizlar uchun ahloq darslarini tashkil qilmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, bundan asosiy maqsad ayollarning to‘g‘ri yo‘lga qaytishiga yordam berishdir. Ozodlik muxbirlari qo‘rg‘ontepalik bir ayol misolida bu mavzuni yoritishga urindi.

Marziyaning nima ish bilan shug‘ullanishini uning oila-a’zolari hamda ikki farzandi bilmaydi.

U har kuni kechqurun viloyat poytaxtiga ofitsiant o‘laroq ishlash uchun emas, balki fohishalik qilish uchun boradi.

Ammo, endi u uch haftada bir marta Qo‘rg‘ontepa shahri militsiyasi uyushtirayogan ahloq darslarida ishtirok etmoqda.

Xatlon viloyati hokimiyatining "Oila va ayollar ishlari" bo‘limi etakchisi o‘rinbosari Qumriniso Sangalievaning aytishicha, mazkur darslardan asosiy maqsad “bu ayollar to‘g‘ri yo‘lga qaytishlariga yordam berishdir”.

Bunday darslar Tojikistonda ilk marotaba uyushtirilmoqda. Birinchi dars aprel oyi boshida o‘tkazildi.

Tojikistonda fohishalik mayda qonunbuzarlik hisoblanadi va bu ish bilan shug‘ullanganlar jarimaga tortiladi, xolos. Qayta-qayta fohishalik qilganlar esa qo‘lga olinishi mumkin.

Ozodlik radiosi xodimlari ilk ahloq darsida kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. Darsga mahalliy militsiya fohishalik qilishda ayblagan ayollar jalb qilindi.

Darsda so‘zga chiqish uchun shifokor, militsiya xodimlari hamda mahalliy etakchilar taklif qilindi. Ular odob-axloq haqida so‘zlashdi hamda ayollarga boshqa ish topish haqida maslahat berishdi.

Militsiya xodimlari fohishalar duch keladigan xavf-xatarga, jumladan, odam savdosi qurboni bo‘lish xavfiga urg‘u berishdi. Shifokor esa tanosil kasalliklarni oldini olish va ularni davolash haqida so‘zladi.

Sangalieva bunday darslar ayollarni bu ishni tashlashga chorlash uchun yetarli emasligini tan oladi. Ammo, u ishtirokchilar rasmiylarning ularga yordam berishga tayyor ekanini bilishlarini xohlaydi. Uning aytishicha, rasmiylar bu ayollar boshqa ish topishlarida yordam berish uchun turli kurslarni uyushtirib berish niyatida.

Ilk dars yakuniga etganidan keyin Sangalieva ayrim ayollar yangi ish boshlash taklifga rozi bo‘lgani, boshqalari esa rozi bo‘lmaganini aytdi.

Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tgan yilning noyabr oyida fohishalar orasida o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 80 foizdan oshig‘i moddiy sabablarga ko‘ra bu yo‘lga o‘tganini aytgan. So‘rovda qatnashganlar ish topilsa, fohishalikni tashlashini bildirgan.

Ishsizlik Tojikistonda katta muammo bo‘lib, mamlakatning 1,2 million fuqarosi xorijga, asosan, Rossiyaga mehnat muhojirligiga boradi.

Tojikistonda fohishalik bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning soni haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Xatlon viloyatida o‘tkazilgan reydlar davomida 70 ga yaqin ayol-qiz qayd etilgan. Ammo rasmiylar bu ko‘rsatkich aslida bundan ancha yuqori ekaniga ishonadi.

XS
SM
MD
LG